KIRISH SO’ZI
Hozirgi davr tibbiyotining asosiy e’tibori sog’lom turmush tarzini targ’ibot qilish, sog’lom avlodni tarbiyalash va kasalliklarni oldini olishga qaratilgan. Taraqqiy etgan mamlakatlarda uzoq, to’laqonli umr ko’rishning yagona yo’li sog’lom turmush tarzi ekanligi isbotlangan. Odatda, qarilik haqida so’z ketganda, beixtiyor xayolga ojizlik, qaramlik, kasallik holati keladi. Yo’q, qarilik – kasallik emas, komillik pallasi.
Qarilik - umrning eng mazmunli, serhosil fasli. Insonning umr davomida yig’ilgan yashirin imkoniyatlari yoshi ulg’ayganda ochilib, aqli to’lishib teran fikrlaydi, kashfiyotlar qiladi. Qarilikdan qo’rqishmas, hayot davomida orttirgan tajribaga tayanib, aqlu shijoat bilan ishlash va yashash lozim.
Insonning qarish jarayonini o'rganishdan maqsad keksayish paytida sog'lom turmush kechirish, o'zini o'zi mustaqil parvarish qilish, kasalliklarning oldini olishga erishishdan iborat. Keksa yoshdagi odamlarda kasalliklarning kechish jarayoni ularning yoshi va ruhiy holatga bog’liq. Ular bilan ana shu jihatni hisobga olib muloqot qilish, ularni parvarishlash sog’liqni saqlash tizimining muammolaridan biri. Shuning uchun tibbiyotda "Gerontologiyada hamshiralik ishi" faniga katta e’tibor berilmoqda.
Biz keng ko'lamli sog'lomlashtirish, sog'liqni tiklash, kasalliklarning oldini olish vazifasiga tayyor, tibbiy yordam bera oluvchi, har qanday holatlarda bemor yoki sog'lom odam bilan professional muloqotga kirisha oladigan o'z kasbining mohir ustasi, oliy malumotli hamshiralarni tayyorlash vazifasini oldimizga qo'yar ekanmiz, ularni inson salomatligi yo'lida, sog'ligini tiklash va saqlashda yordam ko'rsata oladigan yaxlit jamoaning teng huquqli a'zosi etib tarbiyalashimiz lozim. Bu jahon andazalari talabidir.
Shunday qilib, "Gerontologiyada xamshiralik ishi" fani - yoshga aloqador bo'lgan fiziologik o'zgarishlar va rivojlanayotgan patologik o'zgarishlar o'rtasidagi boq'liqlikni va shu bilan birga organizmni qarish sabablari, mexanizmi hamda qariyotgan organizmni fiziologik jihatdan o'ziga xos tomonlarini o'rganadigan fan. "Gerontologiyada hamshiralik ishi" faninig maqsadi - hamshiralik ishi bo'yicha bakalavrlarni tayorlashda, ularga geriatrik pasientlarning ichki organlarining turli kasalliklarida sifatli tibbiy yordam ko'rsata bilishni o'rgatish. Geriatrik pasientlarni davolash va parvarishlashda oliy malumotli hamshiralarning tutgan o'rni va vazifalarini o'rganishdir. Shu bilan birga keksa va qariya yoshidagi pasientlar bilan ishlashda o'ziga xos tomonlarini inobatga olishdan iboratdir. Qariyalar bilan muloqot o'rnatishni, ularni parvarishlash jarayonini, turli kasalliklarda geriatrik pasientlarga hamshiralik jarayoni asosida yondoshishni, reabilitasiya chora tadbirlarini bilishga o'rgatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |