Topologiyalash – bu topologiya qurishning avtomatik yoki interaktiv (yarim avtomatik) jarayonidir. Lekin topologik bo‘lmagan modellarni vektor topologik modellarga o‘zgartirish jarayonini vektorlash jarayoniga kiritishimiz o‘rinlidir.
GATda qo‘llaniladigan topologiya tushunchasini kengroq yoki qiyosiy darajada geometriya fani orqali tushuntiradigan bo‘lsak, quyidagicha ta’riflash mumkin: GATdagi topologiyada fazoviy ma’lumotlar yoki vektor topologik modellardagi geometrik shakllarning bir-biriga nisbatan joylashuvi va ularning mazmun- mohiyati o‘rganilsa, geometriya fanida geometrik shakllarning fazoda qanday joylashganligi o‘rganiladi. Topologiyani tasvirlashda geografik obektlarning aloqadorlik ro‘yxati tuziladi, ya’ni bunda obektlarning bir-biriga qanday bog‘lanishi, davomiyligi va maydonli obektlarning chegaralanishi aks etadi.
Agar biz shu kungacha kartadagi obektlarni nuqta, chiziq va poligonlar yordamida tasvirlash usullarini o‘rgangan bo‘lsak, topologiya o‘sha usullarga qo‘shimcha hisoblangan mazkur obektlarning fazoviy jihatdan bir-biriga bog‘liqligini ham o‘rganadi. Masalan, kartada bir-biriga qo‘shni bo‘lgan ikkita er uchastkasini ko‘rishimiz mumkin. Raqamli kartalarda mana shunday bir-biriga bog‘liqliklarni tasvirlash usullari topologiya yordamida ko‘rsatiladi.
4.22-rasmda poligonlarning qo‘shni poligonlar bilan joylashuvi tasvirlangan (6 ta poligon) bo‘lib, doira ichidagi sonlar poligon tartib raqamlarini bildiradi. O‘ng tarafda joylashgan jadvalda har bir poligonni tashkil etuvchi polichiziqlar ro‘yxati berilgan.
Masalan, 2-raqamli poligon 4,6,7,10- va 8-raqamli polichiziqlar yordamida hosil qilinishi mumkin. 0 raqami bu erda 8-chiziqning yopiq chiziq ekanligini bildiradi. Har bir chiziqning koordinatasi uning pastki qismida berilgan.
|
4.22-rasm. Topologik ko‘rish jarayonida poligonni chegaralab turgan chiziqlar (Manba:Longley, 2005)
|
Bu jadvallar ham atribut ma’lumotlarga misol bo‘la oladi. Atribut ma’lumotlarning topologik ma’lumotlardan farqi shundaki, atribut ma’lumotlarda barcha tegishli ma’lumotlar kiritilsa, topologik ma’lumotlarda nuqta, chiziq, maydon yoki poligonlarning fazoviy bir-biriga nisbatan joylashuvi va uning o‘rni, koordinatalari keltiriladi. Atribut ma’lumotlar orqali biz ma’lum bir er uchastkasi to‘g‘risidagi huquqiy va iqtisodiy ma’lumotlarni keyinchalik hisobot yozish va tasavvur hosil qilish uchun bilsak, topologik ma’lumotlar asosida kartalardagi alohida qatlamlarni bir-biriga koordinatasining chegarasini moslab, ustma-ust qo‘yish uchun ishlatamiz.
4.23-rasm chiziqlar qaysi poligonlarni chegaralashi to‘g‘risidagi tushunchaga ega bo‘lishimizga yordam beradi. Demak, o‘ng va chap taraf poligon yoki maydonlarning joylashuvini bilgan holda, kartalarni bir-biriga ustma-ust qo‘yayotganda adashmasligimizga yordam beradi va aniqroq karta olishimizga imkoniyat yaratadi.
|
4.23-rasm. Poligonlarni chegaralash chiziqlari topologiyasi
(Manba: Longley, 2005)
|
Topologik jihatdan bir-biriga fazoviy bog‘liq obektlarni yaratish va ularni saqlash birmuncha qulayliklarni beradi. Topologiyani qo‘llaganda ma’lumotlar samaraliroq saqlanadi. Bu, o‘z navbatida, ma’lumotlar qayta ishlovini tezlashtirishga yordam beradi va katta hajmdagi ma’lumotlar to‘plamini qayta ishlash osonlashadi.
Topologiya mavjudligi turli xil tahliliy ishlarni bajarishga yordam beradi, jumladan, chiziqlarni koordinata turiga bog‘lab oqim modelini hosil qilish mumkin. Arc/Info dasturi doirasida 3 ta topologik tamoyil o‘rganiladi:
YOy va chiziqlar bir-biri bilan tugun (node) orqali bog‘lanadi.
SHaklni chegaralab turgan yoy chiziqlar poligonni ko‘rsatib beradi (shakl va maydonlarni ko‘rsatish).
YOy chiziqlar yo‘nalishga hamda o‘ng va chap taraflarga ham ega.
Topologik operatsiyalardan keyingi muhim bosqichlardan biri bu overley (qatlamlar) operatsiyalaridir. Topologik operatsiyalar ushbu operatsiyalarga misol bo‘la oladi. Bunda ikki yoki undan ortiq qatlamlar o‘zaro ustma-ust tushiriladi va kerakli ma’lumotlar to‘plami hosil qilinadi.
Ba’zida muammoni hal qilish uchun kartaga qarab u to‘g‘risida ma’lumot olishning o‘zi kifoya qilmaydi va shunday paytlarda ma’lumotni o‘lchash zarur bo‘ladi. O‘lchash ham so‘rovning bir turi hisoblanadi, biroq bunda GAT ma’lumotlar bazasida hech qanday obektlar belgilanmaydi. Bu usul orqali statistik, matematik, geometrik natijalar olinadi, xolos. Geofazoviy o‘lchovlarda ikki xil, ya’ni chiziqli va masofani o‘lchash juda keng qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |