GAPNING UYUSHIQ BO`LAKLARI
Gapda bir xil so`roqqa javob bo`lib, bir xil sintaktik vazifasini bajaradigan, o`zaro teng aloqaga kirishgan, bir umumiy bo`lakka bog`lanadigan gap bo`laklari gapning uyushiq bo`laklari deyiladi. Masalan: Odamning eng shirin, lazzatli va halol taomi o`z mehnati, qo`l kuchi bilan topgan rizqidir. («Oz-oz o`rganib dono bo`lur»). Mazkur gapda eng shirin, lazzatli va halol hamda o`z mehnati, qo`l kuchi bilan guruh so`zshakllari uyushib kelgan. Bunda birinchi guruhdagi so`zshakllar bir xil so`roqqa - qanday? degan so`rog`iga javob bo`lib, sifatlovchi vazifasini bajargani holda, taomi umumiy bo`lagiga – egaga bog`langan; ikkinchi guruhdagi so`zshakllar ham bir xil so`roqqa - qanday? so`rog`iga javob bo`lib hol vazifasida kelib, topgan umumiy bo`lagiga – sifatlovchiga bog`langan. Har bir guruhdagi so`zshakllar o`zaro teng aloqaga kirishgan.
Bunday teng aloqadagi so`zshakllar soni ikkidan va undan ortiq bo`lib, keyingi paytlarda ular tilshunoslikda «uyushiq qator», «tenglanishli qator» deb yuritilmoqda. Tenglanishli qatorda ikkidan tortib o`n, hatto undan ko`p so`zshakl qatnashishi mumkin: Saroytoshning ikki tomonida qad ko`targan dara sohillari, undagi archazorlar, soy bo`yida o`sguvchi yulg`unzoru bizning uyimiz yaqinidagi eski chashma, chashma atrofida ko`karib yotadigan nilufarlar, yana qishloqning tor, egri-bugri ko`chalari, muyulishda do`mpaygan go`ng to`dalari, atrofdan eshitilib turadigan kakliklar sayrog`i, oqshom tushganida uylar ayvonida yonuvchi chiroqlar, chiroqlar tevaragida qur tutib suhbatga berilgan odamlar – bularning hamma-hammasi biz uchun aziz, qadrdon edi. (SH.Xolmirzaev).
Uyushiq qator quyidagi uyushiq bo`lak o`rnini egallaydi:
1. Uyushiq ega: Qor-yomg`ir yog`ayotgan paytlarda ham ayollar va bolalar suvga kelishadi. (P.Qodirov).
2. Uyushiq kesim:
a) uyushiq fe’l kesim: ... ufqqacha cho`zilgan lolazor rang-barang tovlanmoqda, yonmoqda. (J.Abdullaxonov);
b) uyushiq ot kesim: qalbi pok bo`lgan kishining ishlari ham pok bo`ladi, toza bo`ladi. («Oz-oz o`rganib dono bo`lur»).
3. Uyushiq aniqlovchi:
a) uyushiq sifatlovchi: Tabiatning hech kimga bo`ysunmaydigan, birovdan ruxsat ham so`rab o`tirmaydigan o`z qonunlari bor. (O`.Hoshimov).
Ba’zan ikki va undan ortiq sifatlovchilar sifatlanmishni turli tomondan aniqlaydi va shuning uchun ham uyushmagan sanaladi. Masalan: Tog` tepasida to`planayotgan qora bulutlar tushga borib quyuqlashib ketdi. (P.Qodirov). Bunda sifatlanmish (bulutlar) o`rniga nisbatan harakatdagi belgi (tog` tepasida to`planayotgan) va rang-tus (qora) jihatdan aniqlangan.
Uyuushgan sifatlovchilar esa sifatlanmishni bir tomondan aniqlaydi. Masalan: Ular ichida sariq, binafsha rang gullar... asta silkinib, o`zlarini ko`z-ko`z qilmoqchi bo`lardilar. (J.Abdullaxonov). Bu gapda sifatlanmish (gullar) faqat rang-tus (sariq, binafsha rang) jihatdan tavsiflangan. Sifatlovchilarning uyushganligini belgilashda sanash intonatsiyasi muhim rol o`ynaydi;
b) uyushiq qaratuvchi: Hayotda go`zallik, quvvat va saodatning manbai soddalikdir. («Oz-oz o`rganib dono bo`lur»).
v) uyushiq izohlovchi: ...bo`lajak katta san’atkor, arxitektura professori Akramjon Holiqov, deb bilasizlar!»- deb tanishtirdi. (O.YOqubov).
4. Uyushiq to`ldiruvchi:
a) uyushiq vositasiz to`ldiruvchi: ... asrlar davomida kasr, koshona, machit, madrasa va uylar qurishda chinordan keng foydalanib kelingan. (A.Aminov);
b) uyushiq vositali to`ldiruvchi: Engil qor parchalarining osmondan uchib tushishida ham, daraxtlarga qo`nishida ham nafis bir xotirjamlik bor! (P.Qodirov).
5. Uyushiq hol: Qadimgi Movarounnahrda chinorzor bog`lar barpo etish an’analari hurmat ishtiyoq bilan davom ettirilgan. (A.Aminov). Mirzo Ulug`bek Samarqand, Kattaqo`rg`on, Balh va SHahrisabzda ana shunday bog`lar barpo etishga farmoish bergan. (A.Aminov).
Uyushiq bo`laklar grammatik jihatdan ikki xil shakllanadi: mustaqil holda va umumlashgan holda.
Uyushuvchilar mustaqil holda shakllanganda, grammatik ko`rsatkichlar (ot va otlshgan so`zlar bilan foydalangan bo`laklarda – kelishik, egalik, ko`plik affikslari, -dagi o`rin belgisi affiksi hamda ko`makchilar; ot va fe’l kesimlarida – to`liqsiz fe’l va ko`makchi fe’llar hamda – dir affiks bog`lamasi va so`z bog`lamalari) uyushiqli qatorning har bir a’zosida qatnashadi. Masalan: Qahraton sovuqqa va qurg`oqchilikka chidamli bo`lgani uchun chinor manzarali daraxt sifatida qadrlanadi. (A.Aminov). Kitoblar orqali asrlar bilan, ming yillar bilan, qadim faylasuflar bilan... suhbatlashish mumkin. (Oybek). Oyko`lga baland Sunbul cho`qqidan odamning beliday qishin – yozin tushib turar ekan-u, hech qaeridan chiqib ketmas ekan. (P.Qodirov).
Uyushuvchilar umumlashgan holda shakllanganda, turli grammatik ko`rsatkichlar uyushiq qatorning oxirgi a’zosida qo`llanib, barchasi uchun taalluqli bo`ladi. Bunda turli umumlashtiruvchi grammatik ko`rsatkichlar qavsdan tashqariga chiqariladi. Va bu holda shakllangan uyushuvchilarning bitta bo`lak deb qarash lozim bo`ladi. Masalan: SHarq chinorlari (Kavkaz, Qrim va O`rta Osiyo)da... o`stiriladi. (A.Aminov). Maxkam (karavotlar va tubochkalar) bilan qurshalgan stolga qaradi. (P.Qodirov). ... bu xona boshqa xonalaridan (nihoyatda yorug`ligi, ozoda, haddan tashqari sarishtaligi) bilan farq qilardi. (J.Abdullaxonov).
Do'stlaringiz bilan baham: |