63-modda. Pensionerning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiyani to‘lash va dafn etish uchun nafaqa to‘lash
Pensioner olishi lozim bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar (19, 20-moddalar) doirasiga kiruvchi oila a’zolariga to‘lanadi. Ota-onasi, eri (xotini), shuningdek pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turgan oila a’zolari bu pulni, ular boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmaganlari taqdirida ham olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga ushbu oy uchun to‘liq to‘lanadi.
(63-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-oktabrdagi O‘RQ-726-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 03/21/726/1001-son)
Oilaning bir necha a’zosi murojaat etgan taqdirda pensiyaning ularga tegishli summasi ularning o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pensioner vafot etgan taqdirda uning oilasiga yoki pensionerning dafn marosimini o‘tkazgan shaxsga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining to‘rt barobari miqdorida dafn etish nafaqasi to‘lanadi.
(63-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ko‘rsatib o‘tilgan pullar, ularni olish uchun pensioner vafot etganidan keyin oltmish kun ichida murojaat etilgan taqdirda to‘lanadi.
(63-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-417-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 598-modda)
64-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan fuqarolarga pensiyalar to‘lash
Oldingi tahrirga qarang.
Chet elga doimiy yashash uchun chiqib ketishdan oldinroq tayinlangan pensiyalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga chiqib ketish to‘g‘risida ariza berilgan kundagi holatga ko‘ra pensiya miqdori hisobidan chet elga chiqib ketish oldidan 6 oy avval to‘lanadi.
(64-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 9-sentabrdagi O‘RQ-254-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 35-36-son, 300-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Bu fuqarolarning chet elda bo‘lgan vaqti uchun, mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida tayinlangan pensiyalargina to‘lanadi.
(64-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 5-yanvardagi O‘RQ-318-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 1-son, 4-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |