Kirish
Barkamol shaxsni tarbiyalash barcha davrlarda muhim ijtimoiy
talablardan biri bo’lib kelgan, ammo bugungi sifat o’zgarishlar ro’y berayotgan
bir davrda bu masalaning dolzarbligi yanada kuchayib talab ortib bormoqda.
Respublikamiz mustaqillikka erishgach ta’lim-tarbiya jarayoni qayta ko’rib
chiqilib uni rivojlantirish uchun bir qancha yangi asoslar yuzaga keldi. Jumladan
“Ta’lim to’g’risidagi qonun”, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” ning yaratilishi
ta’limni tubdan isloh qilish, uni o’tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va
sarqitlardan to’la halos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak
ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash
imkoniyatini berdi.
O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov o’zining bir qancha nutq va risolalarida
istiqbolga erishishning yo’llari, tamoyillarini aniq va ravshan ko’rsatib bergan.
I.A.Karimovning «Istiqlol va mya’naviyat», «O’zbekistonning siyosiy ijtimoiy va
iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari», «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida»,
«Barkamol avlod orzusi» kabi asarlarida jamiyatning ma’naviy jihatdan
yangilanishi va rivojlanishining asosiy negizlari bayon etilgan.
O’tish davrining eng asosiy xususiyatlaridan biri bu-jamiyatning ma’naviy
jihatdan yanada yuqori pog’onaga ko’tarilishidir. Chunki o’tish davri birinchi
galda jamiyatdan ma’naviy o’sishni talab etadi. Ma’naviy o’sish o’z navbatida
fan-texnika, madaniyat, san’at hamda iqtisodiy rivojlanishiga asos bo’lib hizmat
qiladi. Shuning uchun ham bugungi kunda ma’naviy fazilatlarni tarbiyalash
masalasi o’ta dolzarb masaladir.
O’zbekiston Respublikasining «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» da har
tomonlama barkamol shaxs-fuqaroni shakllantirish nazarda tutilgan. Bunday
natijaga erishish uchun ta’lim–tarbiya jarayonining uyg’unligini ta’minlash,
tarbiya jarayonining qonuniyatlarini chuqur o’rganish va bugungi kun talablariga
javob bera oladigan barkamol yosh avlodni tarbiyalash usullarini taqiq qilish
lozim. Barkamol avlod tarbiyasi ko’p jihatdan bugungi kunda tahsil olayotgan
bo’lajak pedagoglarning tarbiyaviy ishlarni tashkil etish mahoratiga bog’liqdir.
Shuning uchun bo’lajak pedagoglarni tarbiyaviy ish uslubiyotiga doir bo’lgan
bilimlar bilan muntazam ravishda tanishtirib borishimiz, bu borada malaka va
ko’nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor berishimiz lozim. Bunday
vazifani bajarish uchun albatta o’quv qo’llanma va darsliklarni bugungi kun
talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish talab etiladi.
Bugungi kunda tarbiyaviy ishlar uslubiyotiga bag’ishlangan o’quv
qo’llanmalar mavjud . Bulardan biri L.V. Ruvinskiyning «Tarbiyaviy ish
metodikasi» (1991-y)deb nomlanuvchi qo’llanmadir. Ushbu qo’llanma sobiq
Sovet davrida nashir etilganligidan ana shu davr xususiyatlarini va dunyoqarashini
o’zida aks ettiradi. Bugungi kunda bizning dunyoqarashimiz, ehtiyojlarimiz va
talablarimiz butunlay o’zgargan. Bundan tashqari ushbu qo’llanmada axloqiy,
estetik, ekologik tarbiya masalalari deyarli tahlil etilmagan. Bu borada erishilgan
oxirgi yutuqlar o’z aksini topmagan.
Keyingi yillarda Rossiyada pedagogikaga oid ko’plab chop etilgan
adabiyotlar mavjud, masalan: I.P.Podlasno’yning «Pedagogika» nomli darsligi
(2006), S.L.Vigman «Pedagogika voprosax i otvetax» nomli o’quv qo’llanmasi
(2006), P.I.Pidkasistov taxriri ostida chop etilgan «Pedagogika» darsligi (2006).
Aytish joiyizki bu darslik va o’quv qo’llanmalar yangi pedagogik bilimlarga
boy, ammo ularda O’zbek xalq pedagogikasining xususiyatlari hisobga
olinmagan va eng muhimi bugungi kunda O’zbekistonda olib borilayotgan
pedagogik ilmiy-tadqiqot ishlari aks ettirilmagan. Bugungi kunda
O’zbekistonda pedagogikaga oid o’quv qo’llanmalar ko’plab chop etilmoqda,
ammo ularda asosiy e’tibor tarbiya nazariyasiga qaratilgan bo’lib, tarbiyaviy
ishlar uslubiyoti masalasiga kam e’tibor berilgan.
Biz yuqoridagi fikrlardan va O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta
maxsus ta’lim vazirligining 1999 yil 28-sentyabrdagi 288-sonli «Uzluksiz ta’lim
tizimini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash to’g’risida» gi hamda 2001 yil 20
fevraldagi 43-sonli «Darsliklar yaratishni jadallashtirish to’g’risida»gi
buyruqlaridan kelib chiqqan holda «Tarbiyaviy ishlar uslubiyoti» fanidan o’quv
qo’llanmani ishlab chiqdik. Mazkur o’quv qo’llanmada bugungi kunda tarbiya
borasida yuzaga kelayotgan muammolar atroflicha tahlil etilgan va bozor
iqtisodiyotiga o’tish davrining har bir shaxs oldiga qo’yayotgan yangi talablari
asosida tarbiyaviy ishlarni tashkil etish masalasi ko’rilgan. Bugungi kunda
O’zbekistonda tarbiya borasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining
natijalari yoritilgan.
«Tarbiyaviy ishlar uslubiyoti» kursi oldida ikki vazifa turadi: birinchisi,
bo’lajak pedagoglarni tarbiyaviy ishlar uslubiyotiga oid bilimlar bilan tanishtirish
va ana shu bilimlarni mahorat bilan qo’llash malakasini shakllantirishdir;
ikkinchisi bo’lajak pedagoglarni tarbiyaviy ishlarni tashkil etish masalasi
bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga tayyorlash. Chunki tarbiya
uzluksiz rivojlanib, o’zgarib boruvchi jarayondir. Tarbiya jarayoni har bir
tarbiyaviy vaziyatga ijodkorona yondoshuvni talab etadi. Mazkur qo’llanma ana
shu vazifalarni bajarishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.
Do'stlaringiz bilan baham: