Xalqimiz Konstitutsiyamizni qabul qilinishi orqali dunyo hamjamiyatida
Xalqimiz Konstitutsiyamizni qabul qilinishi orqali dunyo hamjamiyatiga o‘zining umuminsoniy qadriyatlarga sodiq ekanligini namoyon qildi. Ushbu umuminsoniy qadriyatlarning diqqat markazida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini ta’minlash davlatimiz oldidagi oliy mas’uliyat ekanligi Konstitutsiyamizning asosiy g‘oyasi sifatida tanlab olindi.
Ulug‘ ajdodlarimizning asriy armonlari, xalqimizning erkin hayot, farovon jamiyat va adolatli davlat barpo etishdek ezgu tilaklari, kelajak avlodlarga ozod va obod Vatan qoldirishdek, ularning baxtini, kamolini ko‘rishdek orzu-havaslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, unda jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i – Inson degan fikr ilgari surilgan.
Uning birinchi bandidayoq inson huquq va erkinliklari hamda davlat suvereniteti birlamchi ahamiyatga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilganligi ham fikrimizni yana bir karra isbotlaydi.
Konstitutsiyamiz, uning muqaddimasida mustahkamlanib qo‘yilganidek, inson huquqlari va mustaqilligi g‘oyalariga sadoqat, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglash, o‘zbek davlatchiligining tarixiy tajribasiga tayanish, demokratiya va ijtimoiy adolatni, qonuniylikni hurmat qilish, xalqaro huquqning jahonda e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olish, O‘zbekiston fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta’minlash, insonparvarlik demokratik huquqiy davlat barpo etish va nihoyat, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash kabi oliyjanob maqsadlarni ko‘zlaydi.
Mustaqillik nashidasining bir ne’mati sifatida qabul qilingan Konstitutsiyamizda inson huquqlari oliy qadriyat sifatida tan olinib, davlat ham, jamiyat ham, eng avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishi, uning haq-huquqlarini himoya etishi ustuvor tamoyil sifatida belgilab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning barcha tamoyillari, avvalo, inson va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, davlatning majburiyati ushbu huquq va erkinliklarni ta’minlashda aks etadi.
Mamalakatimizda huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini eng oliy va ustuvor qadriyat sifatida qaror toptirish borasida qonunchilik sohasida va siyosatda erishilgan natija va yutuqlarning barchasi Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan talab va tamoyillar bilan uzviy bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘zbek xalqining ko‘p asrlik erkinlik, mustaqillik, ijtimoiy adolat, milliy davlatchilik, qadriyatlarni tiklash kabi ezgu orzularini o‘zida mujassamlashtirgan.
Asosiy Qonunimiz O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etish yo‘lida mustahkam poydevor sifatida xizmat qiladi. O‘zbekistonda ijtimoiy hayot fikrlar, mafkuralar xilma-xilligi, ko‘ppartiyaviylik, so‘z va fikr erkinligi, e’tiqod erkinligi, manfaatlarning ko‘pligi asosida rivojlanishi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan. Tegishli konstitutsiyaviy normalarda nafaqat insonning asosiy huquq va majburiyatlari, balki ularni ta’minlash bo‘yicha davlat idoralarining majburiyatlari ham o‘z ifodasini topgan. Davlatning fuqarolar oldidagi majburiyati demokratik huquqiy davlatning o‘ziga xos muhim jihati hisoblanadi. Zero, davlat odamlarga qonunchilik doirasida zarur turmush sharoitini ta’minlashi kerak. Aynan shu boisdan ham, davlat xalq erkini amalga oshirishi, uning manfaatlari, ehtiyojlari yo‘lida xizmat qilishi lozim.
Konstitutsiya istiqlol mahsuli, shu bilan birga uni himoya qiluvchi qalqon, jamiyatimizning asosiy huquqiy poydevori hisoblanadi. Konstitutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, unda davlatning qiyofasi, jamiyatning xususiyati yaqqol o‘z ifodasini topadi, hayotimizning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimi, demokratik tamoyillarga asoslangani, umuminsoniy qadriyatlarning ulug‘lanayotganligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari nechog‘lik kafolatlangani hamda himoya qilinayotgani ko‘rinib turadi.
Prezidentimiz I.Karimov Konstitutsiyamizning mohiyatiga ta’rif berar ekan, shunday deb ta’kidlab o‘tgan edi: “Dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlarda hech bir fuqaro, hech bir odam o‘z ijtiomiy-shaxsiy hayotini, o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyasiz tasavvur eta olmaydi”. Darhaqiqat, davlatimizning Asosiy Qonuni – Konstitutsiyamiz mamlakatimiz buyuk kelajagining asosiy huquqiy kafolati sifatida jamiyatning rivojlanishi va davlat qurilishida ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga asos soldi.
Konstitutsiyamiz xalqimiz uchun nazariy-huquqiy hujjat – burch va majburiyatlarimiz majmuasigina emas, balki hayotimizni farovon etish, uni chinakam qonuniy asosda qurish, o‘z haq-huquqlarimizni ta’minlash, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini o‘rnatishning hayotbaxsh manbaidir.
Biz intilayotgan demokratik jamiyatning istiqboli, birinchi navbatda, demokratik qadriyatlar har birimizning qalbimiz va ongimizdan qay darajada chuqur o‘rin olishiga, bu qadriyatlarning nechog‘lik asrab-avaylanishi va kelajak avlodlarga yetkazilishiga bevosita bog‘liqdir. Bu borada esa Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetish, konstitutsion talablarga rioya etish o‘ta muhim sanaladi.
Xulosa sifatida shuni aytish joizki, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, “Har qanday davlatning obro‘-e’tibori uning Konstitutsiyasi hisoblanadi”. Zero, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Asosiy Qonundir. Shu ma’noda xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini ifoda etgan Asosiy Qonunimizni o‘rganish, targ‘ib etish va unga qat’iy rioya etish har bir fuqaroning muqaddas burchidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |