Ko‘sak ichki yopishqoqligi. Ochilmagan ko‘sak zararlanadi. Kasallik hasharotlar, asosan beda qandalasi (Adelpbocoris lineolatus) ko‘sakni shikastlaganda paydo bo‘ladigan teshikchalardan kiradigan mikroorganizmlar (aktinomitset, bakteriya va achitqi zamburug‘lari) tomonidan qo‘zg‘atiladi. Tola yemiriladi, chiriydi, sarg‘ish-qo‘ng‘ir yoki to‘q-qo‘ng‘ir shilimshiq massaga aylanadi, chigit chiriydi, chanoq xunuk shakl oladi. Kasallik O‘zbekistonda keng tarqalgan (Karimov, 1976; Rasulev, 1981; Peresipkin, 1987; Peresipkin va b.q., 1990).
Boshqa mamlakatlarda kasallikni Nematospora turkumiga oid achitqi zamburug‘larning 3 turi (N.coruli AQShda, N.gossypi AQSH va tropik Afrikada, N.nagpur Hindistonda) qo‘zg‘atishi isbotlangan va yana 2 turi (Spermohthora gossypii, Eremotbecium cymbalariae) sababchi bo‘lishi ehtimol qilingan. Nematospora turlari ko‘sak ichiga tolani rangli qiluvchi qizil qandalalar (Desdercus sp. va Nezaria sp.) yordamida kirib, rivojlanayotgan tolani o‘rab turgan qand moddasini parchalaydi va tolani shilimshiqqa aylantiradi (Pinckard va b.q., 1981).
Aspergillyoz. Qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ Aspergillus niger ko‘sakka hasharotlar (ko‘sak qurti va b.q.) paydo qilgan teshikchalar orqali kiradi. Yosh ko‘saklar och sarg‘ish tus oladi, tola kulrang, chigit esa shilimshiq massaga aylanadi. 30-40 kunlik ko‘saklarda och-pushti dog‘ paydo bo‘ladi va asta-sekin butun ko‘sakni qoplaydi, ko‘sak quriydi, qo‘ng‘ir tus oladi, tola po‘k massaga aylanadi (Karimov, 1976; Peresipkin, 1987; Peresipkin va b.q., 1990).
AQSH va ba’zi boshqa mamlakatlarda kasallikning Aspergillus flavus zamburug‘i qo‘zg‘atadi. Bu kasallikning hosilni pasaytirishdan tashqari eng xavfli tomoni - zamburug‘ chigitda issiqqonli hayvonlar va inson jigarida rak kasalligi qo‘zg‘atuvchi konserogen birikma - aflotoksin - hosil qilishidir. Zamburug‘ - quvvatsiz patogen bo‘lib, sog‘lom ko‘sakni zararlay olmaydi, faqat ko‘sak ochilganda shamol bilan yoki ochilmagan ko‘sakka kemiruvchi hasharotlar (ko‘sak qurti va b.q.) paydo qilgan teshiklar orqali kiradi, ko‘sak, tola va chigitda 20-45 °С, eng qulay 30-40 °S harorat va 15 foizdan baland namlikda tez ko‘payadi, ko‘sak chiriydi, to‘q-sariq-yashil dog‘lar bilan qoplanadi, tola sariq tus oladi, sifati pasayadi, chigitning sifati va yashovchanligi pasayadi, ichida va qobig‘ida aflotoksin yig‘iladi. Zararlangan chigit «kal» bo‘lib qoladi, ustidagi tuklar butunlay yoki ba’zi joylarda tushib ketadi. Aflotoksin bilan zararlangan chigit ultrabinafsha (365 nm) nurda yashil fluoressensiya beradi. Molga berishdan oldin bunday chigit va chigit uni ammoniy bilan ishlov berib zararsizlantiriladi. Aflotoksin chigit yog‘iga o‘tmaydi (chigit unida qoladi) (Pinckard va b.q., 1981). Aflotoksin hosil kiluvchi zamburug‘ dunyoning barcha joylarida tarqalgan, ammo O‘zbekistonda ko‘sakni zararlashi haqida xabar berilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |