Statement by the President in His Address to the Nation


Delower: Sezar Rodney, Jorj Rid, Tomas Mkkin Merilend



Download 80,5 Kb.
bet8/8
Sana11.01.2017
Hajmi80,5 Kb.
#171
1   2   3   4   5   6   7   8
Delower: Sezar Rodney, Jorj Rid, Tomas Mkkin

Merilend: Samuel Cheyz, Uilyam Paka, Tomas Stoun, Charlz Kerrol of Kerrolton

Virjiniya: Jorj Visz, Richard Henri Li, Tomas Jefferson, Benjamin Harrison, Tomas Nelson, Jr., Fransis Laytfut Li, Karter Brakston

Shimoliy Karolina: Uilyam Hooper, Josef Hivis, Jon Pen

Janubiy Karolina: Edvard Rutledj, Tomas Hyuvard, Jr., Tomas Linch, Jr., Artur Middlton

Jorjiya: Batton Jvinnet, Laymen Hol, Jorj Wolten.


AQSh Mustaqillik Deklaratsiyasiga qisqacha izoh va sharhlar
Amerika Qo`shma Shtatlarining uchinchi prezidenti Tomas Jefferson (1743-1826) tomonidan yozilgan “Mustaqillik Deklaratsiyasi” AQSh tarixidagi eng muhim tarixiy hujjatlardan biri hisoblanadi. Unga AQSh davlatining “tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasi” sifatida ham qarash mumkin. Huquqiy nuqtai nazardan esa, u haqiqatda, Buyuk Britaniya qaramligidan xalos bo`lgan yangi mustaqil davlatning birinchi qonuniy poydevori bo`lib xizmat qildi. Zotan, keyinchalik qabul qilingan AQSh konstitutsiyasi esa yangi davlatni huquqiy ma`noda to`la shakllantirdi.

Allaqachon boshlanib ketgan Mustaqillik urushi girdobida qolgan xalqni yagona g`oya atrofida birlashtirish va ularni mustaqil davlatchilik tomon ilhomlantirish zaruriyati mazkur deklaratsiyani dunyoga kelishini taqozo etgan bo`lsa, ajabmas. Mazkur hujjat ana shu tarixiy vazifani ado eta oldi. Zotan, uning ahamiyatini o`sha davrdagi tarixiy shart-sharoitlar bilan bog`lash ayni maqsadga muvofiqdir.


Boy va afsonaviy Hindiston va Xitoyga olib boradigan suv yo`lini qidirib topish maqsadidagi Ovrupaliklarning tavakkalona urinishlari o`sha vaqtga qadar mutlaqo yangi qit`ani – ummon ortidagi hududlarni kashf etilishiga olib keldi. Kristofor Kolumb (Christopher Columbus, 1451-1506) boshchiligidagi Ispaniyaliklar 29 kunlik yo`lni bosib o`tib, 1492 yil 12 Oktyabrda hozirgi Markaziy Amerika tuprog`i (San Salvador)ga qadam qo`ydilar. Tarkibida Italiyalik xaritashunos Amerigo Vespuchchi (Amerigo Vespucci yoki lotincha Americus Vespucious, 1454-1512) bo`lgan boshqa bir Ispaniyalik sayyohlar esa 1499 yil 23 Avgustda Janubiy Amerika qirg`oqlariga (hozirgi Giena) etib bordilar. Amerigo Vespuchchining safar xotiralari bitilgan asarlari (“To`rt maktub”, “Yangi dunyo”) Ovrupa bo`ylab keng tarqalarkan, undan manba olgan olmon xaritashunosi Martin Voldsimyuller (Martin Waldseemuller, 1450-1522) 1507 yilda birinchi dunyo xaritasini yaratdi va yangi ochilgan qit`aga yanglish tarzda “Amerika” deb nom berdi. (Bu aslida Amerigo Vespuchchining lotincha ko`rinishdagi “Americus” ismining ayol jinsdagi shaklidir, “Amerigo” mazmunan ingliz tilidagi Henri ismiga to`g`ri keladi). Shunday qilib mazkur jug`rofiy kashfiyotlar ayni paytda Ovrupaning mustamlakachilik yurishlariga yangi maydon yaratdi.

XV-XVI asrlar bo`ylab yangi qit`aning Markaziy va Janubiy Amerika qismi Ispaniya va Portugaliya tomonidan zabt etildi. XVII asrdan boshlab Buyuk Britaniya, Fransiya va Niderlandiya ham ular qatoridan joy oldi, biroq bu yangi istilochilar ko`proq Shimoliy Amerika tomon nishon oldilar.

Buyuk Britaniyaning 1586 yildagi Shimoliy Karolinaga qisman bosh suqib qo`yganini hisobga olmaganda, uning birinchi mustamlakasiga 1607 yilda hozirgi Virjiniya shtatining Jeymstaun shahrida asos solindi. Keyinchalik o`z ta`sirini muttasil kengaytirib borgan inglizlar o`z raqiblari Fransiya va Ispaniyani talay hududlardan siqib chiqara oldi. Bu davrda Fransuzlar Shimoliy Amerikaning markaziy hududlarini, Ispanlar esa janubiy sarhadlarini o`z nazoratiga olgan edilar.

1754-1763 yillar davom etgan Fransuzlar va Hindular urushi (bu urush o`sha paytda Ovrupani qanrab olgan Etti yillik urush (1756-1763)ning mustamlakalardagi davomidir) natijasida Buyuk Britaniya Fransiyadan Quyi Kanada, Ohayyo, Illinoys, Missisipi hududlarini tortib oldi. 1763 yil 10 Fevralda imzolangan Parij shartmonasi Shimoliy Amerikada inglizlar ta`sirini mustahkamladi. 1763 yil 7 Oktyabrdagi Buyuk Britaniya va Irlandiya Birlashgan Qirolligi qiroli Jorj III (Jorj Uilyam Frederik, 1738-1820) nomidan e`lon qilingan Britan hukumatining Qirollik Bayonnomasi (Royal Proclamation of 1763) Quyi Kvebek, G`arbiy va Sharqiy Florida, Grenada kabi yangi mustamlaka hududlarini tashkil etdi va rasmiylashtirdi. Shunday qilib, Mustaqillik urushi arafasida mustamlaka hududlar soni 40 taga yaqinlashib qolgan edi. Ular Qirol tomonidan tayinlanadigan gubernatorlar tomonidan alohida va o`z holicha boshqarilar hamda boshqaruv va hayot tarzlariga ko`ra bir-biridan farq qilar edilar. Ular orasidagi o`zaro ishonch va birodarlik rishtalari u qadar mustahkam emas, va bu holat ularning o`zaro savdo aloqalariga, qolaversa, “yovvoyi” Hindu qabilalariga qarshi birgalikda muvaffaqiyatli kurash olib borishiga pand berib kelardi.

Tarqoq mustamlaka hududlarni yagona va kuchli ittifoqqa birlashtirish g`oyasi anchadan beri etilib kelayotganiga qaramay, bu harakat turli sabablarga ko`ra rad etib kelinar edi. Jumladan, bu kabi kuchli ittifoqni paydo bo`lishini Qirol istamas edi, shuningdek, mustamlaka hududlar ham mazkur ittifoq tarkibiga kirish bilan o`zlarining hamin qadar mustaqilligini yoqotib qo`yisdan cho`chir edilar. Misol tariqasida, 1754 yil 19 Iyundan-11 Iyulga qadar davom etgan Albani Kongressini eslab o`tish ayni o`rinlidir. Nyu Yorkning Albani shaharchasida bo`lib o`tgan mazkur kongressga ettita mustamlaka hudud (Konnektikut, Merilend, Massachusets, Nyu Hempshir, Nyu York, Pensilvaniya, Roud Ayslend) vakillari ihtirok etdilar. Unda Pensilvaniya hududi vakili Benjamin Franklin taklif etgan “Katta kengash” deb atalgan ittifoqqa birlashish va birgalikda umumiy mudofaa, yangi hududlarni egallash, Hindu qabilalari bilan yakdil aloqalar olib borish g`oyalari qo`llab-quvvatlanmadi va qirol Jorj II (1683-1760) tomonidan qat`iyan rad etildi.

Shunga qaramay, mazkur g`oyalar keyinchslik 13 ta shtat vakillari ishtirok etgan Shtatlarning II Kontinental kongressi (1775 yil 10 may-1789 yil 3 Noyabr (I Kongress 1774 yil Sentyabr-Oktyabrda bo`lib o`tgan edi) tomonidan 1777 yil 15 Noyabrda qabul qilingan “Konfederatsiya me`yorlari” (Articles of Confederation) deb atalgan hujjatda o`z aksini topdi. Unga ko`ra AQSh konfederatsiya shaklidagi davlat sifatida e`tirof etilgan va bu holat 1787 yil 17 Sentyabrda qabul qilingan AQSh konstitutsiyasi kuchga kirgunga qadar (1789 yil 4 Mart) davom etdi.


Ayni paytda, Qirol ma`muriyati bilan mustamlakalar orasida tanglik tobora kuchayib bordi va u oxir-oqibat Mustaqillik urushining boshlanishiga olib keldi. Bu urush boshlanishining bir qator sabablari bor, albatta. Ulardan birinchisi shuki, allaqachon talaygina boylik va yanada boyish imkoniyatlarini qo`lga kiritib olgan mustamlakalar endilikda o`z farovonliklarini sobiq vatandoshlari bilan baham ko`rishni istamay qoldilar. Ikkinchisiga kelsak, Ovrupadagi Etti yillik urush (1756-1763), Shimoliy Amerikadagi Fransuzlar va Hindular urushi (1754-1763) tufayli xazinasi bo`shab qolgan Qirol hukumati uning o`rnini mustamlakalar hisobiga to`ldirish payiga tushib qolgan edi. Shundan kelib chiqqan holda, urush Qirol va mustamlakalar orasidagi iqtisodiy qarama-qarshiliklar natijasi bo`ldi, desak xato bo`lmaydi.

Chunonchi, 1763-1773 yillar davomida Buyuk Britaniya hukumati mustamlakalar ziyoniga bir necha bor yangi soliqlar joriy etdi. 1764 yil mustamlakalar tomonidan o`zaro ayirboshlashni osonlashtirish maqsadida chiqarilgan mahalliy pul birliklarida qarz to`lovlarini to`lashni taqiqlovchi Pul to`lovlari Hujjati (Currency Act), mustamlakalar tomonidan import qilinadigan shakar, vino, kofe mahsulotlariga soliq solishni nazarda tutuvchi Shakar solig`i to`g`risidagi Hujjat (Sugar Act) ana shular jumlasidandir. 1765 yilda barcha qog`oz mahsulotlari (gazeta, jurnal, hujjatlar, qartalar)ga Muhr solig`i (Stamp Act) deb atalgan yana bir bevosita soliq joriy etildi va mustamlakalarning qattiq qarshiligiga duchor bo`ldi. Mana shunday mahsulotlarga yana bir import solig`i 1767 yilda Moliya vaziri Charlz Taunshend taklifiga asosan joriy etildi va u Taunshend Hujjati (Townnshend Act) deb nom oldi. Nihoyat, 1773 yil Britaniya hukumati Choy to`g`risida Hujjat (Tea Act)ni qabul qildi. Unga asosan, kasodga uchrayotgan Shimoliy Hindiston Britaniya kompaniyasiga choy mahsulotlarini sotishda monopol huquqlar berish uchun uning tomonidan mustamlakalarga import qilinayotgan choyga belgilangan soliq bekor qilindi. Bu esa Niderlandiyadan arzon choy olib kelayotgan mahalliy savdogarlar manfaatiga putur etkazar edi. Natijada, 60 ga yaqin Bostonliklar 1773 yil 16 Dekabrda Boston portiga kirib kelgan uchta kemaga hujum qildilar va 342 ta qadoqlangan choy qoplarini dengizga uloqtirdilar. “Bostoncha choyxo`rlik” nomi bilan tarixga kirgan bu voqea Mustaqillik urushining boshlang`ich nuqtasi bo`ldi.

Bunga javob o`laroq, Britaniya hukumati 1774 yilda bir qator majburiy choralarni nazarda tutuvchi Majburlovchi Hujjatlarni (Coercive Acts) e`lon qildi va keltirilgan zararni to`lashni talab qildi. Boston shahri mazkur talabni rad etgach, Qirol Boston portini yopib qo`ydi va Massachusetsga yangi gubernator tayinladi. Mustamlakaga harbiy qo`shinlar jo`natila boshlandi va amalda urush harakatlari o`t oldi.
Qariyb sakkiz yil davom etgan (1775-1783) Mustaqillik uchun urush Amerika Inqilobiy urushi deb ham ataladi. 1775 yil 19 Aprelda Massachusets Shtatining Kembrij hududida joylashgan Leksington va Konkord shaharchalarida sachragan birinchi urush uchqunlari, tez orada butun mustamlakalar bo`ylab yoyildi. Bu ayni paytda, Mustaqillik urushining boshlang`ich nuqtasi ham edi. Avvaliga kuchli muntazam armiyaga ega bo`lgan Buyuk Britaniya kuchlari ustunligi bilan boshlangan urush oxir-oqibat mustamlakalarning to`la g`alabasi bilan xotima topdi.

1781 yilning 19 Oktyabrida Virjiniya Shtatining Yorktaun tumanida Buyuk Britaniya va mustamlaka kuchlari orasidagi oxirgi jangda qirol Jorj III (Jorj Uilyam Frederik, 1738-1820) tarafdorlari uzil-kesil mag`lubiyatga uchradi. 1783 yil 3 Sentyabrda tomonlar orasida Parij shartnomasi imzolandi va unga asosan Buyuk Britaniya mustamlakalar mustaqilligini tan oldi. Uning amaliy natijasi o`laroq, 1783 yil 25 Noyabrda oxirgi Britan qo`shinlari Amerika tuprog`ini tark etdilar.


Bu urush deyarli butun Amerikani qamrab oldi. Unda mustamlakalarda istiqomat qilayotgan barcha aholi: afrikalik amerikaliklar, ajnabiylar, tub Hindular ishtirok etdi. Bu urush endilikda o`zlarini mustaqil va erkin shtatlar deb atagan hamda yagona davlatga birlashish istagini bildirgan 13 ta mustamlaka hududlar tomonidan olib borildi. Zotan, o`sha paytda Shimoliy Amerikada 40 taga yaqin mustamlaka hududlar mavjud bo`lib, Mustaqillik urushi davomida ularning ba`zilari urushga umuman ishtirok etmadilar, ba`zilari jumladan, Nova Skotiya, Nyufaundlend, Shahzoda Eduard oroli, Kvebek (keyinchalik ular Kanadaga qo`shib olindi) yoki Ispaniyadan tortib olingan Sharqiy va G`arbiy Florida (keyinchalik ular AQSh tarkibiga kirdilar) bu urushda Buyuk Britaniyani qo`llab-quvvatlab chiqdilar. Fransiya va Ispaniya mustamlakalar ittifoqchisi bo`lib maydonga chiqdi va Britan kuchlarining mag`lub bo`lishida hal qiluvchi omillardan biri bo`lib xizmat qildi.
Mustaqillik ne`matini olib kelgan urush ayni paytda, mustamlakalarga katta vayrongarchilik ham keltirdi. 200 mingga yaqin aholi (ularning aksariyati yuqumli kasalliklar tufayli) urush qurboni bo`ldi. Britaniya tomonida turib jang qilgan mahalliy Hindu qabilalari bilan yangi mustaqil shtatlar orasidagi adovat yanada chuqurlashdi. Ozodlik injusida jang qilgan qora tanli aholi foydasiga qulchilik bekor qilinmadi. Biroq, shunday bo`lsada, eng muhimi – Er yuzida AQSh degan yangi mustaqil davlat dunyoga keldi.
Mustaqillik Deklaratsiyasi ana shu mustaqil va ozod davlatning dunyo bo`ylab yangragan birinchi xitobi edi. Ayni paytda u ozodlik va erkinlikni yangi qit`a uzra tarannum etgan ash`ordir. Uning yagona bayroq ostiga xalqni birlashtira olgan jozibasi ham, kuchi ham, ma`vosi ham shundadir. Mustaqillik urushi boshlangandan so`ng 3 oy o`tib yozilgan ushbu hujjat yana salkam 8 yil davom etgan Mustaqillik urushining bayroq-yalovi bo`lib maydonga chiqdi. Unda mustaqillik urushining sabablari to`la ochib beriladi. Qirolning adolatsiz boshqaruv tuzumini nayranglari fosh etiladi. Ozodlik va mustaqillik yo`lidagi inqilobiy kurashning azaliy va asliy mohiyatiga ta`rif beriladi: “Teran fikr, tabiiyki, uzoq vaqtdan beri umrguzaronlik qilayotgan Hukumatlarning yuzaki va o`tkinchi Sabablar tufayli inqirozga yuz tutishi mumkin emasligini uqtiradi. Tarix tajribasi dalolat berganidek, qaerdaki Zulm toqat doirasida ekan, Bashariyat o`zlari ko`nikib ketgan Boshqaruv shakllarini ag`darib tashlashdan iborat o`z Huquqlarini amalga oshirishdan ko`ra azob-uqubat chekib toqat qilishga ko`proq moyildirlar. Ammo, qachonki, Haqorat va Boshboshdoqlikning poyonsiz karvoni ayni bir maqsadni muttasil qutqulab, ularni mustabid Despotizmga mubtalo etish va bo`ysindirish yo`lidagi iddoni namoyon etar ekan, bunday Hukumatlarni ag`darib tashlash va o`zlarining ertangi taqdiri uchun Yangi Posbonlarni ta`minlab berish ularning (xalqning) Huquqi, ularning Burchidir”. Mazkur satrlarning mazmuni asrlar o`tibdiki eskirgan emas, ohori to`kilgan emas. U bugungi kunda-da, ozodlik va mustaqillik yo`lida kurash olib borayotgan xalqlarning-da so`zi, baralla ovozidir.
Mustaqillik Deklaratsiyasi mustamlaka hududlarni Buyuk Britaniya va Irlandiya Birlashgan Qirolligi tasarrufidan mustaqil deb e`lon qilgan va mustaqillikni siyosiy jihatdan rasmiylashtirgan huquqiy hujjatdir. Bunday hujjatni yaratish g`oyasi dastavval AQSh mustaqilligining g`oyaviy asoschilaridan biri bo`lgan Tomas Pein (Thomas Paine, 1737-1809) tomonidan 1776 yil 10 Yanvarda e`lon qilingan “Umumiy hissiyotlar” (“Common sense”) pamfletida o`z aksini topdi. Keng xalq orasida mashhur bo`lgan mazkur risolada Britanya istibdodiga barham berish zaruriyati chuqur mantiq bilan asoslab berilgan edi.

II Kontinental Kongressning Birinchi sessiyasini (May 10, 1775 yil 10 May – 1776 yil 12 Dekabr) 1776 yil 11 Iyunda bo`lib o`tgan majlisida Virjiniya vakili Richard Henri Li (1732-1794) tomonidan taklif etilgan Mustaqillikni e`lon qilish go`yasi qabul qilindi va maxsus qo`mita tuzildi. Jon Adams (Massachusets), Benjamin Franklin (Pensilvaniya), Tomas Jefferson (Virginiya), Robert Livingston (Nyu York) va Rojer Sherman (Konnektikut)lardan iborat mazkur qo`mitaga Mustaqillik Deklaratsiyasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Bu yo`ldagi asosiy ma`suliyat esa keyinchalik ikki marta AQSh prezidentligiga saylangan (1801-1809 yillar) 33 yoshli Virjiniya vakili o`tkir qalam sohibi Tomas Jeffersonga yuklandi. Tomas Pein va Jon Lokk asarlaridan ilhomlangan Jefferson qisqa muddat davomida ilk loyihani yozib tugatdi va qo`mita muhokamasiga taqdim etdi. Loyiha dastavval B. Franklin nazaridan o`tdi va navbatma-navbat qo`mitaning boshqa a`zolariga qo`liga etib bordi. Qo`mita Jefferson loyihasiga sezilarli o`zgartirishlar kiritdi1, shuning uchun ushbu deklaratsiya muallifi faqat Tomas Jeffersondir, deyish ham u qadar adolatdan bo`lmas. Qolaversa, loyiha taqdim etilgach (ushbu loyihaning asl nushasi hozirda Kongress kutubxonasida saqlanmoqda) II Kontinental Kongress ikki kun davomida (1776 yil 2-3 Iyul kunlari) unga qayta ishlov berdi. Nihoyat, 13 ta hudud vakillari ishtirok etgan II Kontinental Kongress 1776 yil 4 Iyulda hozirgi tugal ko`rinishdagi Mustaqillik Deklaratsiyasini rasman qabul qildi va e`lon etdi. Deklaratsiya nushalari butun mustamlakalar bo`ylab tarqatildi va bir nushasi Qirol ixtiyoriga ham yo`llandi. 1776 yil 2 Avgustda unga a`zo shtatlar tomonidan imzo chekildi, biroq shunga qaramay 4 Iyul sanasi Mustaqillik kuni sifatida tarixga darj etildi. Shu asosda Amerika Qo`shma Shtatlari davlati tashkil topdi.


Mustaqillik Deklaratsiyasi mantiqan uch qismdan tashkil topgan.

Muqaddima qismida xalqning hokimiyatni yagona manbai ekanligi, har bir shaxs teng yaratilganligi hamda Tangri tomonidan ajralmas huquqlar2 bilan siylanganligi e`tirof etiladi. Bir so`z bilan aytganda, unda demokratik jamiyatning asosiy tamoyillari bo`lmish tenglik va inson huquqlari o`z ifodasini topgan. Mazkur Muqaddimadagi asosiy g`oyalar Jon Lokk, Tomas Pein asarlari va Jorj Meyson tomonidan 1776 yil May oyida yozilgan “Huquqlar bo`yicha Virjiniya Deklaratsiyasi” kabi manbalardan olingan.

Ikkinchi qism Qirol hukumati nayranglari va kirdi-korlarini fosh etuvchi dalillarga bag`ishlangan. Shuning uchun bu qismni ayblovlar yoki shikoyatlar qismi deb atash mumkin.

Nihoyat, uchunchi qism tantanali bayonot qismidir va unda mustaqillik tantanali e`lon qilinadi.


Taxminan ikki ming so`zdan iborat AQSh Mustaqillik Deklaratsiyasi Amerika xalqlari, qolaversa, jahon xalqlari tarixida muhim siyosiy hujjat sifatida e`tirof qozonishga sazovar bo`ldi. Deklaratsiya demokratik ravnaq va taraqqiyot uchin benazir ulush bo`lib qo`shildi. Undagi tabiiy huquqlar va xalqlarning o`z taqdirini o`zi belgilash huquqi konseptsiyasi keyinchalik AQSh va boshqa mamlakatlar konstitutsiyalaridan joy oldi. Qolaversa, u 1945 yil 2 Sentiyabrda e`lon qilingan Vetnam va 1965 yil 11 Noyabrda qabul qilingan Rodeziya respublikalarining Mustaqillik Deklaratsiyalari uchun namuna bo`lib ham xizmat qildi.

Quyidagi o`lmas satrlar uning ahamiyatini kelgusi yuz yilliklar osha yangi bashar avlodlari uchun saqlab qolsa, ajab emas: “Barcha kishilar teng yaratilgan. Yashash, Ozodlik va o`z Baxtini o`zi qidirib topish kabi huquqlarni o`z ichiga olgan bir qator Ajralmas huquqlar ila Ular o`zlarining Parvardigori tomonidan marhamat qilinganlar.”




1 Bu o`zgartirishlar bilan Tomas Jefferson uzoq vaqtga qadar shaxsan kelisha olmay yurdi. Chunonchi, uning birinchi qoralamasida qullik mahkum etilgan va “hamma kishilar ozoddirlar”, degan jumlalar mavjud edi. Biroq, bu jumlalar keyingi tahrirlarda tushib qoldi. Chamasi, o`sha davrdagi tuzum qullikdan xalos bo`lishga tayor emas edi. Darhaqiqat, buning uchun sal kam 100 yil kutishga to`g`ri keldi. 1965 yil 18 Dekabrda AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan XIII O`zgartirish qullikka rasman va tugal barham berdi. Bunda AQShning 16-Prezidenti Abraham Linkolnni unitilmas hissasi bor.

2 Dastlabki loyiha qoralamasida T. Jefferson “Inalienable”, ya`ni biror shaxsning boshqa kishi ixtiyoriga o`tkazib bo`lmaydigan va o`tkazish mumkin bo`lmagan ajralmas huquqi ma`nosidagi atamani ishlatgan. Biroq, keyingi loyiha matnlarida u Parvardigor tomonidan in`om etiladigan tug`ma-tabiiy, ya`ni ajratib bo`lmas ma`nosini beruvchi “Unalienable” atamasi bilan almashtirildi. Birinchi atama, odatda dunyoviy –huquqiy ta`rifni anglatsa, ikkinchi atama diniy-falsafiy yondashuvdan kelib chiqadi. Bir qator manbalarning guvohlik berishicha o`sha davrda keyingi atama kengroq tarqalgan va shu tufayli u birinchi atama o`rnini olgan bo`lishi mumkin. Hozirgi huquq fani nuqtai nazaridan ajralmas huquqlar deyilganda, insonning so`z erkinligi, vijdon va e`tiqod erkinligi, mulkka egalik huquqi, teng himoyalanish huquqi va shaxsiy huquqlari kabilar tushiniladi.

Download 80,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish