Informatika o’qituvchisining pedagogik faoliyatiga qo’yiladigan talablar. V.A.Krasilnikova jamiyatni axborotlashtirish, axborotlashgan madaniyatli yoshlarni tarbiyalashda informatika o‘qituvchisiga qo‘yilgan talablarni quyidagicha keltiradi [50].
umummadaniy tayyorgarlik: o‘zini-o‘zi qayta tayyorlash va rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoji, jamiyatni madaniy rivojlanish sharoitida pedagogik faoliyatga va hayotga, ijodiy faollikka tayyorligi, telekommunikatsiya va global axborot resurslaridan foydalanish ko‘nikmalarini egallaganligi, kommunikativ jarayonni rejalashtirilgan holda tashkil eta olishi.
pedagogik faoliyat sohasida: noaniqlik sharoitlarida shaxsiy va kasbiy muammolarni axborot - kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib yechishga tayyorligi, pedagogik faoliyat natijalarini tahlil eta olishi, to‘g‘rilashi, o‘zini-o‘zi nazorat qilishi, ilmiy-pedagogik faoliyatlarni olib borish qobiliyatlarining mavjudligi.
Pedagogik va axborot texnologiyalari integratsiyasida zamonaviy o‘qituvchi pedagogik faoliyatiga qo‘yilgan talablar pedagogik va psixologik adabiyotlarda o’z aksini topib, bizning fikrimizcha ularga [42]:
O‘qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi, fan, texnika, pedagogik va axborot texnologiyalari yangiliklari va yutuqlaridan xabardor bo‘lib, bu borada o‘quvchilarga to‘g‘ri, asosli ma’lumotlarni bera olishi lozim.
Pedagogika, psixologiya va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mukammal, chuqur, puxta bilimga ega bo‘lishi, o‘z ustida tinimsiz izlanishi, tarbiya jarayonida o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘quv faoliyatini tashkil etishi lozim.
Yuksak darajadagi pedagogik mahorat, chunonchi kommunikativlik layoqati, pedagogik texnika (nutq, yuz, qo‘l — oyoq va gavda harakatlari, mimika, pantomimika, jest) qoidalari chuqur o‘zlashtirib olishga erishishi;
Ijodkor, tashabbuskor va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lishi, shaxsiy hayotda pok, kiyinish madaniyati, o‘zini tushishi bilan atrofdagilarga o‘rnak bo‘la olishi;
Pedagogik faoliyatni tashkil etishda, ta’lim — tarbiya jarayonida eng samarali shakl, metod va vositalardan, pedagogik va axborot texnologiyalari, ularning integratsiyasi imkoniyatlaridan unumli foydalana olish, ijodkorlik, tadqiqotchilik imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i lozim.
Pedagogik va axborot texnologiyalari integratsiyasida informatika o‘qituvchisining pedagogik faoliyatiga quyidagilarni kiritamiz [42,54]:
ta’limda zamonaviy kompyuterlar va pedagogik texnologiyalarning funksional va didaktik imkoniyatlarini bilishi va qo‘llay olishi;
tayyor dasturiy vositalardan foydalanib kompyuterli ta’lim vositalarini tayyorlashning, unda pedagogik texnologiya elementlarini kiritishning nazariy va didaktik talablari va tamoyillaridan foydalanishi;
har xil o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishda taqdim etiladigan pedagogik texnologiya va elektron ta’lim vositalarining talablari va tasniflash usullarini bilishi;
pedagogik va axborot texnologiyalari yordamida mashg‘ulotlarni tashkil etishda pedagogik va ergonomik talablarni hisobga olishi;
ta’lim muassasasida pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanib o‘quv jarayonini boshqarishning avtomatlashtirish imkoniyatlari va boshqalarni bilishi zarur. Shuningdek,
o‘quvchilar bilim darajasini hisobga olib pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanib dars o‘tish loyihasini yaratish;
mashg‘ulotlarda va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda pedagogik va axborot texnologiyalari(elektron seminar, elektron pochta, dasturiy vositalar, elektron ta’lim resurslari, muammoli ta’lim, modulli o‘qitish, o‘yinli texnologiyalar, interfaol metodlar va boshqa ta’lim texnologiyalari imkoniyatlari)dan foydanishib tashkil etishni
informatika xonasini mashhulot o‘tishga (kerakli elektron ta’lim resurslarini, pedagogik texnologiyada qo‘llaniladigan ko‘rgazmali, tarqatma materiallarni ) tayyorlab qo‘yishlarni bajara olishi, hamda:
mashg‘ulotda qo‘yilgan maqsadga muvofiq 2-4 ta interfaol metodlardan axborot texnologiyalari bazasida elektron ta’lim resurslaridan foydalanish;
elektron ta’lim vositalarini yaratish, mavjud pedagogik texnologiya elementlarini o‘qitiladigan fanga moslab qo‘llash, kerak bo‘lganda ijodiy o‘zgarishlar qilish tajribalariga ega bo‘lishi kerak.
Hozirgi kunda “Innovatsiya” atamasining ta’rifini turlicha talqin etishmoqda. Innovatsiya-bu pedagogik haqiqatning mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarning shunday mazmuniki, u ta’lim va tarbiyaning avvaldan ma’lum bo‘lmagan, avvaldan uchramagan holat, natija, rivojlanadigan nazariyasi va amaliyotiga olib keladi. Bu holat pedagogikada to‘lig‘incha, shuningdek, uning alohida tashkil etuvchilariga ham tegishli bo‘lishi mumkin (N.R.Yusufbekova).
R.N.Yusufbekova pedagogik yangilikka o‘qitish va tarbiya berishda avval ma’lum bo‘lmagan va avval qayd qilinmagan holat, natija, rivojlanib boruvchi nazariya va amaliyotga eltuvchi pedagogik voqelikning o‘zgarib turishi mumkin bo‘lgan mazmuni sifatida qaraydi.
V.I.Zagvyazinskiy «yangi» tushunchasiga ta’rif berib, pedagogikadagi «yangi» faqatgina bu g‘oya emas, balki hali foydalanilmagan yondashuvlar, metodlar, texnologiyalar ekanligini ta’kidlaydi M.M.Potashnikning innovatsiya jarayonlari talqinlari ham e’tiborga molikdir. U innovatsiya jarayonining quyidagi tuzilmasini beradi [93]:
faoliyat tuzilmasi-motiv-maqsad-vazifa-mazmun-shakl-metodlar-metodika komponentlari yig‘indisi;
subyektiv tuzilma-innovatsion faoliyat subyektlarining xalqaro, mintaqaviy, tuman, shahar va boshqa sathlari;
mazmun tuzilmasi – o‘quv-tarbiyaviy ishlar, boshqaruv(va b.)da yangilikning paydo bo‘lishi, ishlab chiqilishi va o‘zlashtirilishi;
bosqichlikka asoslangan hayotiy davriylik tuzilmasi-yangilikning paydo bo‘lishi-ildam-o‘sish-yetuklik-o‘zlashtirish-diffuziya (singib ketish, tarqalish) – zamonaviylashtirish;
boshqaruv tuzilmasi – boshqaruv harakatlarining 4ta turining o‘zaro aloqasi: rejalashtirish, tashkil etish, rahbarlik qilish, nazorat qilish:
tashkiliy tuzilma – diagnostikalash, oldindan ko‘ra bilish, sof tashkiliy, amaliy, umumlashtiruvchi, tatbiq etuvchi.
A.Abduqodirov va A.Pardayevlar o‘z qarashlarida innovatsiyaning to‘rtta asosiy elementlari mavjudligini ko‘rsatib berganlar. Ular: kreativlik (g‘oyalarni yangilari bilan almashtirib turish), strategiya (ushbu g‘oyaning jamoa faoliyatini muvofaqiyatli rivojlantirish nuqtai nazaridan yangi va foydali ekanligini aniqlash), amalga oshirish(yangi va foydali g‘oyadan uni aniq mahsulot va xizmat ko‘rinishiga o‘tishini ta’minlash) va natijaviyligi (yangi g‘oyani amalga oshirish tufayli olingan mahsulot va xizmatlarning qiymati keskin ko‘tarilishi yoki pasayishi mumkin) [5].
Pedagogikada absolyut(mutloq) yangilik yo‘q, nisbiy yangilik(mahalliy, xususiy, shartli: amalga qo‘llanilayotganlarga ba’zi o‘zgarishlarni kiritish) va psevdoyangilik(yuzaki, mayda-chuyda ixtirochilik) bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib informatika o‘qituvchisi o‘z innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun [42]:
g‘oya va fikrlarning xilma-xilligi va o‘zgarib turuvchanligiga;
yangilikni tez qabul qila olish (perseptiv qobiliyat);
ijodkorlik qobiliyati(kreativlik)ga;
o‘z-o‘zini tahlil qilishi va obyektiv baholash (refleksiflik)ga;
bag‘ri kenglik, qarama-qarshilikni adolatli bartaraf eta olishga (tolerantlik);
o‘z emotsional holatini boshqarish (rahbar, o‘quvchi, ota-onalarga nisbatan), samimiylik, boshqalarga hamdardlikka (empatiya);
yangilikni amalga oshirib, o‘z xulosa va qarorlarini chiqara olish kabi qobiliyatlarga ega bo‘lishi lozim.
Tadqiqotlardan shuni aytishimiz mumkinki uzluksiz ta’lim tizimida informatika o‘qituvchilarining innovatsiyaga munosabat bo‘yicha pedagoglarni besh guruhga bo‘lish mumkin ekan:
1-guruh: novatorlar doimo yangilikni novatorlik ruhi bilan qarshi oladilar, jasorat bilan uni qo‘llaydilar va boshqalarga ham tarqatadilar;
2-guruh: liderlar(ilg‘orlar) yangilikni qabul qilish va qo‘llashda oldinda yuradiganlar va o‘zlari istab qo‘llaydiganlar;
3-guruh: o‘rtalikdagilar, birinchi bo‘lishni ham, oxirida qolishni ham istamaydiganlar, yangilikni ko‘pchilik qo‘llaganidan keyingina qo‘llovchilar.
4-guruh: oxiridan bitta oldingilar, yangilik haqida butun jamoatchilik fikrini bilib, yangi bilan eskini o‘rtasida turib, gumonsirab, ikkilanib yangilikni qo‘llaydiganlar.
5-guruh: oxirgilar, eskilikka o‘ta bog‘lanib qolgan, yangilikni hammadan keyin qo‘llashga qaror qiladigan pedagoglar.
Innovatsion pedagogik texnologiyalar aynan ta’lim-tarbiya jarayonida talabaga muayyan fan (mavzu) bo‘yicha bilim berish va shaxsini shakllantirishga qaratilgan o‘qitishning zamonaviy usullari, texnologiyalari va vositalari majmuidir [50, 54].
Yuqorida keltirilgan besh guruhga mansub pedagoglar innovatsion pedagogik texnologiyalarni ta’lim va tarbiya jarayoniga olib kirish uchun aynan o‘z munosabatlari bo‘yicha harakat qiladilar va munosabatga mos natija oladilar.
Bizning vazifamiz bo‘lajak informatika o‘qituvchilarini tayyorlashda ularni oxirgilar, oxirgidan bitta oldindagilar yoki o‘rtalikdagilar qilib emas, ta’lim-tarbiya jarayonida innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etishda liderlar va novatorlar qilib tarbiyalashimiz kerak. Liderlik va novatorlikning muhim jihatlari, ta’lim-tarbiyaning rivojlanishdagi o‘rnini ko‘rsatib berishimiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |