Dоrivоr o’simliklardan оlinadigan fitоpreparatlarning farmatsevtika sanоatidagi o’rni va ahamiyati.
Aholining sog‘lig‘ini saqlash va ularga kerakli bo'lgan yuqori malakali tibbiy yordamni o'z vaqtida ko'rsatish hamda kasallikning oldini olish kabi tibbiyotning asosiy masalalarini faqatgina vrachlar bilan farmatsevtlarning hamkorlikdagi olib borgan ishlari orqali amalga oshirish mumkin.
Bu ishda malakali tibbiy xodimlarning kasallikni o'z vaqtida kuzatish bilan bir qatorda bemorga kerakli bo'lgan dori-darmonlarni tezlik bilan yetkazib berishning ahamiyati juda katta. Yuqori samarali dorivor vositalarsiz xastalikni davolash to'g'risida gap bo'lishi ham mumkin emas.
Turli kasalliklarni davolashda ishlatiladigan dorivor vositalar o'simlik va hayvonlardan tayyorlanadi yoki kimyoviy sintez yo'li bilan olinadi.
Ma’lumki, xalq tabobatida ishlatiladigan dorivor o'simliklarning soni ilmiy tibbiyotda ishlatiladiganlaridan ancha ko'p.
Masalan, O'zbekiston xalq tabobatida 500 dan ortiq o'simliklardan shifobaxsh vosita sifatida foydalaniladi, lekin shulardan 100 dan ortig'i ilmiy tibbiyotda ishlatiladi. Agar xalq tabobatida ishlatiladigan o'simliklar har taraflama va ehuqur o'rganilsa, ularning ichidan shifobaxsh xususiyatga ega bo'lganlarining topilishi aniqdir. Hozirgi kunlarda ilmiy tibbiyotda ishlatilayotgan ko'pchilik dorivor o'simliklar o'z vaqtida xalq tabobatidan olingan. Shuning uchun ham xalq tabobatining dorivor o'simliklari yangi, yuqori samarali fitopreparatlar yaratish maqsadida ilmiy tekshirish ishlari olib borishda bitmas-tuganmas manbadir;
O'zaro yaqin bo'lgan filogenetik qardosh (bir turkum, ba’zan bir oilaga kiruvchi) o'simliklar kimyoviy tuzilishi bo'yicha bir xil yoki yaqin bo'lgan birikmalar sintez qiladi. Masalan, amigdalin glikozidi — ra’noguldoshlar, izotiotsianatlar— karamdoshlar (krestguldoshlar) oilalarining ko'pchilik turkum vakillari tarkibida uchraydi.
Tropan guruh alkaloidlar belladonna, mingdevona, bangidevona va skopoliya, ayrim steroid-glikoalkaloidlar (solaninlar, tomatinlar va boshqalar) ituzum turlariga xosdir. Bunday misollarni ko'p keltirish mumkin. Demak, ma'lum turkumning biror turi dorivor o'simlik bo'lsa, qolganlari ham shu xossaga ega bo'lishi mumkin. Chunki ularning tarkibida bir xil kimyoviy birikmalar bo'lishi kerak. Shu keltirilgan qardoshlikni hisobga olgan holda angishvonagul, adonis, afsonak, crizimum, do'lana, na’matak va boshqalarning tibbiyotda ishlatilmaydigan turlarini o'rganish natijasida birqancha yangi o'simliklar va fitopreparatlar davolash amaliyotiga tatbiq etildi;
Floraga boy bo'lgan tumanda o'sadigan hamma o'simliklarni turli (yoki aniq bitta) biologik faol moddalarga sifat reaksiyalar qilinib, so'ngra miqdori aniqlanib ko'rilsa, albatta, ular ichidan bir qancha ayrim kimyoviy birikmalarni (yoki izlangan ma’lum biologik faol moddani) ko'p saqlaydigan turlari topiladi. Keyinchalik ularni har taraflama ehuqur o'rganish natijasida yangi fitopreparat yaratish mumkin yoki yangi dorivor o'simlik sifatida ishlatish mumkin.
Shuning uchun ham tibbiyot amaliyotida qo'llaniladigan dorivor o'simliklar va fitopreparatlar (umuman, boshqa sintetik preparatlar ham) ro‘yxati o‘zgarib turadi. Eskirgan, o'z qimmatini yo‘qotganlari yangisi, ko‘proq samarali, kam zaharli va yomon asorat qoldirmaydiganlari bilan almashtirib turiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |