Kasallikka ta’sir etuvchi ekologik faktorlar. Alternarioz ingichka tolali g‘o‘za navlarida O‘zbekistonda Surxondaryo viloyati, Tojikistonda Vaxsh va Hisor vodiylari va Turkmanistonda Mari viloyatida keng tarqalgan va kuchli rivojlanadi, o‘rta tolali navlarda barcha mintaqalarda uchraydi, ammo rivojlanish darajasi ancha pastroq. Kuzatuvlar ko‘rsatishicha, Alternaria macrospora uchun qulay harorat 24-28 °С, kardinal haroratlar esa 15-33 °С yoki 4-38 °С ni tashkil etadi; nihollar zararlanishi uchun esa optimum sifatida 12,6-16,6 °С dan 20-25 °С gacha ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, g‘o‘za zararlanishi uchun 41-62 foiz (Djamalov, 1973) yoki 60-65 foiz (Kozlova, 1968) namlik qulay sharoit hisobida ko‘rsatilishi xaqiqatdan juda uzoq. Issiqxona sharoitida o‘tkazilgan Alternaria macrospora bilan sun’iy zararlash tajribalaridan ma’lum bo‘lishicha, urug‘barg chinbargga nisbatan 5,5-8,9 marta kuchliroq zararlanadi. Urug‘barg kasallikka moyilligi unib chiqqandan boshlab 20 kungacha oshib boradi, so‘ngra pasayadi; chin barg moyilligi ham vaqt o‘tishi bilan pasayadi. Urug‘barg zararlanishi uchun 22-30 °С harorat va 100 foiz nisbiy namlik sharoitida 4 soat yetarli, 100 foiz zararlanishi uchun esa 25 °С da 9 soat namlik, 10 °С va 30 °С da - 20 soat namlik saqlanishi lozim; chinbarglar 20 foiz zararlanishi uchun optimal harorat (20-25 °С)da 100 foiz namlik sharoiti 20 soat kuzatilishi zarur. Alternarioz alomatlari 2 kundan so‘ng namoyon bo‘lishini ta’minlash uchun urug‘barglarni 10°S va 30 °С orasida, chin barglarni esa faqat 20 °С da sun’iy zararlash kerakligi isbotlangan (Bashi va b.q., 1983).
Kasallik g‘o‘zada rivojlanishi ob-havo sharoitlari bilan chambarchas bog‘liq va Markaziy Osiyoda 2 «to‘lqindan» - bahor-erta yozgi va yoz oxiri-kuzgi to‘lqinlardan iborat. Birinchi to‘lqin O‘zbekistonda may boshlarida, Tojikistonda aprel oyida urug‘bargda kuzatiladi. So‘ngra kasallik chinbarg va boshqa organlarga tarqaladi. Yozda havo 35-40 °С gacha isishi va namlik 40-50 foizgacha pasayishi kasallik namoyon bo‘lishini butunlay to‘xtatadi. Ikkinchi to‘lqin harorat pasayganda (iyul o‘rtasi-avgustning birinchi yarmida) qaytadan boshlanadi va mavsum so‘nggigacha rivojlanadi (Kozlova, 1968; Rasulev, Djamalov, 1971). Misol uchun, Surxondaryo viloyat qishloq xo‘jaligi tajriba stansiyasida o‘tkazilgan kuzatuvlarda (1968-1969 y.), alternarioz g‘o‘zaning С-6002 navida 5 mayda urug‘bargda boshlangan, 25 mayda kasal nihollar soni 36,3 foizga yetgan, so‘ngra issiq ob-havo tufayli, rivojlanishi to‘xtagan. Ikkinchi to‘lqin iyun oyida kuzatilgan va ob-havo sharoitlari bilan bog‘liq holda, sentabr oxiri-oktabr o‘rtalarida barglar 60-80 foiz, ko‘saklar 20-30 foizga zararlangan (Rasulev, Djamalov, 1971). Tojikistonda g‘o‘za kuchliroq (misol uchun may oxirida urug‘barg 82-100 foizgacha) zararlanadi (Kozlova, 1968; Djamalov, 1973).
Alternariozning inkubatsion (yashirin) davri ingichka va o‘rta tolali g‘o‘za navlarida 3-5 kun, o‘tsimon g‘o‘zada 10-16 kun, daraxtsimon g‘o‘zada esa 16 kundan ko‘proq (Karimov, 1976). Boshqa xabarlarga ko‘ra, bu davr shonalash fazasigacha 4-9, so‘ngra esa 16 kunga yetadi (Kozlova, 1968). Yashirin davr Toshkent-1 navida 2-4 kun, g‘o‘za o‘sishining ertagi fazalarida (may) 3-4, so‘ngra (iyul-avgust) 10-15 kunni tashkil qiladi. Parazit uchun juda qulay sharoitda inkubatsion davr 2 kunga teng (Bashi va b.q., 1983).
G‘o‘za tuplarining zich joylashganligi, hasharot, kana va begona o‘tlar bilan zararlanganligi alternarioz kuchayishiga sabab bo‘lishi aniqlangan (Blenk, 1956; Igamberdiyev, Djamalov, 1971, Peresipkin, 1987; Peresipkin va b.q., 1990).
Do'stlaringiz bilan baham: |