Morfologik yozuv. So‘z va uning qismlari qanday talaffuz qilinishidan qat’iy nazar, uning variantlaridan biri avvaldan qoidalashtirilgan shaklda, ya’ni asliga muvofiq yoziladi. Masalan: 1) kitob, maktab, ko‘plab, talab kabi so‘zlarda oxiridagi b undosh talaffuzda p tarzda jarangsizlanadi, biroq asliga muvofiq yoziladi; 2) shanba, sunbul, manba, aylanma so‘zlari o‘rtasida keladigan n undoshi talaffuzda o‘zidan keyingi undoshlarga moslashib shamba, mamba, sumbul aylamma tarzida aytiladi biroq asliga ko‘ra yoziladi; 3) do‘st, go‘sht, xursand kabi so‘zlar oxiridagi undosh tovush talaffuzda tushurilsa ham, asliga muvofiq yoziladi; 4) uch, to‘rt sonlariga -ala qo‘shimchasi qo‘shilganda uchchala, to‘rtta tarzida tovush orttirilgan holda talaffuz qilinsa ham asliga muvofiq yoziladi; 5) o‘zak tarkibida u undoshi bo‘lgan kulmoq, tug‘ilmoq, uch kabi so‘zlariga, -ib, - il, -in, -ish, - imsira affikslari qo‘shilganda affikslardagi i unlisi u tovushga moyilroq talaffuz qilinadi, biroq asliga muvofiq kulib, tug‘ildi, uchish tarzida yoziladi; 6) g‘ undoshi bilan tugaydigan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi -ga tarzda qo‘shiladi va shunday yoziladi: tog‘ga, bog‘ga, bug‘ga kabi. Shunday qilib, hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi o‘zak-negiz va qo‘shimchalarning bir xil qoida asosida yozilishini ta’minlaydigan morfologik yozuv, faqat yozma nutq talabiga rioya qilinadigan qoidalar majmuidan tashkil topadi.
Tarixiy - an’anaviy yozuv. So‘zlarning hozirgi talaffuzi va yozuv shaklidan qat’i nazar, tarixiy - an’anaviy me’yoriga amal qilgan holda yozish qoidasidir. Bu yozuv qoidasi ko‘proq zamonaviy shoir va yozuvchilarning asarlarida turli so‘z va affikslarning tarixiy shaklda ishlatilishi jarayonida ko‘zga tashlanadi: 1) buyruq - istak maylining -gin shakli - gil //g‘il tarzida keladi: Ey, munaqqid, sen g‘azalni ko‘hna deb kamsitmagil (A.Vohidov); 2) hozirgi adabiy tildagi maqsad ravishdoshining -gani shakli - gali // g‘ali // qali tarzda yoziladi: ko‘rgali keldingmi, yor, kuydurgali keldingmi, yor (qo‘shiqdan); 3) -mi so‘roq yuklamasining - mu tarixiy shakli qo‘llaniladi: Sevgini tortib bulurmu toshu tarozi bilan (E.Vohidov). Xuddi shuningdek, tarixiy - an’anaviy yozuv qoidalarini -gin //gil (borgin - borgil), - dan //din (jondan - jondin), ar // ur (kelar - kelur) kabi affikslar, nima //ne, u //ul kabi olmosh va boshqa turkumga mansub so‘zlarning tarixiy shakllarining ishlatilishi misolida ham kuzatish mumkin.
Shakliy yozuv o‘zlashgan so‘zlarning ular mansub bo‘lgan tildagi shaklini o‘zbek tilida ham saqlagan holda yozish qoidasidir. Xususan, arab, fors - tojik, rus va boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar qanday talaffuz qilinishidan qat’iy nazar, o‘zlashtirilgan tildagi orfografik qoidaga rioya qilinadi: 1) muhokama, muomala kabi so‘zlar talaffuzida muhokima, muomila tarzda aytilsa ham shakliy yozuv asosida yoziladi; 2) vise - prezident, eks - chempion kabi o‘zlashma so‘zlar shakliy yozuv talabiga ko‘ra chiziqcha bilan yoziladi, shuningdek, mojora, mutolaa, mushoira, mudofaa, matbaa, gramm, monolog, sentner, zoologiya singari ko‘pgina o‘zlashma so‘zlar ham talaffuz shaklidan qat’iy nazar shakliy yozuv qoidasiga ko‘ra yoziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |