Taqsimlash valining bunday joylashuvi yuqorigi joylashuv deb ataladi va bu vaziyat silindrlar blokini
soddalashtirish hamda gaz taqsimlash mexanizmining ishlagan paytdagi shovqinlarni kamaytirish imkoniyatini
beradi. Yuqorida joylashgan taqsimlash vali zanjir yoki tishli tasma vositasida harakatga keltiriladi. Masalan, VAZ-
2101 “Jiguli” avtomobili dvigatelida cho’yandan tayyorlangan taqsimlash vali (7) beshta tayanchda joylashgan,
ularning aluminiyli korpusini shpilkalarga o’rnatib, silindrlar kallagiga, yuqoridan gaykalar bilan qotirib qo’yiladi.
Taqsimlash vali aylanganda, uning mushtchalari bevosita richaglarga (8) ta’sir etadi. Bir tomoni bilan qo’zg’almas
rostlash boltining (11) sferik kallagiga tayanib turgan richag, ikkinchi tomoni bilan klapanni yuqori tomonidan bosadi
va natijada klapan ochiladi. Rostlash bolti silindrlar kallagining vtulkasiga (10) burab kiritilgan bo’lib, kontrgaykalar
bilan qonirib qo’yiladi. Klapanlar siqilgan ikkita prujina hisobiga yopiladi. Aylanma harakat, tirsakli valdan (1)
taqsimlash valiga vtulka-rolikli zanjir (3) orqali uzatiladi. Xuddi shu zanjir bilan moy nasosi va uzgich-taqsimlagich
yuritmalarining yetaklovchi tishli g’ildarakchasi ham aylantiriladi. Zanjirning tebranishlarini kamaytirish uchun
dvigatelning old tomoniga mahkamlangan tinchlantirgich (12) xizmat qiladi. Vaqti-vaqti bilan zanjirni tortib turish
uchun boshmoqli (4) rostlash moslamasi (5) o’rnatilgan.
VAZ-2105 avtomobilining dvigatelida taqsimlash vali tishli tasma yordamida aylantiriladi. Shuning uchun tisakli
va taqsimlash vallariga, maxsus shaklli tashqi tishlari bo’lgan shkivlar (14,16) o’rnatilgan, ularni ichki tomonida
tishlari bo’lgan tasma (15) qamrab turadi. Moy nasosining tishli shkivi (17)ni ham xuddi shu tasma qamrab turadi.
Tasma maxsus rezinadan tayyorlanib, shisha kordli shnur bilan mustahkamlangan. Uning tishli sirti esa maxsus elastik
material bilan qoplangan.
Yuritma konstruksiyasida tortish moslamasi nazarda tutilgan bo’lib, u moslamani tashqi sirtidan prujina yordamida
bosib turuvchi, buriladigan plastinaga o’rnatilgan silliq rolikdan iborat. Tasmani normal holatda tortish uchun
plastinaning ariqchasimon teshigidan o’tkazib qotirilgan boltni (18) bo’shatish kifoya. Chunki prujina va plastinani
rolik (5) bilan birga o’ziga tortib, tasmani taranglaydi. Shundan so’ng bolt qotirib qo’yiladi.
Taqsimlash vali yuritmasining barcha qismi moylashga muhtoj emas. Chang va kirlardan yengil plastmassa
qopqoq yordamida himoya qilingan. Bunday yuritmalar zanjirli yuritmalarga qaraganda, metallarni tejash va gaz
taqsimlash mexanizmining shovqinini pasaytirish imkonini beradi.
Hozirgi paytda chet ellarda yengil avtomobillar dvigatellarida har bir silindr uchun to’rttadan klapan
qollanilmoqda. Ikkita chiqaruvchi klapanlar silindrni ishlatilgan gazlardan yaxshi tozalashni ta’minlasa, ikkita
kirituvchi klapanlar esa yaxshi to’ldirioshni ta’minlaydi. Natijada litrli quvvat 10-20 foizga ko’payadi.