Abu Rayhon Beruniy. Tabiiy va ijtimoiy fanlarning ko‘pgina sohalari bo‘yicha 150 dan ortiq asar yozib qoldirgan buyuk ensiklrpedist olim. 973 yil 4 sentyabrda Xorazmning qadimiy poytaxti Kot (Fir, Fil, Kos deb ham atalgan) shahrida tug‘ilgan. Beruniy ilmga yoshligidan qiziqdi, yirik olim Abu Nasr Iroqdan matematika va astronomiya, Abu Sahl Iso al-Masihiydan tib hamda falsafa ilmlarining sirlarini o‘rgandi. Beruniy 17 yoshligidanoq Kotda mustaqil astronomik kuzatishlar olib bordi. 994 yili, 21 yoshligida, ekliptika tekisligining ekvatorga qarab og‘ishining hajmini o‘lchab berdi; dunyoda birinchi bo‘lib globusni ixtiro qildi.
995 yili uning hayotida og‘ir damlar boshlandi. O‘sha yili Somoniylarga qarshi fitna ko‘targan Abu Ali Simjuriyning ukasi Amir Abulqosim Jurjonni bosib oldi. Natijada Somoniylar bilan ittifoqdosh bo‘lgan Kot hokimi, binobarin, ularning saroyida xizmat qilgan Beruniyning hayoti ham xavf ostida qoldi. O‘sha 995 yili Beruniy Rayga (qadimgi Raga) qochib ketdi; oradan ikki yil o‘tgach, 997 yili yana o‘z vataniga qaytib keldi va ilm bilan mashg‘ul bo‘ldi. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay, o‘sha yilning o‘zida (997 yili) Urganch hukmdori Abulhasan Ali ibn Ma’mun (997-1009 yy) Janubiy Xorazm va uning poytaxti Kotni bosib oldi. Beruniy yana Jurjonga ketishga majbur bo‘ldi. 1004 yili u yana Xorazmga qaytib keldi va 1017 yilgacha Urganchda buldi. Xorazm Mahmud G‘aznaviy qo‘shinlari tarafidan bosib olingandan keyin (1017 y) Beruniy majburiy tarzda G‘aznaga olib ketiladi va umrining oxirigacha (1048 y,11.12) o‘sha erda yashab qoladi.
Beruniy tarixga oid bir necha qimmatli asarlar yozgshan. Bulardan biri "Osor ul-boqiya an-al-kurun al-xoliya" (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar) bo‘lib, u 1000 yili Jurjonda yozib tamomlangan. Asarda greklar, rumliklar, eroniylar, hindlar, so‘g‘diylar, xorazmliklar, nasroniylar, yahudiylar va boshqa xalqlarning islomiyatgacha bo‘lgan ijtimoiy va madaniy hayoti hamda tarixi bayon qilingan. Asar 1957 yili va 1968 yili rus va o‘zbek tillarida nashr etilgan.
Olimning yana bir tarixiy asari "Kitob taxkih moli-l-Hind min maqula fi-l-aql va l-marzula" (Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini taxkih etish) deb ataladi va 1035 yili G‘aznada yozilgan. Mazkur asar juda katta faktik material, sanskrit tilidagi ktoblar, olimning shaxsiy kuzatishlari natijasida to‘plangan faktik material asosida yozilgan. Unda Hindistonning geografik holati, hindlarning ijtimoiy-siyosiy tuzumi, dini, urf-odatlari, tarixiy naql-rivoyatlari, o‘sha zamonlarda Hindistonda amalda bo‘lgan og‘irlik va hajm o‘lchovlari haqida so‘z boradi. Asar ko‘pincha "Hindiston" nomi bilan mashhur. Uning arabcha matni inglizcha tarjimasi bilan birga E.Zaxau tarafidan (1887-1888 yy) chop qilingan, ruscha hamda o‘zbekcha tarjimalari ham bor (T., 1963, 1965 yy.).
"Kitob ul-musammara fi axbori Xorazm" (Xorazm haqidagi axborot haqida suhbatlar) Beruniyning yana bir muhim tarixiy asaridir. G‘aznada yozilgan. Asarda Xorazmning Sulton Mahmud G‘aznaviy qo‘shini tomonidan bosib olinishidan (1017 y) to Saljuqiylar xurujigacha (1043 y) o‘tgan davr ichidagi ijtimoiy-siyosiy tarixidan bahs yuritiladi. Afsuski, bu asar bizning zamonamizgacha etib kelmagan.
Beruniyning "Kitob fi axborot al-mubayyizot va-l-karomita"(Oq kiyimliklar va karmatlar xabarlari haqida kitob) asari ham alohida qimmatga ega. Unda o‘sha zamonlarda O‘rta Osiyoda keng tarqalgan ijtimoiy harakat - karmatlar harakati haqida ma’lumotlar bor.1
Do'stlaringiz bilan baham: |