F A R M O Y I SH H U J J A T L A R I
Farmoyish hujjatlari asosan tashkilot rahbari (dirеktor)ning buyruq, ko‘rsatma, farmoyishlari asosida vujudga kеladi. Farmoyish hujjatlari asosan tashkilot rahbarining buyruq, ko‘rsatma, farmoyishlari asosida yuzaga keladi. Farmoyish hujjatlarida vazirlik, idora, tashkilot faoliyatiga oid ma’muriy va tashkiliy masalalarning yechilishi belgilab beriladi. Bunday hujjatlar tashkilot faoliyatini boshqaradi va muvofiqlashtiradi, boshqaruv organiga uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishni ta’minlash imkonini beradi.
Farmoyish hujjatlari boshqaruv tizimi bo‘yicha yuqoridan quyiga: boshqaruvchi organdan boshqariladigan organga, tashkilot rahbaridan tarkibiy tuzilmalar va xodimlarga yo‘llanadigan qarorlarni o‘z ichiga oladi. Buyruq – muayyan muassasa oldida turgan asosiy va kundalik vazifalarni hal qilish maqsadida qo‘llanadigan hujjat bo‘lib, muassasa rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi muovin tomonidan imzolanadi. Buyruqlarning ikki turi mavjud: asosiy faoliyatga oid va shaxsiy tarkibga oid buyruqlar. Asosiy faoliyatga oid buyruqlar ishni tashkil qilish, muassasa yoki uning bo‘limlari faoliyatini tartibga solishda qo‘llanadi. Ularda, odatda, yuqori tashkilotlardan kelgan ko‘rsatmaviy hujjatlar xodimlarga yetkaziladi, ularning ijrosi yuzasidan aniq tadbir-choralar belgilanadi, mas’ul shaxslar va bajarish muddati tayinlanadi.
Buyruqning asosiy matni asoslovchi (kirish) va farmoyish qismlaridan tarkib topadi. Asoslovchi qismda buyruqdan maqsad, shart-sharoitlar, sabablar ko‘rsatiladi, asos qilib olinayotgan buyruqqa havola qilinadi (nomi, raqami, sanasi yoziladi). Kadrlarning shaxsiy tarkibiga oid buyruqlar biror xodim ishga qabul qilinganda yoki bo‘shatilganda, boshqa bo‘limga o‘tkazilganda, shuningdek muayyan xodimga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo choralari qo‘llanganda, xodimga mehnat ta’tili berilganda va shu kabi hollarda beriladi. Bunday buyruqlarga tarkibiy tuzilma rahbarining taqdimnomasi, shaxsiy ariza hamda bildirgilar, xizmat tekshiruvi xulosalari va shu kabilar asos bo‘ladi.
Farmoyish – boshliq, uning o‘rinbosarlari tomonidan amaliy masalalar yuzasidan qabul qilinadigan hujjat. Odatda, farmoyishlarda harakat muddati cheklangan bo‘lib, biror-bir bo‘lim, ayrim mansabdor shaxslar va fuqarolarga taalluqli bo‘ladi. Farmoyish matni, xuddi buyruqdagi kabi zaruriy qismlardan tarkib topadi, faqat uning asos qismida “BUYURAMAN” so‘zi o‘rniga “ТALAB QILAMAN”, “ТAVSIYA QILAMAN”, “RUХSAТ BERAMAN” kabi iboralar ishlatiladi. Ko‘rsatma – idoralarda axborot-metodik tusdagi masalalar, shuningdek buyruqlar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlarning ijrosi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuzasidan chiqariladigan huquqiy hujjat. Ko‘rsatmalarga birinchi rahbar, ularning o‘rinbosarlari imzo chekish huquqiga ega. Ko‘rsatma muassasaning xos ish qog‘oziga bosiladi. U ham buyruq kabi odatda, sarlavha bilan yoziladi, asos (kirish) va farmoyish qismlaridan tarkib topadi.
Ma’lumot-axborot hujjatlari muayyan qarorlarni qabul qilishga undaydigan ma’lumotlarni yetkazadi. Ma’lumot-axborot hujjatlari idoraviy hujjatlarning katta guruhini tashkil qiladi. Ularning xususiyati shundaki, hujjatlar boshqaruv tizimida quyidan yuqoriga: xodimdan bo‘lim rahbariga, bo‘lim rahbaridan muassasa rahbariga, quyi tashkilotdan yuqori tashkilotga qarab harakatlanadi. Ma’lumot-axborot hujjatlariga ariza, bayonnoma, bildirgi, dalolatnoma, e’lon, faksogramma,hisobot, ishonchnoma, ma’lumotnoma, taklifnoma, tarjimayi hol, tavsifnoma, tavsiyanoma, tushuntirish xati ba boshqalar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |