Nikoh - bu erkak va ayol o’rtasidagi munosabatlarning, ularning bir-biriga va o’z bolalariga nisbatan huquqlari va majburiyatlarining jamiyat tomonidan qayd etiladigan va boshqariladigan shaklidir. Nikoh tarixan ko’p asrlik uzoq taraqqiyot yo’lini va ma’lum bir shakllarning boshqa shakllar bilan almashinuvini bosib o’tgan. Bu tarixiy o’zgarishlar ana shu soha bilan bog’liq maxsus tarixiy etnografik va tarixiy sotsiologik ilmiy adabiyotda yaxshi yoritilgan. Nikoh haqida so’z borar ekan uning huquqiy va boshqa turli ijtimoiy fanlarda turlicha talqin qilinishini ta’kidlash lozim. Deylik, huquqiy nuqtai nazardan, nikoh bu erkak va ayol o’rtasida erkin, ixtiyoriy, teng huquqli asosda tuzilgan ittifoq bo’lib, unda qonun talablariga rioya qilish va er-xotin o’rtasida shaxsiy hamda mulkiy qonunlar va majburiyatlarga so’zsiz bo’ysunish ta’kidlanadi. O’zbekistonda nikoh fuqarolik holati qayd etiladigan tashkilotlarda ro’yxatdan o’tkazilgandan keyingina qonuniy hisoblanadi va bu hozirgi vaqtda qabul qilingan oila kodeksi bo’yicha tartibga solib turiladi. Nikoh jarayonini aholishunoslik fanlari tizimiga kiruvchi qator fanlar o’z maqsadlariga mos ravishda taxlil etadilar, o’rganadilar.
Demografiya nuqtai-nazaridan esa nikoh deganda oila qurish va bolalar tug’ilishi hamda tug’ilish va o’lim omillari, ularning o’zgarish qonuniyatlari va hususiyatlari nazarda tutiladi. Boshqacha qilib aytganda, demografiya nikohning erkak va ayol o’rtasidagi ittifoqning qonuniylashtirilgan yuridik shaklidan ko’ra amaldagi nikoh, ya’ni nikohga kiruvchilarning munosabatlariga e’tibor beradi. Buning uchun nikoh ma’lum biror bir davlat qonun-qoidalari asosida qayd etilishi shart emas. Umuman olganda demografiyada nikohning yuridik shakli ham muhim ahamiyat kasb etadi va shu asosda nikohsiz tug’ilish, degan tushuncha ham bor.
Nikohning turlari-qayd qilgan va amaldagi–bir-birini inkor qilmaydi. Aksariyat qayd qilingan nikohlar ayni paytda amaldagidir, shuningdek amaldagi nikohlarining ko’pchiligi esa – qayd qilinganlardir. Nikohlar ichida yolg’on nikohlar ham bor, ular qonuniy jihatdan rasmiylashtirilgan bo’lsada, aslida bunda oila qurish emas balki uy-joy olish, mol-dunyoga ega bo’lish va shunga o’xshash huquqlar uchundir. Ayrim qayd qilingan nikohlar amalda tarqab ketgan bo’lsada, biroq ajralish rasmiylashtirilmagani sababli davom etadi. shunday hollar ham bo’ladiki kimdir bir kishi bilan nikohdan o’tib boshqasi bilan yashaydi. shuning uchun qayd qilingan va qayd qilinmagan nikohlar mavjud deyish mumkin.
Nikoh yoshi – bu qonun yoki odat nikohga kirishga ruxsat beradigan eng kichik yoshidir. Ko’pchilik mamlakatlarda nikoh yoshi qonun tomonidan nikohga kiruvchilarning jinsiy etukligi, psixologik va sotsial etukligi, shuningdek, an’analar, urf-odatlar va shunga o’xshash sharoitlarga qarab qonun tomonidan belgilanadi. Dunyo bo’yicha o’rtacha nikoh yoshi erkaklar uchun 26, ayollar uchun 23 yoshni tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |