FARHOD ALIMOV
Kompozitor Farhod Alimov hozirgi zamon o’zbek musiqa san’atining zabardast vakillaridan biridir. U yorqin ijodiy faoliyati bilan XX asr 80-yillarining ikkinchi yarmida O’zbekiston Bastakorlar uyushmasiga kirib keldi. Tez orada uning rang-barang, jo’shqin va jozibali qo’shiqlari, o’zbek xalq cholg’u orkestriga va teatr uchun yozgan asarlari bilan musiqa shinavandalari qalbidan joy olib, zamonaviy milliy musiqa san’atining taraqqiyotiga F.Alimov ijodiy izlanishi va yutuqlari bilan salmoqli hissa qo’shib kelgan. Alimov Farhod G’ulomjon o’g’li 1947 yilning 23 oktyabrida Toshkentda muhandis oilasida dunyoga keldi. 1954 yili Y.Oxunboboyev nomidagi 45-o’rta ta’lim maktabiga o’qishga boradi. Farhodjonning musiqaga qiziqqanini sezgan ota-onasi uni 1959 yili R.Glier nomidagi respublika musiqa maktab-internatiga o’tkazadilar. Bu yerda u g’ijjak chalishni taniqli o’qituvchi O.Xolmuhammedov sinfida o’rgandi. 1965 yili maktabni muvaffaqiyatli tugatib, Toshkent davlat konservatoriyasining o’zbek xalq cholg’ulari fakultetiga imtihonsiz qabul qilinadi. Konservatoriyani 1970 yilda g’ijjak bo’yicha bitirib, O’zbekiston radiosi qoshidagi o’zbek xalq cholg’ulari orkestriga sozanda bo’lib ishga kirdi. Orkestrda ishlab yurgan paytlarida musiqa bastalashga intilib, qo’shiq va kuylar yoza boshladi. Kompozitorlik malakasiga ega bo’lish uchun 1972 yili konservatoriyaning tayorlov kurslarida, so’ngra asosiy bosqichida B.Gienkoda ta’lim oldi. 1975 yildan boshlab A.Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutida katta o’qituvchi, 1933 yildan dotsent lavozimlarida ishladi. 1995 yildan e’tiboran Toshkent davlat konservatoriyasi orkestr dirijyorligi kafedrasida dotsent lavozimida ishlagan. F.Alimov musiqa san’atining deyarli barcha janrlarida samarali ijod qilmoqda. Uning bastalangan asarlari simfoniya, ovoz va simfonik orkestr uchun konsert, “Maftuningman, Toshkent!” (N.Narzullayev so’zi) vokal-xoreografik poemasi, “Ona sayyorani asrang” (N.Narzullayev so’zi) kantatasi, “Ibn Sino hayotidan lahzalar” simfonik poemasi, o’zbek xalq cholg’ulari orkestri uchun “Shodiyona”, “Tabriknoma” va “To’yona” uvertyuralari, “Konsert”, kamer orkestri uchun syuita, torli kvartet, jo’rsiz xor uchun Navoiy ruboiylariga “Muhabbatnoma” turkumi, Bobur ruboiylariga “Dil sadosi” turkumi kabi asarlari mazmundorligi, milliy ruhi va ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Kompozitor F.Alimov 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab videofilmlarga musiqa yaratdi: “Mehrobdan chayon” (A.Qodiriy), “Yusuf va Zulayho” (R.Bobojon), “Samarqand obidalari va muzeylari” (Hujjatli film), “Vatan bizniki, qatorda bormiz” (Hujjatli film), “San’at maktabi” (hujjatli film). Ijodkor zamonaviy qo’shiqchilik san’atiga katta e’tibor berib kelmoqda. Asosan o’zbek xalq cholg’ulari orkestri va estrada xonandalari repertuarini boyitish niyatida hozirgi kunga qadar 100 dan ortiq turli mavzularda qo’shiqlar yaratdi. “Sen mening Vatanimsan”, “Buxoroga qayting, laylaklar”, “Xayr Samarqand” (Xurshid Davron so’zlari), “Marhabo” (Ya.Qurbon she’ri), “Askar yigit” va “Ohangga to’lsin” (B.Isroilov so’zlari), “Fasli bahor esingdami” va “Muborak bo’lsin” (N.Narzullayev), “Sevishganlar” (Anvar Hoji she’ri), “Bibixoningman” va “Futbol” (U.Azim she’rlari), “O’zbekistonim senga” va “Sen qaydan bilasan” (A. Oripov she’rlari), “Sevdim deganlaring yolg’ondir” va “Yiroqlashdim” (Cho’lpon she’rlari) shular jumlasidandir. Kompozitor bolalarni ham esdan chiqarmay, ular kuylaydigan qo’shiqlar ham yaratgan. Bular “Sariq jo’jalarim” (O.Po’latov she’ri), “Oyijonim allasi”, “Yashasin, do’stlik”, “Yoz fasli” (T.Mahmudov she’rlari), “Posbon yigit”. Muqimiy nomli teatr uchun quyidagi sahna asarlariga musiqa bastaladi: Musiqiy tragi-komediya “O’lding, aziz bo’lding” (X.Xursandov p’esasi), musiqiy komediya “Muhabbat tuyg’usi”, “Super qaynona-2” (S.Imomov asari), musiqiy drama “Na falakman, na malak” . (N.Qobul asari), musiqiy komediya “Oq kabutar” (O.Hakimov asari). Abror Hidoyatov teatri uchun musiqiy komediya “Assalomu alaykum, qizlar” (Sigatelli p’esasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |