- V / - V – V / V - - V / - V -
(maf’ulu, foilotun, mafoiylun, foilun )
Yorning sochlari gajakdor, halqa-halqa bo‘lib turibdi va bu halqalarga oshiqlarning yuraklari o‘ralib qolganki, undan kechib ketish mushkul. Qizil yuzlari uzra tushib turgan qop-qora sochlari mushkka, sunbulga qiyos etilgan sababi shuki, ular bir - biriga rang jihatdan o‘xshash. Gadoiy g‘azallarida tabiat tasvirini ham keltirgan o‘rinlari juda ham ko‘p bo‘lib, unda faqatgina ularni tasvirlab qolmay, balki bu tabiat tasvirlariga sababchi yor deb keltiradi. Quyidagi misralarda bunga ishonch hosil qilamiz.
Bayt:
Har kunda axtar aning uchun yerga bosh qo‘yar,
Ko‘ktin dilovare-ki, oti oftob erur.[1.117]
Tong otgandan so‘ng yulduzlar ko‘rinmay qoladi chunki, quyoshning yorug‘ligi juda ham kuchli. Yor uchun yulduzlar yerga boshini qo‘yadi. Ma’shuqa osmondan ham chiroyliki oshiq uni oftobga qiyoslaydi. Ko‘k va yer so‘zlari badiiy adabiyotda tazod san’atini yuzaga keltirgan. Oshiq yori yuzi uzra tomchilab turgan qatra-qatra terlarni ham shunchaki ter deb bilmaydi. Shoir bu o‘rinda tajohil-u orif san’atidan foydalanib tasvir darajasini yanada yuqoriga ko‘tarib tariflaydi. Bir o‘rinda bir tasvirni keltiradi va bu fikridan qaytib uni yanada bo‘rttirib tasvirlaydi. Uning yuzidagi tomchilar gul yuzidagi shabnammi yoki gulob (guldan tayyorlangan ichimlik)ga o‘xshatadi.Yor yuzidagi tomchilar uning hayajonlanganligidan, oshiqqa nisbatan qalbida iliqlik borligidan dalolat. Ayni paytda gul, shabnam va gulob so‘zlari tanosub san’atini hosil qilgan.
Bayt:
Ul qatra-qatra tob-i araq orazing uza
Shabnammudur gul uzra va yoxud gulob erur? [1.117]
G‘azallarda keltirilgan yor obrazining barchasida mash’uqa rahmsizligi, beshavqatliligidan shikoyat qilinadi. Oshiqning dardiga, oh-u nolasiga parvo ham qilmaydi.
Bayt:
Qilmas tarahhum oh-u fig‘onimga nargising,
Noz uyqusinga vah ne balo mast-i xob erur. [1.117]
Konglimga bir qiyo boqmaydi bu nargais ko‘zlaring. Ey yor, sen oliyjanob eding-ku? Nima bo‘ladi mening qalbimga ham bir ko‘z uchidan qarab qo‘ysang?
Bayt:
Boqmas dag‘i ko‘ngulga qoshing bir ko‘z uchidin,
Netti, ne bo‘ldi, har necha oliyjanob erur. [1.117]
Lab qizilligi sababli uni la’lga qiyos etadi. Labing shunchalik toza mayki, uni ko‘rgan kishi o‘zidan ketadi va o‘ziga kela olmaydi. Aql-u hushidan judo bo‘ladi.
Bayt:
La’ling mayini ko‘rsa, o‘zidin ketar kishi; Topmas xirad-kim, ul ne muravvaq sharob erur. [1.117]
Har bir shoirning adabiy merosi ularning taxalluslari orqali aniqlangan. Taxalluslar doim she’rlarning xotima qismida keltiriladi. Agar u g‘azallarda qo‘llanilgan bo‘lsa taxallus ko‘rsatilgan bayt g‘azalda ,, bayt-ul maxlas –taxallusli bayt’’deb atalgan. Bunda taxallus faqatgina o‘z ma’nosida keladi, u boshqa baytlardagi mazmun bilan bog‘lanishi shart hisoblanib kelingan. Masalan Gadoiyning ,, Ul zulfi xalqa- xalaqaki, purpech- u tob erur’’ nomli radifli g‘azalida ham shoir taxallusini keltiradi. Biroq she’r matnidagi taxallus ba’zan o‘z ma’nosidan tashqari qo‘shimcha ma’noni ham anglatishi mumkin.
Bayt:
Hijron o‘tig‘a o‘rtadilar jon ila ko‘ngul
Miskin Gadog‘a bu ne qiyomat azob erur! [1.117]
Jon bilan ko‘ngil oshiqni hijron o‘tiga ottilar, o‘rtadilar. Bu azoblar gado uchun ya’ni ishqqa gado bo‘lgan oshiq uchun qiyomatdagi azob kabi edi. Yuqoridagi baytda ham ,, Gado‘’ so‘zi keltirilgan. Bu shoirning taxallusi bo‘lib kelishidan tashqari ,,ishqqa gado, tilanchi’’ ma’nolarida ham ishlatilgan va bayt mazmuniga ham uyg‘undir. Gadoiy she’rlarida keltirgan so‘zlarning ma’nosiga alohida e’tibor bergan. Badiiy san’atlardan o‘rinli foydalanganligi shoirning mahoratliligidan dalolatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |