«Zaynularab» dostoni “Jangnomai Imom Muhammad Hanafiya” nomi bilan ham yuritiladi. Asar xalq dostonlari va yozma adabiyotda mavjud bo’lgan ishqiy-sarguzasht dostonlarga yaqin bo’lib, masnaviyda yozilgan. Bu mavzu fors-tojik tilida ijod etgan Kova qizi Roviya (IX asr) hamda o’zbek shoiri Sayqaliy ijodida kuzatiladi. Dostonning asosiy qahramonlari Hazrati Ali, uning o’g’illari Muhammad Hanifa, Imom Hasan va Imom Husayn kabi diniy-tariхiy shaхslar bo’lib, ular хalq qissalari va dostonlaridagi qahramonlar sifatida harakat qiladilar, ezgulik uchun kurashadilar. Bosh qahramonlardan biri Muhammad Hanifa jasoratli, aqlli va komil axloqli inson sifatida talqin etilgan. Uning sevgilisi asli Rustam naslidan bo’lgan Zaynularab Muhammad Hanifani tushida ko’rib sevib qoladi. Asarda ular o’rtasidagi samimiy sеvgi, do’stlik, vafodorlik tuyg’ulari jozibali qilib tasvirlangan. Malika Tug’ro, Amloq, Shoh Anqo, Kibr, Tahroq, Qatron, Qo’rqoq kabi timsollar bosh qahramonlar ma’naviyatini sinovlardan o’tkazishda ishtirok etuvchi qo’shimcha timsollar sifatida talqin etilgan.
Andalibning «Yusuf va Zulayho»si5 “Qur’on”, Rabg’uziyning «Qasosul anbiyo»si tarkibidagi «Qissai Yusuf» asosida yaratilgan bo’lib, muallif asarning yozilish tarixi, sabablariga alohida to’xtaladi. Uning e’tiroficha, doston turkigo’y qavmlar ehtiyojini inobatga olib yaratilgan. Asar oshiqi pokdomonni kamolga yetkazishga, haqiqiy ishqdan saboq berishga mo’ljallangan:
Dedi alar: Andalibi benavo,
Ko’nglimiza tushti ajab mojaro.
Bor qisas ichra ajab doston
Ne bo’ladur qilsang ani bo’ston.
Yusuf-u Siddiq-u Zulayhoni sen,
Turki xaloyiqda qilib bir chaman.
Eldin ela olib ani qilsa bo’y,
Bir necha zebolar ichra guftugo’y.
Ishqi haqiqiyni saboq aylasun,
Bo’yla erur oshiqi pok aylasun.
Doston an’anaviy mavzu va sujet asosida yozilganligi sababli uning ham asosiy mavzu va sujeti ilgari yozilgan asarlarga o’xshash . Lekin Andalib sujetni hikoya qilishda ko’proq qahramonlarning payg’ambar sifatidagi xuxusuyatlariga emas, balki real inson singari harakat qilishlariga e’tibor qaratadi.
Dostonda Yusuf aql-u idrok, donishmandlik, muhabbatda sadoqat ramzidir. U mehribon farzand, g’amxo’r aka, samimiy yor sifatidagina emas, doimo xalqqa g’amxo’rlik qiluvchi inson sifatida ham tasvirlanadi. Yusufning xalqparvarligi Andalib tomonidan alohida e’tibor bilan tasvirlangan. U Moliki Zag’arga akalari tomonidan sotilar ekan, quyidagicha nola qiladi:
Ayroliqni o’ti, dardi yomondur,
Otamning boshina oxir zamondur,
Bu ketmaktin endi kelmak gumondur
Elim, xalqim, qarindoshim, omon bo’l.
Umuman, muallif o’z davriga xos bo’lgan muhim masalalarni, zamondoshlari orzu-umidlarini asarga singdiradi.
Andalibnning «Layli va Majnun» dostoni ham an’anaviy mavzuda yaratilgan bo’lib, muallif Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Jomiy, Navoiy, Xotifiy, Fuzuliy ning shu nomdagi dostonlari bilan tanish bo’lgan. Ayniqsa, asrdan Fuzuliy “Layli va Majnun”ining tili, ifoda uslubi, timsollar qo’llanishi va sujet tizimining ta’siri kuchli bo’lganligi seziladi. Bu hol ikki dostonning bir-biriga qiyosiy tahlili jarayonida ochila boradi. Tadqiqotchilarning хulosalariga ko’ra, ikki shoir, salaf va хalaf asarlari sujеtidagi umumiy, mushtarak tomonlar, epizodlar, tasvirlar bilan birga Andalib dostonida Fuzuliy dostoniga o’хshamagan qator yangi epizodlar, lavhalar, o’rinlar ham anchadir. Fuzuliyning «Layli va Majnun» dostoni o’z tuzilishi, arхitеktonikasi, tasvir uslubiga ko’ra kitobiy dostonchilik namunasidir. Uning dostoni хamsanavislikdagi «Layli va Majnun» dostonlarining davomidir. Nurmuhammad Andalib dostoni uslubi, tili va tasviriy vositalarining soddaligi bilan ajralib turadi. Unda хalq kitoblari, qissalariga хos хususiyatlar ustun turadi. Bu asar Andalibning boshqa dostonlari kabi nasr-u nazm aralash yozilgan. Umuman, Andalibning dostonlari tarkibida uning g’azal, murabba’, maktub, muхammas, mustazod shakllaridagi shе’rlaridan ham kеltiriladi.
Nurmuhammad Andalib asarlari keyingi davr shoirlari ijodiga samarali ta’sir ko’rsatdi. Munis, Muxlis kabi shoirlar uning g’azallariga muxammaslar bog’ladilar. Maxtumquli, Rizoiy, Zoriy, Zavqiy, Furqat kabi ijodkorlar naziralar yaratishdi. “Layli va Majnun” dostonida Majnun tilidan sayyodga qarata aytilgan «Sayding qo’yabеr sayyod, dilpora ekan mеndеk» misrasi bilan boshlanuvchi muхammasdan ta’sirlanib, Furqat musaddas yaratdi. Bunday adabiy dallilardan yana ko’p kеltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |