2-bob. ID-kartani rasmiylashtirish, berish va almashtirish tartibi
9. ID-kartani rasmiylashtirish va berish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq, quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra — bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar;
fuqaro 16 yoshga to‘lganda;
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olinganda;
ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda;
fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda;
ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda;
ID-karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda;
ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida;
ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.
ID-karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganligi yoki ID-kartaga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan almashtirilayotganda, fuqaro tomonidan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi va ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Fuqaro ID-kartani yo‘qotgan taqdirda, yangi ID-karta belgilangan tartibda ID-karta yo‘qolganligi haqida ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida beriladi.
10. ID-kartasi bo‘lmagan fuqaro 16 yoshga to‘lganda bir oydan kechikmasdan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga ID-kartani olish uchun murojaat etishi shart.
11. Fuqaro ID-karta olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagilarni taqdim etadi:
belgilangan shakldagi ariza-anketa;
ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;
tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (ID-karta birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda);
vakolatli organning qarori (ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);
davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (elektron to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas).
12. ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar to‘liq qabul qilib olingandan so‘ng bir ish kuni mobaynida beriladi.
13. O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘ligining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar ID-karta olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga shaxsan o‘zlari yoki qonuniy vakillari orqali (og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda) murojaat etganda, ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punktining mas’ul xodimi tomonidan o‘n besh kun muddatda ushbu shaxslarni yashash manziliga borgan holda rasmiylashtiriladi va beriladi.
Bunda ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
14. Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tab, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti yoki ID-kartasi bo‘lmagan harbiy xizmatchilarga ID-karta kontrakt asosida xizmat qilgan harbiy xizmatchining shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma asosida ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilariga ID-kartalar harbiy qism joylashgan joydagi ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan tegishli harbiy qism rahbarlarining yozma iltimosnomalari asosida beriladi.
15. Ma’lumotlarni yig‘ish punkti taqdim etilgan hujjatlar asosida arizachining biografik ma’lumotlarini, elektron ko‘rinishdagi qo‘l barmoq izlarini yig‘adi, shaxsni old tomondan raqamli formatda suratga oladi va ID-kartani rasmiylashtirish uchun talabnoma shakllantiradi.
16. Arizachiga avval jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami biriktirilmagan yoki jismoniy shaxsning avvalgi shaxsiy identifikatsiya raqami xatolik bilan biriktirilgan bo‘lsa, talabnoma ID-kartaga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi talabnomadagi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami mavjudligi va to‘g‘riligini tekshiradi, mavjud bo‘lmagan hollarda esa real vaqt rejimida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini shakllantiradi va shakllantirilgan talabnomani ma’lumotlarni yig‘ish punktiga yuboradi.
17. Agar fuqaro qo‘l barmoq izlari olinishidan bosh tortsa yoxud ko‘zoynakda yoki bosh kiyimda suratga tushish istagidan qaytmasa, ma’lumotlarni yig‘ish punkti fuqaroga ID-karta rasmiylashtirishni rad etadi.
18. ID-kartani rasmiylashtirish uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
19. ID-karta rasmiylashtirish va berish jarayonida unda texnik nuqsonlar aniqlansa, basharti ular ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, ID-karta bepul almashtiriladi.
20. 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning ID-kartalari ularga ID-karta berish bo‘yicha murojaat qilgan ota-onalari yoki vasiylariga (homiylariga) beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |