Folkner "Qora musiqa" asarida tragek g‘oya
1897 yilning 25 sentyabrida AQSHning Missisipi shtatidagi Nyu-Olbani shaharchasida ziyoli oilada dunyoga kelgan Uilyamning otasi bir necha yillar universitetda ish boshqaruvchi vazifasida xizmat qilgan. Bobosi esa yaxshigina Yozuvchi bo‘lgan. Uning asarlaridan salmoqlisi sifatida «Memfisning oq atirguli» romanini tilga olish mumkin. Darvoqe, bo‘lg‘uvsi adibning onasi ham adabiyot shaydosi edi. Zero, bolakay Folkner dastlabki savodini aynan onasidan olgandi. Yuqoridagi omillarni nazarda tutgan holda Uilyamning Yozuvchi bo‘lib shakllanishida uning oilaviy muhiti jiddiy ta’sir o‘tkazgan, deyishimiz mumkin. Bir qarashda bu shubhasizdek tuyuladi. Biroq…
Uilyam 13 yoshida Estell Oldxem ismli qo‘shni qizni sevib qoldi. Muhabbatning uchqunlari «qog‘ozlarni yondirdi». Uilyam sevgisi, tuyg‘ulari va xayollari aksini qog‘ozga tushira boshladi. Samimiyat bilan sug‘orilgan she’rlari uni atrofdagilar nazariga tushirdi. Shundan so‘ng «shoir» maktabga bormay, bobosining yonida, bankda ishlay boshladi. Yillar ketidan yillar o‘tdi. Uilyam o‘zining «jo‘shqin lirika»si bilan «hammani yig‘latdi, qiz esa faqat beparvo jilmayib o‘tdi yonidan». Va oxir-oqibat u sevgilisiga yetisha olmadi, Estell 1918 yili «ag‘yor»ga turmushga chiqib ketdi.
Uilyam alamidan ko‘ngilli bo‘lib armiyaga ketmoqchi bo‘ldi, biroq bo‘yi pastligi uchun uni olishmadi. Yel universitetida o‘qiyotgan do‘stining uyiga borib yashay boshladi va o‘sha yerda Kanadaning harbiy havo kuchlari tarkibiga kirishga urinib ko‘rdi. Yo‘q, bu gal uning ozg‘inligi xalal berdi. Biroq qaysar «pakana» ortga chekinmadi. Harakatdan to‘xtamadi va alal-oqibat Torontodagi harbiy maktabga joylashishga muvaffaq bo‘ldi. Bir necha oydan so‘ng birinchi jahon urushi yakuniga yetgach, Folkner Oksfordga qaytib, Missisipi universitetida o‘qiy boshladi.
1919 yilda chop etilgan «Favnning kunduzgi uyqusi» she’ri Folknerning adabiy faoliyatga tomon bosgan birinchi qadami bo‘ldi. Bir yildan keyin diplomni ham qo‘lga kiritmay, universitetdan ketdi, romannavis va teatrshunos Stark Yang taklifiga ko‘ra Nyu-Yorkka jo‘nadi. U yerda kitob do‘konida sotuvchilik qildi. Keyin Oksfordga qaytib, universitetda pochtachi vazifasida ishlay boshladi. Biroq sobiq kitobfurush ish vaqtida kitob o‘qib o‘tirgani uchun ishdan haydaldi. 1925 yili Nyu-Orleanga kelib, Yozuvchi Shervud Anderson bilan tanishdi. Uning iqtidoridan xabar topgan Anderson «shoir»ga nazmda emas, nasrda ijod qilishni maslahat berdi. Chunki Folkner she’r texnikasi, ilmi, mahorati va tajribasiga ega bo‘lsa-da, she’rlari unga mashhurlik ostonasidan hatlashga umuman ko‘maklasha olmayotgan edi. Uning she’rlarida hamma narsa bor, «faqat birorta kamchilik yetishmasdi» (A. Muxtor. «Tundaliklar»dan), xolos.
Folkner shundan so‘ng roman yoza boshladi. 4 yilda 3 ta romani bosildi: «Askar mukofoti», «Chivinlar», «Sartoris». Ammo uchalasi ham muvaffaqiyat qozona olmadi. «Shovqin va g‘azab»gina (1929 yil) tanqidchilar e’tiborini o‘ziga tortdi. Mazkur roman o‘ziga xos uslubda yozilgandi. Asardagi har bitta voqea turli nuqtai nazardan turib yoritilgani bilan diqqatga sazovor edi. Asarni o‘rganib chiqqach, munaqqidlar bir ovozdan uni «ulug‘ roman» deyishdi.
Elektr stantsiyasidagi tungi ish vaqtlarida, 6 hafta ichida yozib tugatgani «O‘lim to‘shagida» (1930 yil) romani esa muvaffaqiyatsiz chiqdi. Shundan keyin «Shunday narsa yozayki, — deya ahd qildi Folkner, — undan dahshatlisi bo‘lmasin!» Oradan 3 hafta o‘tib, «Ibodatxona» asarini yozib tugatdi. 1931 yili chop ettirdi. Romanda gangster tomonidan zo‘rlangan ayolning fohishaxonadan boshpana topishi voqealari tasvirlangan. Kitob «bestseller» (yeng ko‘p sotilgan) bo‘lib ketdi.
Folkner asarlari fransuz tiliga o‘girilgach, Yevropada juda mashhur Yozuvchiga aylandi. Uni sevib o‘qishar, muhokama qilishar va qoyil qolganliklari haqida to‘lqinlanib gapirishardi. Adib 1949 yili Nobel mukofotiga loyiq deb topildi. Mukofotni topshirish marosimida so‘zlagan nutqida Yozuvchilik to‘g‘risida so‘z yuritarkan, u shunday degandi: «Yozuvchi o‘z «ustaxonasi»dan yurak haqiqati, asarni mangulikka doxil etuvchi muhabbat, or-nomus, muruvvat, g‘urur, rahm-shafqat, fidoyilik singari azaliy-abadiy qadriyatlardan bo‘lak hammasini itqitib tashlamog‘i lozim…»
Darhaqiqat, Uilyam Folknerning kichik jussasidagi katta yuragi muruvvatga, shafqatga, g‘ururga, muhabbatga to‘la edi. Zaminga, borliqqa, hayotga, insonga, o‘lmas umumbashariy qadriyatlarga muhabbat, onasiga, ayolga bo‘lgan ulkan muhabbat… Va Estell Oldxemga bo‘lgan, xotiroti mulkiga aylanib qolgan o‘sha sevgisi! Adibning «Qora musiqa» hikoyasi yakunida shunday satrlarga ko‘zingiz tushadi: «…xotinlar o‘z nomi bilan xotinlar. Ba’zan ularni erkalab qo‘yish kerak. Ular shunga arziydilar.
Uilyam Folknerning “Qora musiqa” hikoyasi, Etel Voynichning “So‘na” romani, Alberto Moravianing “Rimlik ayol” va “Nafrat” romanlari… Bu asarlarni yagona bir g‘oya yoki yo‘nalish birlashtirib turmaydi. Har biri o‘ziga xos yozilgan. Folknerning noodatiy tasviri, Voynichning voqealar tizginini asar oxirigacha bo‘sh qo‘ymasligi, Moravianing turli jins vakillari o‘y-fikrlarini mahorat bilan, Freydning psixoanaliz yo‘nalishida tasvirlashi o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Biz bu asarlarni mutolaa qilayotganda qalam bilan ostiga chizilgan ayrim jumlalarni — o‘ziga xos hikmatlarni sizga taqdim etmoqdamiz.
Uilfrid Mijlston… soatlar va qo‘ng‘iroqlarning qistalang zabtida yashardi.
* * *
Jo‘ja bo‘lib tug‘ilgan ekansan, baribir hech qachon burgut bo‘lib qolmaysan, oxiri tovuq bo‘lasan, xolos.
* * *
Dunyoda odamlar hamma narsani bilib bo‘ldilar, degan gapga ishonmayman.
* * *
Dunyo hozirgiday bo‘lishi uchun million yil kerak bo‘ldi, deyishadi.
* * *
Ikkita odam bitta narsani butunlay boshqacha-boshqacha ko‘rishlari mumkin. Hatto bitta odamning o‘zi turlicha ko‘rishi mumkin — hammasi qayerga qanday qarashga bog‘liq.
* * *
Odamlar o‘zlari ko‘rgan narsalarni hikoya qiladilar, bo‘lgan-bo‘lmaganligi bu boshqa gap.
Do'stlaringiz bilan baham: |