AREALLAR USULI.
Areallar usuli kartografiyada keng ishlatiladi (lotincha «area» maydon, makon, hudud degan ma'noni anglatadi). Areallar usuli bilan tuzilgan kartalar
ham umumgeografik, ham mavzuli kartalardir. Topografik va mavzuli kartalarda o'rmonzorlarni, ekinzorlarni, qumbosgan yerlarni tasvirlashda areallar usuli ko'p ishlatiladi. Areallar
usuli ko'proq maydon va makon bilan bog'liq bo'lganligi uchun ko'proq o'simlik (geobotanik), zoogeografik, landshaft va geomorfologik kartalarni tuzishda ishlatiladi. Bu usul tarixiy
kartalarda ham foydalaniladi. Masalan, xalq qo'zg'oloni bo'lgan joylar alohida ajratilib ranglar yoki shtrix chiziqlar bilan chizib ko'rsatiladi. Areallar usulida voqea va hodisalar sodir
bo'layotgan joylarning chegaralari nuqtalar, chiziqlar bilan belgilanib, ichi belgilar, ranglar yoki shtrixlar bilan to'ldiriladi. Ba'zan voqea-hodisalarning nomlari ham yozib qo'yiladi
SIFATLI VA MIQDORLI RANG USULLARI.
Kartalarda voqea va hodisalar sifat belgilarining rang yoki shtrix chiziqlar bilan tasvirlanishi sifatli rang usuli deb yuritiladi.
Bu usul maydonlarni bir xil xususiyatlariga ko'ra bir-biridan farq qilishga asoslanadi. Masalan, O'zbekiston geografik atlasidagi (1999) O'zbekistonning siyosiy-ma'muriy kartasida
viloyatlar va Qoraqalpog'iston har xil ranglar bilan bir-birlaridan ajratib ko'rsatilgan. Geografik atlaslardagi barcha geografik rayonlashtirish kartalari: tabiiy-geografik, iqtisodiy-
geografik, landshaft va boshqa rayonlashtirish kartalari ham shu usulda tuzilgan. Ba'zan qishloq xo'jaligi, geobotanik va landshaft kartalarining genetik, morfologik va xronologik
xususiyatlarini tiplarga bo'lib tasvirlaganda rangga qo'shimcha har xil belgi va shtrixlardan foydalaniladi. Bunday kartaning o'qilishi qiyinlashsa-da, karta mazmuni chuqurlashib,
berilayotgan ma'lumot yana ham ko'payadi. Banday kartalar tipologik kartalar deb yuritiladi. Sifatli rang usulida tasvirlanayotgan voqea va hodisalarning asosan bir xil xususiyatlari
tasvirlanib, so'ng yana tiplarga va guruhlarga bo'linishi mumkin. Masalan, sug'oriladigan tuproqlar, ya'ni qadimdan sug'oriladigan o'tloq voha tuproqlari: bo'z voha tuproqlari, taqir voha
tuproqlari va yangi o'zlashtirilgan voha tuproqlariga bo'linishi mumkin. Bu usulda tasvirlanganda asosiy tasnif uchun bir xil rang tanlanadi, lekin uning guruhlarga bo'linishlari shtrixlar
yoki o'ta yaqin ranglarda berilgani ma'qul. Demak, sifatli rang usulida tasvirlanayotgan voqea va hodisalarning maydon bo'yicha geografik joylashishi ko'rsatiladi. Bu usulda tarixiy
kartalar ham tuziladi. Masalan, Amir Temur saltanati va uning parchalanib ketishiga oid tarixiy karta bunga misol bo'la oladi. Sifatli rang usulida ko'rsatkichlar rang bilan tasvirlansa,,
miqdorli rang usulida uning asosini miqdor tashkil qiladi. Miqdor ko'rsatkichlari hudud bo'yicha tarqalgan bo'lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |