4. Geofazoviy ma’lumotlarni boshqarish
Oddiy tilda ma’lumot deb atashimiz mumkin, lekin GATda bu tushuncha birmuncha kengroq ma’noga ega. Ma’lumki, ma’lumotlar olamida ikki xil tushuncha bor, biri bu axborot bo‘lsa, ikkinchisi ma’lumotdir. Axborot bizning ko‘rgan voqea-hodisamiz bo‘lsa, ma’lumot o‘sha voqea-hodisaning inson ongida qayta ishlangan ko‘rinishidir. GATda ham ma’lumot joydan olingan birlamchi ma’lumotlarning qayta ishlanishidan hosil qilinadi. YUqoridagi ta’rifdan farqli ravishda bu axborot yoki birlamchi ma’lumot inson ongida emas, balki GATning maxsus dasturlari yordamida qayta ishlanib, ma’lumotlar bazasida saqlanadi va kelgusida foydalanuvchining istagiga qarab elektron yoki oddiy qog‘oz ko‘rinishida taqdim etiladi.
Ma’lumki, barcha aerokosmik suratlar rastr ko‘rinishida keladi, lekin geofazoviy ma’lumotlar bazasini tasvirlashimiz va yaratishimiz uchun bizga vektor ma’lumotlar zarur bo‘ladi. Odatda katta masshtabdagi geofazoviy ma’lumotlar aerokosmik tasvirlar orqali keladi va ular, ma’lumki, rastr ko‘rinishida bo‘ladi. Rastrlash yoki tayyor rastr ma’lumotlarni, o‘z navbatida, vektor formatga keltirish zaruriyati paydo bo‘ladi. Lekin vektor formatdan oldin rastr formatdagi tasvirlarga ishlov berish kerak. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, GAT tilida raqamli tasvirni qayta ishlash jarayoni (digital image processing) kerak bo‘ladi. Bu jarayon orqali tasvir aniqligi oshiriladi va keraksiz xatoliklar bartaraf etiladi. Bu maqsadlar uchun bir qancha raqamli tasvirni qayta ishlash texnik usullari ishlab chiqilgan. Bu usullarning ba’zilarini raqamli zondlash orqali olingan ma’lumotlargagina qo‘llash mumkin bo‘lsa, ba’zilarini faqatgina skanerlangan rastr tasvirlarga va boshqalari esa har ikkalasi uchun ham ishlatilishi mumkin. Barcha usullar umumiy 4 toifaga ajraladi va ular quyidagilardan iborat:
Boshlang‘ich qayta ishlash.
Tasvir aniqligini oshirish.
Tasvir formatini o‘zgartirish.
Tasvirni tasniflash va tahlil qilish.
Bizga ma’lum bo‘lgan geoaxborot tizimida ishlaydigan dasturlar yuqoridagi kabi qayta ishlash xususiyatiga ega emas. Buning uchun maxsus raqamli tasvirni qayta ishlovchi dasturlar ishlab chiqilgan. Bu jarayonda uzilgan chiziqlar birlashtiriladi, georeferenslash ishlari olib boriladi, kartalar proeksiyalanadi, tasvir masshtabi vektor formatdagi masshtabga moslashtiriladi, keraksiz bo‘lgan xatoliklar olib tashlanadi. Agar rangli tasvir bo‘lsa, oq-qora tasvir ko‘rinishiga keltiriladi, tasvir yorug‘ligi to‘g‘rilanadi, tasvirlar alohida tasvirlanadi yoki aksincha, bir necha kichik tasvirlar orqali katta umumiy tasvir hosil qilinadi.
5. Geoma’lumot bazasi so‘rovi
Ma’lumot bazasi so‘rovi (Database query), avvalambor, bizga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni bazadan so‘rash yoki talab qilib olish ma’nosini bildiradi. Bunda so‘rov maxsus buyruqlar yordamida amalga oshiriladi. YAnada aniqroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, atribut ma’lumotlar yoki kartografik ma’lumotlar o‘zaro ma’lumotlar bazasidagi jadvallarga bog‘langan bo‘ladi. Masalan, kartalar ustida ish olib borayotganimizda bizga ma’lum bir er uchastkasi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot kerak bo‘lib qoladi. Bu holda biz ma’lumot so‘rovini amalga oshiramiz.
Bu so‘rov to‘g‘ridan to‘g‘ri biz ishlayotgan kartaning ustida sichqoncha yordamida amalga oshirilishi yoki ma’lumotlar bazasidan olishimiz mumkin. Geofazoviy tahlil jarayoni orqali kelgusi GAT ishlarida shu so‘rovlar to‘g‘ri va aniq bajarilishi uchun ma’lumotlarni joylashtirish va ularni boshqarish usullari qo‘llaniladi.
Demak, fazoviy so‘rov (spatial query) bu bizga berilgan ma’lumotlar to‘plami yoki raqamli vektor formatdagi kartada belgilar yoki xususiyatlarni ularning geografik yoki fazoviy bog‘liqligiga qarab belgilash jarayonidir.
So‘rov (query) so‘zining ma’nosi birmuncha kengroqdir. Ba’zi dasturlar, asosan ArcView dasturlari orqali ma’lumotlar qatlam-qatlam ko‘rinishida ko‘rsatiladi va bunda buyruqlar orqali bizga kerak bo‘lgan ma’lumotlarni olishimiz zarur bo‘ladi. Masalan, siz ma’lum bir uzoqlikdagi va boshqa belgilarga (feature) qo‘shni bo‘lgan belgilarni yoki bir obekt ichidagi yoki kesishuvchi obektlarni topmoqchisiz. SHunday hollarda ham so‘rov ishlari amalga oshiriladi
Fazoviy so‘rovlar jarayoni turli mavzuli qatlamlardagi belgilar orqali bajarilishi mumkin. Agar qatlamlarning geografik o‘zaro bog‘liqligini tekshirmoqchi bo‘lsangiz, unda bir mavzuli qatlamni boshqasi bilan ustma-ust qo‘yishingiz kerak va bu jarayon fazoviy qatlamlashtirish (spatial overlay) deb ataladi. Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, ArcGIS dasturi orqali yaratilgan sheyp (shape) formatidagi qatlamlarni ustma-ust qo‘yish orqali siz turli nuqtali, poligonli, chiziqli obektlarni ko‘rishingiz, birlashtirishingiz yoki ajratishingiz mumkin bo‘ladi. Ammo ustma-ust qo‘yilayotgan qatlamlarning geografik koordinatasi bir xil bo‘lishi kerak (4.14-rasm).
Fazoviy so‘rov bu fazoviy tahlil jarayonining bir qismidir. Fazoviy tahlil turli tahliliy masalalarni hal etuvchi usullarni o‘z ichiga olgan.
Fazoviy so‘rovni siz yangi tijorat uchun joy izlashda, mavjud tijorat markazlarini bilishda va o‘z navbatida, ular orasidagi masofa va boshqa zarur ma’lumotlarni topishda qo‘llashingiz mumkin.
Geoaxborot tizimidagi barcha fazoviy so‘rovlar quyidagi turlarga bo‘linadi:
qamrab olish;
hudud;
to‘liq o‘rab olish;
qirqib olish;
chiziqlar kesishuvi;
qo‘shni belgilash;
yaqinlik;
fazoviy biriktirish;
kartani qatlamlashtirish;
o‘zaro birlashtirish.
|
4.14-rasm. Mavzuli qatlamlarni o‘zaro birlashtirish
(Manba: Internet)
|
Do'stlaringiz bilan baham: |