Elektron savdoda qatnashish to’g’risida e’lon va talabnoma. Byudjetdan mablag’ oluvchilar davlat xaridlari bo’yicha Hukumat komissiyasi belgilagan alohida mahsulotlar (ish, xizmat) ro’yxati bo’yicha bir shartnoma summasi 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha teng miqdordagi summani tashkil etgan xaridlar bo’yicha tovarlarni (ish, xizmat) O’zbekiston respublika tovar xom-ashyo birjasining elektron savdolari orqali sotib oladilar.
Elektron savdo o’tkazish to’g’risidagi e’lon maxsus axborot portaliga faqatgina buyurtmachining agenti orqali joylashtiriladi va ushbu e’lon o’z navbatida elektron tizimda talabnoma ko’rinishida shakllanadi. Elektron savdolar o’tkazish to’g’risidagi e’londa quyidagi ma’lumotlar bo’lishi lozim:
buyurtmachining nomi va manzili;
savdolar maqsadini moliyalashtirish manbasi;
birinchi va oxirgi savdo kuni (savdo muddati);
savdolar maqsadining boshlang’ich narxi;
savdolar maqsadining xarakteristikasi (savdo maqsadining spetsifikatsiyasi);
lotning miqdori;
tovarlarni etkazib berish muddati va sharti;
tovarlarni etkazib berish joyi (manzili).
Byudjetdan mablag’ oluvchi boshlang’ich narxni internet, maxsus gazeta va jurnallar va matbuotda chop etilgan boshqa tovar (ish, xizmat) narxlaridan hamda respublika ichki bozorlaridagi (korxona va firmalar) narxlardan foydalangan holda mustaqil belgilaydilar va elektron savdolarda qatnashish uchun maxsus axborot portalida e’lon bergan kundan boshlab 25 kun ichida O’zbekiston respublika tovar xom-ashyo birjasining hisob-kitob-kliring palatasida ikkinchi depozit xisobvaraq tarzida ochilgan shaxsiy hisobvarag’iga boshlang’ich narxning 0,05 foizi miqdorida birjaning vositachilik yig’imi sifatida avans to’lovini amalga oshiradi. Byudjetdan mablag’ oluvchi to’lov topshiriqnomasining “To’lovchining nomi” ustunida g’aznachilik bo’linmasining nomi, “To’lovchining hisobraqami” ustunida – tegishli g’azna hisobvarag’i, “To’lov maqsadi” ustunida – byudjetdan mablag’ oluvchining shaxsiy hisobvaraq raqami va byudjetdan mablag’ oluvchining nomi, byudjet tasnifining tegishli kodi, to’lovni o’tkazishga asos bo’ladigan hujjatlar, to’lov maqsadi, shuningdek davlat xaridlari bo’yicha savdolarda qatnashish uchun garov (zalog) summasi o’tkaziladigan ID (shaxsiy hisobvaraq) raqami (garov (zalog) summasi o’tkazish uchun “O’zRTXAB” OAJ hisob-kitob-kliring palatasidan olingan ID raqam) ko’rsatiladi.
Agarda byudjetdan mablag’ oluvchining O’zbekiston respublika tovar xom-ashyo birjasining Hisob-kitob-kliring palatasida ikkinchi depozit xisobvaraq tarzida ochilgan shaxsiy hisobvarag’i birja xizmatini (boshlang’ich baho hisob-kitobidan) to’lash uchun etarli mablag’ bo’lmasa, byudjetdan mablag’ oluvchi tomonidan maxsus axborot portaliga e’lon joylashtirilgan kundan boshlab 25 kun o’tishi bilan talabnoma avtomat tarzda o’chiriladi.
Qog’oz formatdagi savdolar bayonnomasi birja yoki birjaning mintaqaviy savdo maydoni va etkazib beruvchi (uning agenti) tomonidan ikki nusxada imzolanishi kerak, ulardan biri buyurtmachiga (uning agentiga) beriladi.
Buyurtmachi va savdolarda g’olib chiqqan etkazib beruvchi savdolar bayonnomasi asosida savdolar g’olibi aniqlangan paytdan boshlab besh ish kuni mobaynida har bir lot bo’yicha alohida kontrakt tuzishi shart.
Byudjetdan mablag’ oluvchi tomonidan maxsus axborot portaliga (elektron savdo tizimiga) joylashtirilgan e’lon (talabnoma) bo’yicha tovar (ish, xizmat) etkazib beruvchilar bitta yoki umuman taklif tushmagan hollarda, savdo o’tkazilmagan deb hisoblanadi va bu to’g’risida savdo bayonnomasi (tiket) nusxasini O’zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi yoki uning hududiy bo’limlari 1 kun ichida tegishli byudjetdan mablag’ oluvchilarga yoki ularning agentlariga taqdim qiladi.
Xulosa qilib aytganda, davlat xaridlari tizimini samarali tashkil etish davlat xaridlariga kichik biznes sub’ektlarini yanada ko’proq jalb qilish, davlat ehtiyojlari uchun tovar va xizmatlarni sotib olishda maqbul narxlarni qo’llash, pirovardida byudjet mablag’laridan samarali foydalanish, davlat mablag’larining maqsadsiz ishlatilishining oldini olish, byudjet xarajatlarining samarali ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |