ORQA MUSKULLARI
Orqa muskullari ensa bilan yonbosh suyagi sohasida qavat-qavat bo‘lib joylashgan. Ular asosan gavdani tik tutib turadi, gavda va yelka kamari harakatida aktiv qatnashadi. Ba’zilari ko‘krak muskullari bilan birgalikda kurakni qovurg‘alarga birlashtiradi.
Trapyesiyasimon muskul (m. trapezius) ensadan I bel umurtqalarigacha bo‘lgan joyni egallaydigan noto‘g‘ri to‘rtburchak shaklli serbar muskul plastinkadan iborat. Bu muskul tashqi ensa do‘ngchasi va yuqorigi chiziqdan gardon payi va ko‘krakning hamma umurtqalari o‘tkir o‘simtalaridan boshlanib, o‘mrov suyagining akromial uchiga, kurak qirrasiga va akromial o‘sig‘iga birikadi. Bu muskul tolalari turli tomonga yo‘nalgan bo‘lib, har hil qismi turli vazifa bajaradi. Yuqori qismining tolalari bosh va bo‘yinni orqaga tortadi yoki kurakning akromial o‘sig‘ini yuqoriga ko‘taradi. o‘rta qismining tolalari gorizontal yo‘nalgan bo‘lib, kurakni o‘rta chiziqqa yaqinlashtiradi. Bu bilan u kurak ko‘krak qafasining orqa yuzasi bo‘ylab siljishiga yordam beradi. Pastki qismining tolalari kurakni pastga tortadi. Muskulning hamma qismlari bir yo‘la qisqarganda kuraklar bir-biriga yaqinlashadi.
O r q a n i n g k ye n g m u s k u l i (m. latissimus dorsi) pastki 6 ta ko‘krak va barcha bel umurtqalarining orqa o‘sig‘idan, dumg‘azaning o‘rta tojidan, yonbosh suyagining tashqi qirrasidan aponevroz bilan boshlanadi. Muskul tolalari esa pastki 4 ta qovurg‘a ustidan boshlanib, yelkaning kichik do‘ngchasiga yassi pay yordamida birikadi, u qisqarganda yelkani orqaga tortadi va ichkariga buradi. Orqa yuza muskullarining tagida katta-kichik rombsimon, kurakni ko‘taruvchi orqadagi yuqorigi va pastki tishli muskullar joylashgan.
R o m b s i m o n m u s k u l l a r (m. m. rhomboideus major et minor) rombga o‘xshaydi, ular trapesiyasimon muskul tagida joylashgan. Ular pastki 2 ta bo‘yin va yuqorigi 4 ta ko‘krak umurtqalarining o‘tkir o‘simtalaridan boshlanib, kurakning medial chetiga birikadi. Bu muskullar kuraklarni bir-biriga yaqinlashtiradi, ularni biroz yuqoriga ko‘taradi. Ba’zan ular kichik va katta rombsimon muskulga ajratiladi.
Kurakni yuqoriga ko‘taruvchi muskul (m. levator scapulae) bo‘yinning 4 ta yuqorigi umurtqalari ko‘ndalang o‘simtalaridan boshlanib, pastga qarab qiya yo‘naladi va kurakning yuqori-ichki burchagiga birikadi. U qisqarganda kurakni yuqoriga ko‘taradi va o‘rta chiziqqa yaqinlashtiradi.
Orqaning yuqorigi tishsimon muskuli (m. serratus posterior superior) yapaloq va yupqa bo‘lib, rombsimon muskul tagida joylashgan. U ikkita pastki bo‘yin va ikkita yuqorigi ko‘krak umurtqalarining o‘tkir o‘simtasidan boshlanib, tolalari pastga tomon qiya yo‘naladi va to‘rt tutam bo‘lib, 2-5 yuqorigi qovurg‘aning orqa yuzasiga birikadi. Bu muskul qisqarganda qovurg‘alar yuqoriga ko‘tariladi.
Orqaning pastki tishsimon muskuli (m. serratus posterior inferior) yuqorigi tishsimon muskul kabi yapaloq va yupqa bo‘lib, orqannng keng muskuli tagida joylashadi. Ko‘krakning ikkita pastki va belning ikkita yuqorigi umurtqasining o‘tkir o‘simtalaridan boshlanadi. Muskul tolalari yuqoriga qarab qiya yo‘nalib, to‘rtta tishi bilan pastki to‘rtta qovurg‘aning orqa yuzasiga birikadi. Bu muskul nafas chiqarish vaqtida qovurg‘alarni pastga tushiradi.
Bosh va bo‘yinning tasma muskuli (m. splenius capitiset cervicis) gardondagi uchburchak shaklli yapaloq muskul bo‘lib, gardon bog‘lag‘ichi, ko‘krak umurtqalarining yuqorigi 6 ta o‘tkir o‘sig‘idan boshlanadi va yuqoriga qarab qiya yo‘naladi, bo‘yin umurtqalarining ikkita yuqorigi ko‘ndalang o‘simtalariga hamda chakka suyagining so‘rg‘ichsimon o‘simtasiga birikadi. Bu muskul bo‘yinning ikkinchi tomonidagi xuddi shunday muskul bilan bir vaqtda qisqarib, boshni orqaga egadi. Bir tomonlama qisqarganda, boshni yon tomonga qaratadi.
Dumg‘aza-o‘tkir o‘simta muskuli (m. sacro-spinalie) yoki tanani rostlovchi muskul orqadagi eng baquvvat va eng uzun muskul bo‘lib, uzunasiga yo‘nalgan. Bu muskul dumg‘azaning orqa yuzasidan va yonbosh suyagining tashqi qirrasidan boshlanadi. Bel umurtqalarining o‘tkir o‘simtalaridan boshlangan muskullar ham muskul tutamlariga qo‘shiladi. Dumg‘aza-o‘tkir o‘simta muskuli dumg‘azadan ensagacha davom etadi. Bu muskul tutamlari 3 gruppaga bo‘linadi va 3 xil muskul deb ham yuritiladi: 1-tashqi yon tutam-yonbosh qovurg‘a muskuli; 2 - o‘rta tutam – orqaning eng uzun muskuli; 3 - ichki tutam – umurtqalarning o‘tkir o‘simtalarini bir-biriga tutashtiradigan muskul.
Dumg‘aza - o‘tkir o‘simta muskuli gavdani rostlab turadi. Gavdaning eng ichkarisida umurtqalarining turli o‘simtalari orasida mayda muskullar joylashgan bo‘lib, ular yon o‘simtalar orasidagi, orqa o‘simtalar orasidagi va yon o‘simtalar bilan orqa o‘simtalar orasidagi kalta muskullardir. Bu muskullar umurtqa pog‘onasining har xil harakatida ishtirok etadi.
Bo‘yin muskullari bo‘yinning oldingi va yon tomonda bo‘lib, kalla bilan gavda o‘rtasida joylashgan. Bo‘yinning orqa tomonida - ensa qismida joylashgan muskullar orqa muskullariga mansub, shuning uchun ular orqa muskullari bilan birga o‘rganiladi. Bo‘yin muskullari uzun bo‘lib, orqadagi muskullar bilan chaynash muskullarining antagonisti hisoblanadi. Bo‘yin muskullari yuza, bo‘yinning oldingi tomonida joylashgan, yon tomonida joylashgan va chuqur muskullarga bo‘linadi. Bo‘yinning yuza muskullariga teri osti va to‘sh-o‘mrov so‘rg‘ichsimon muskullar kiradi
Teri osti muskuli (m. platysma) teri ostida yupqa bo‘lib joylashgan. Odamda bu muskul rudiment holda bo‘ladi. Bu muskul ko‘krak fassiyasidan, deltasimon muskuldan boshlanib, xususiy chaynash muskulining fassiyasiga va pastki jag‘ga birikadi.
To‘sh - o‘mrov – so‘rg‘ichsimon muskul (m. sternocleido mastoi-deus) bo‘yindagi eng kuchli muskul bo‘lib, teri ostida sezilib turadi. Bu muskul to‘sh suyagining dastasidan, o‘mrov suyagining to‘sh tomondagi uchidan 2 boshi bilan boshlanib, chakka suyagining so‘rg‘ichsimon o‘simtasiga birikadi. Bir tomonlama qisqarganda kallani qiyshaytirib, bir tomonga bukadi, ikki tomonlama qisqarganda kallani orqaga tortadi.
Bo‘yinning oldingi tomonidagi muskullar til osti suyagiga nisbatan 2 gruppaga: til osti suyagi ustida joylashgan muskullar va til osti suyagi tagida joylashgan muskullarga bo‘linadi. Bu muskullar boshlanish va birikish joyiga qarab nomlanadi. Til osti suyagi ustidagi muskullarga: 2 qorinli muskul, til osti pastki jag‘ muskuli, til osti bigizsimon o‘simtasi orasidagi muskul va til osti engak muskullari kiradi. Til osti suyagi tagidagi muskullarga: to‘sh-til osti muskuli, kurak-til osti muskuli, to‘sh-qalqonsimon muskuli va qalqonsimon til osti muskullari kiradi. Til osti suyagi ustida va tagida joylashgan muskullar qisqarganda, hiqildoq harakatlanadi, yutish, so‘rish va nutq so‘zlash funksiyalari bajariladi.
Bo‘yinning yon tomonida narvonsimon muskul joylashgan. Bu muskul bo‘yin umurtqalarining yon o‘simtalaridan ketma-ket bo‘lib boshlanib, birinchi va ikkinchi qovurg‘aga birikadi, qisqarsa bo‘yinni bukadi va nafas olishda qatnashadi. Bu muskulning oldingi, o‘rta, keyingi to‘dalari ajratiladi.
Bo‘yinning chuqur muskullari bo‘yin umurtqalari tanasiga yopishgan bo‘lib, kalla asosiga birikadi. Bularga boshning, bo‘yinning uzun muskullari va boshning oldingi, chetki to‘g‘ri muskullari kiradi.
Bosh muskullari joylashishiga qarab ikkiga: miya qutisining muskullari va yuz muskullariga bo‘linadi. Miya qutisining muskullariga: peshana, ensa, quloq, muskullari kiradi, ular odamda rudiment holda bo‘ladi. Miya qutisi pishiq fibroz to‘qimadan tuzilgan aponevroz pay bilan qoplangan. Yuz muskullari funksiyasiga qarab ikkiga: chaynash muskullari bilan mimika muskullariga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |