3. 1875 YILGI KONSTITUTSIYA.
1875 yil Konstitutsiyasi 1940 yilgacha, Fransiya Germaniya fashistlari tomonidan bosib olingunga qadar kuchda bo‘ldi. Ushbu konstitutsiyada “respublika” so‘zida faqat bir marta,deputat Vallonning kiritgan tuzatishda uchraydi. Aslida bu yagona konstitutsiya bo‘lmay, konstitutsiyaviy qonunlar bo‘lib, ular organik qonunlar deb atalgan. Organik (tarkibiy) qonunlar sirasiga davlat hokimiyati muassasalarini tashkil qilish va faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar: 1875 yil 24 fevralda qabul qilingan “Senatni tashkil qilish to‘g‘risidagi Qonun”, 1875 yil 25 fevralda qabul qilingan “Davlat hokimiyatini tashkil qilish to‘g‘risidagi Qonun” va 1875 yil 16 iyulda qabul qilingan “Davlat hokimiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar to‘g‘risidagi Qonun” kirgan. Har uchala qonunda bor-yo‘g‘i 34 modda bo‘lib, davlatning konstitutsiyaviy tuzilish masalalari joriy qonunchilik asosida tartibga solinardi.
Konstitutsiyaga ko‘ra Fransiya respublikasida qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatadan iborat Milliy majlisga berildi. Parlamentning quyi palatasi deputatlar palatasi deb, yuqori palatasi esa Senat deb ataldi. Deputatlar palatasi to‘rt yil muddatga umumiy saylov huquqi asosida saylangan. Dastlab deputatlarni saylash okruglarda amalga oshirilardi. 1885 yildan 1887 yilgacha saylov departamentlar bo‘lib o‘tdi. 1887 yili deputatlari saylov okruglari bo‘yicha saylash tartibiga qaytildi.
Deputatlar palatasi 600 ga yaqin a’zodan iborat bo‘lib, 21 yoshga to‘lgan fuqarolar tomonidan saylanardi. Ayollar, harbiylar va mustamlakalar aholisi saylov huquqidan mahrum edi. Shu bilan birga 1875 yilgi Konstitutsiya muqim yashash senzini kiritgan edi. Saylov huquqiga ega bo‘lgan fuqaro bir joyda yarim yil muqim yashayotgan bo‘lishi shart edi. Fransiyaning o‘sha davrdagi aholisi 40 millionga yaqin bo‘lib, yosh va muqim yashash senzi sababli 12 million kishigina saylov huquqini oldi.
Konstitutsiya quyi palata deputatlarining dahlsizligini hamda ularning hukumatga ichki va tashqi siyosat bo‘yicha barcha masalalar yuzasidan rasmiy talab - interpellyasiyalar yuborish huquqini, barcha qonunlarni mumhokama va qabul qilishda moliyaviy masalalar bo‘yicha alohida ustivorlikka ega bo‘lish huquqini ta’minladi. Chunonchi, deputatlar palatasi har qanday moliyaviy qonun loyihasining har bir moddasini ko‘rib ch iqish va muhokama shqilish huquqiga ega bo‘ldi. Senat esa barcha moliyaviy qonun loyihalarini yaxlit ko‘rib chiqardi.
Fransuz parlamentining yuqori palatasi - Semantga 40 yoshga to‘lgan va undan katta yoshdagi fuqarolar 9 yilga saylanardi. Biroq Senatning uchdan bir qismi har uch yilda qayta saylanib turilardi. 300 senatordan iborat yuqori palataning 75 a’zosi Senat tomonidan ushbu lavozimga umrbod muddatga saylanardi. Qolgan 225 senator esa departamentlardagi saylovchilarning maxsus kollegiyasi tomonidan saylanardi. Ushbu maxsus kollegiyaga parlamentning shu departamentdan saylangan deputatlar. okrug va bosh kengash a’zolari, har bir jamoadan bittadan saylangan munitsigalitet kengashlari delegatlari ham kiradi. Keyinroq yirik jamoalardan saylanuvchi deputatlar soni ko‘paytirilib, 75 senatorning umrbod muddatga saylanishi tugatildi.
Senat deputatlar palatasida dastlabki muhokama bosqichdan o‘tgan har qinday qonun loyihasini tasdiqlash yoki bekor qilish huquqiga ega edi. Moliyaviy qonun loyihalarigina istisno qilinardi, chunki yuqorida ko‘rsatib o‘tganimizdek, moliyaviy qonunlarni muhokama va qabul qilish deputatlar palatasining vakolatlari doirasiga kirardi. Senatni hech kim tarqatib yubora olmasdi, uning o‘zi esa deputatlar palatasini tarqatib yuborish yoki yubormaslik to‘g‘risida rozilik berish huquqiga ega edi.
Ijroiya hokimiyati Respublika prezidentiga berilgan edi. Prezidentning huquq va vakolatlari 1871, 1873 va 1875 yilgi qonunlar bilan belgilangan edi. Respublika Prezidenti Milliy majlis tomonidan etti yil muddatga saylanar hamda qayta saylanish huquqiga ega edi. Prezident keng vakolatlarga ega bo‘lib, avf e’lon qilish, farmonlar chiqarish, barcha muhim davlat lavozimlarini bo‘shatish yoki tasdiqlash, Fransiyaning manfaatlarini horijda ifodalash, Milliy majlisning roziligi bilan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish, deputatlar palatasini tarqatib yuborish, Shuningdek deputatlar palatasi sessiyasini Milliy majlis roziligi muddatidan ilgari chiqarish yoki kechiktirish huquqiga ega edi. Shuni aytish joizki, prezident o‘zining so‘nggi ikki-uch vakolatidan qariyib foydalanmadi, chunki deputatlar palata sini tarqatib yuborishga Senatning roziligini olish juda murakkab mish edi. Shu hol Fransiyada ministrlar kabinetining tez- tez almashib turishini ma’lum darajada izohlaydi, chunki vakolatlar muddati tugamagan deputatlar palatasini tarqatib yuborish murakkabligi sababli ministrlar kabinetining o‘zi iste’foga chiqishga majbur bo‘lardi.
Prezident har ikkala palataning roziligisiz urush e’lon qila olmas va sulh tuza olmas edi. U har ikkala palata singari qonun loyihasini ilgari surish huquqiga ega bo‘lib, hukumat tuzish va bosh ministrni tayinlash huquqini ham olgan edi. Bosh ministr va ministrlar aksariyat hollarda Prezidentga buysunardilar, biroq parlament oldida mas’ul va hisobdor edilar. Ministrlar hukumat siyosati uchun birgalikda javobgar bo‘lib, ularning har bir o‘z hatti-harakatlari uchun o‘zlari javob berardilar.
Shu tariqa 1875 yilgi konstitutsiyaviy qonunlar mamlakatning respublika tuzumini yuridik (huquqiy) jihatdan rasmiylashtirdi.
1875 yil 31 dekabr Milliy majlis tarqatib yuborildi. Shu munosabat bilan parlamentga yangi saylovlar tayinlandi. 1876 yil 15 mart kuni deputatlar palaltasiga o‘tkazilgan saylovlar mamlakatda monarxiyachilar ta’siri susayganligini ko‘rsatdi. Har uchala monarxiyachi guruh palatada 160 o‘ringa ega bo‘ldi, respublikachilar esa 350 dan ziyod deputatlik o‘rinlarini egallashdi.
XULOSA
O‘zbekiston Respublikasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturida insonni intellektual va ma’naviy-axloqiy tarbiyalash bilan uzviy bog‘langan uzluksiz ta’lim tizimi orqali har tomonlama barkamol shaxsni shakllantirish nazarda tutilgan. Ta’lim sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan istiqbolli dasturlarning yaratilishi va amalda tatbiq etilishi natijasida ta’lim jarayoni ko‘proq o‘quvchi shaxsiga yo‘naltirilmoqda. Bu esa, mustaqil fikrlovchi, ijodkor, milliy g‘oyalarga sodiq va yuksak kasb mahoratiga ega bo‘lgan fuqaroni shakllantirish sohasidagi pedagogik intilishlarning asosini tashkil etadi. Buning uchun o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini takomillashtirish va kafolatlangan natijaga erishishni ta’minlash lozim.
Bugungi kunda “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart!” degan hayotiy da’vat har birimizning, ota-onalar va keng jamoatchilikning ongi va qalbidan mustahkam o‘rin egallagan.1
Fransiyaning 1870-1880 yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini o‘rganish, siyosiy rivojlanishi bilan bog‘liq jarayonlarni tadqiq qilishda qanday fikrlarga, xulosalarga kelish mumkin:
birinchidan, Fransiyada monarxiyani tiklashga urinish monarxiyachilarning mag‘lubiyati bilan tugadi. Legitimchilar, orleanchilar va bonapartchilar respublikachilarga g‘alabani boy berib, Fransiyada qirol hokimiyatini o‘rnatish maqsadlari amalga oshmasligini ochiq-oydin tushunib etishdi;
ikkinchidan, yirik burjuaziya va burjualashgan yirik zamindorlar hamda siyosiy nuqtai nazarlari o‘zgargan dehqonlar, ijtimoiy va siyosiy faolligi yanada oshgan ishchilar, hunarmandlar, shahar aholisining boshqa qatlamlari ham keskin ichki siyosiy kurashlar ketayotgan davrda respublika idora usulidan boshqa tuzum Fransiya uchun ma’qul kelmasligiga amin bo‘ldilar;
uchinchidan, Fransiyada Respublika idora usuli tantana qilishiga 1872 yilgi harbiy islohotdan so‘ng armiyada ro‘y bergan o‘zgarishlar ta’sir ko‘rsatmay qolmadi, chunki umumiy harbiy majburiyat joriy qilingandan so‘ng armiyaga demokratik kayfiyatda bo‘lgan shaxslar, respublikachilarga xayrihoh bo‘lgan ofitserlar kelib qo‘shildi;
to‘rtinchidan, 1875 yili qabul qilingan Konstitutsiya Fransiyada respublika tuzumini huquqiy jihatdan mustahkamladi, hokimiyatlarni ajratib, prezidentlik amaliyotini yo‘lga qo‘ydi;
beshinchidan, ishchilar va dehqonlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, milliy o‘z-o‘zini anglash jarayoni jadallashdi, natijada iqtisodiy talablarni olg‘a surib o‘tkazilgan ish tashlashlarda asta-sekin siyosiy talablar bilan ham chiqishlar boshlandi, shtreykbrexerlarga qarshi kurash jonlandi;
oltinchidan, mo‘‘tadil respublikachilar ichki va tashqi siyosatini radikal respublikachilar tomonidan keskin tanqid qilinishi siyosiy kurashning yangi bosqichi boshlanganligini anglatdi. Birinchi va ikkinchi respublikalar davrida hokimiyat tepasida turgan va muholifatdagi siyosiy guruhlar kurashi uchinchi respublika davridagi keskinlik va qizg‘in pallalarni boshidan o‘tkazishmagan. XIX asrning 70-80 yillardagi, ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikdagi siyosiy kurash ministrlar kabinetini tez-tez almashib turishiga sabab bo‘ldi;
ettinchidan, maorif, iqtisodiyot va harbiy sohaga oid sohaga oid qabul qilingan qonunlar va o‘tkazilgan islohotlar Fransiyadagi siyosiy-diniy va harbiy qatlamlardagi kayfiyatlarni respublika davlat tuzumi sifatida mustahkamlanishiga yo‘naltirdi. 1882, 1885, 1889 yilgi hamda 1892 yilgi maorifga oid qonunlar davlat va cherkov o‘rtasidagi munosabatlarda “tub burilish” yasadi;
sakkizinchidan, 1884 yili ishchilar harakati tazyig‘i ostida kasaba uyushmalari tuzishga ruxsat berildi, natijada XIX asrning 80-yillari oxiriga kelib kasaba uyushmalari soni bir mingdan oshib ketdi. Kasaba uyushmasi a’zolariga ish topishdi ko‘maklashadigan mehnat birjalari vujudga keldi. kurs ishimizda biz e’tibor bergan va fikrimizcha alohida ta’kidlanishi lozim bo‘lgan holatlar shulardan iborat.
Fransiyaning jahon tarixida tutgan o‘rni haqida O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I.A.Karimov juda o‘rinli gapirgan: “Bizning nazarimizda Fransiya-insoniyat ruhi ulug‘vorligi va aql ziyosi ramzi, jahonga ko‘plab atoqli arboblar etkazib bergan buyuk mamlakatdir. Fransiya faqat noyob madaniyat va nafis san’at mamlakati, yuksak ma’rifat, turmushning dono falsafasi, insonparvalik bilan yo‘g‘rilgan adabiyot va she’riyat mamlakatigina emas. Bizning nazdimizda Fransiya jahonga ilk bor erkinlik, tenglik va birodarlik singari oliy maqsadlarni in’om etgan zamonaviy demokratiya vatani hamdir”.
Do'stlaringiz bilan baham: |