919-modda. Shartnoma bo‘yicha javobgarlikni sug‘urta qilish Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilishga qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘zining javobgarlik xavfi sug‘urtalanishi mumkin. Ushbu talabga muvofiq bo‘lmagan sug‘urta shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfi, bu shartnoma shartlariga ko‘ra sug‘urta qildiruvchi qaysi taraf oldida tegishli javobgarlikni zimmasiga olishi lozim bo‘lsa, o‘sha taraf — naf oluvchi foydasiga, hatto sug‘urta shartnomasi boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud unda kimning foydasiga tuzilgani aytilmagan taqdirda ham, sug‘urtalangan hisoblanadi.
920-modda. Tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish Tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘z tadbirkorlik xavfi va faqat uning foydasiga sug‘urtalanishi mumkin.
Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning foydasiga tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi sug‘urta qildiruvchi foydasiga tuzilgan hisoblanadi.
921-modda. Shaxsiy sug‘urta shartnomasi Shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sug‘urtalovchi) boshqa taraf (sug‘urta qildiruvchi) to‘laydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga sug‘urta qildiruvchining o‘zining yoxud shartnomada ko‘rsatilgan boshqa fuqaro (sug‘urtalangan shaxs)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga to‘lgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sug‘urta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan pulni (sug‘urta pulini) bir yo‘la yoki vaqti-vaqti bilan to‘lab turish majburiyatini oladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 45-son “Sudlar tomonidan sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 2-bandining uchinchi xatboshisi. Shaxsiy sug‘urta shartnomasi kimning foydasini ko‘zlab tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs sug‘urta pulini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Agar shartnomada naf oluvchi sifatida boshqa shaxs ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shaxsiy sug‘urta shartnomasi sug‘urtalangan shaxs foydasiga tuzilgan hisoblanadi. Boshqa naf oluvchi ko‘rsatilmagan shartnoma bo‘yicha sug‘urtalangan shaxs vafot etgan taqdirda, sug‘urtalangan shaxsning merosxo‘rlari naf oluvchilar deb tan olinadi.
Sug‘urtalangan deb hisoblanmaydigan shaxs foydasiga, shu jumladan sug‘urtalangan shaxs hisoblanmaydigan sug‘urta qildiruvchi foydasiga shaxsiy sug‘urta shartnomasi faqat sug‘urtalangan shaxsning yozma roziligi bilangina tuzilishi mumkin. Bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda, shartnoma sug‘urtalangan shaxsning da’vosi bo‘yicha, bu shaxs vafot etgan taqdirda esa, uning merosxo‘rlari da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.