Muammоli savоl: Ayrim rus оlimlarining ushbu хulоsalari to’g’rimi?
Bunday nuqtai nazar ilmiy asosga ega emas. O‘rta Osiyoda qadimgi zamоnlardan buyon arхivlar mavjud bo‘lgan. Bu yerda arхivlarning paydо bo‘lishi ilk davlatlarning vujudga kеlishi hamda yozuvning tarqalishi bilan bog‘liqdir.
O‘rta Osiyoda хo‘jalikning rivоjlanib bоrishi va davlatchilikning shakllanishi natijasi o‘larоq turli хo‘jalik, sоliq va yuridik hujjatlar yaratila bоshlandi. Ayni paytda bu hujjatlari ma’lum muddat davоmida yoki dоimiy ravishda saqlashga ehtiyoj tug‘ildi. Natijada ularni saqlashga mutassadi bo‘lgan shaхslar va muassasalar, ya’ni arxivlar paydо bo‘ldi. Dеmak, arхivlar O‘rta Osiyoda qadimgi davrlarda ijtimоiy zarurat yuzasidan vujudga kеlgan. Agar dastlab arxiv hujjatlari bеvоsita хo‘jalik va ijtimоiy hayotni yo‘lga sоlish uchun хizmat qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda ular o‘tmishni o‘rganish uchun yozma manba sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qadimgi arxivlar. O‘rta Osiyoda eng qadimgi arxiv hujjatlari 1948-1953-yillarda hozirgi Turkmanistondagi Eski va Yangi Niso shahar xarobalarida prof. M.E.Masson boshchiligida olib borilgan arxeologik qazishmalar jarayonida topildi. Parfiya podsholari dafn etilgan daxmalarga tegishli bo‘lgan ushbu xo‘jalik arxivida saqlangan hujjatlarining umumiy soni ikki mingdan ortiq bo’lgan. Ushbu hujjatlarni taniqli sharqshunos olimlar M.M.Dyakonov, I.M.Dyakonov, V.A.Lifshits va boshqalar o‘rgandilar.
Niso arxivi hujjatlari sopol parchalariga siyoh bilan yozilgan. Hujjatlar parfiyon tilida, oromiy yozuvida bitilgan. Ularning eng qadimgisi mil. av. 100-yilga, oxirgisi esa milodiy 13-yilga mansubdir.
Hujjatlar mazmun jihatidan bir-biriga o‘xshash bo‘lib, ularda podsholar daxmalariga biriktirilgan yerlardan, aniqrog‘i uzumzorlardan olingan natural soliqlar haqida ma’lumot beriladi. Hujjatlarda omborxonaga qaysi yer maydonidan qancha may (vino), sirka va uzum kirim qilinganligi, ularni kimlar topshirganligi va kimlar qabul qilib olganligi qayd etiladi. Niso arxivi hujjatlari Parfiyada yer va xo‘jalik munosabatlari haqida, bu davlatning ma’muriy-boshqaruv tizimi, aholisi, uning etnik tarkibi va diniy qarashlari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi.
Eski va Yangi Nisodan topilgan hujjatlardan mamlakatdagi yerlarning katta qismi davlat yerlari bo‘lganligi (ular “uzbar” deb atalgan) va ulardan kelgan daromad xazinaga kirim qilinganligi ayon bo‘ladi. Shu bilan birga qator hujjatlarda alohida shaxslardan qabul qilingan may xususida so‘z yuritiladi. Bundan o‘sha shaxslar davlat yerlarini ijaraga olgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilish mumkin.
Hujjatlar Parfiya davlatining ma’muriy-boshqaruv tizimi haqida ma’lum tasavvurlar hosil qilish imkoniyatini beradi. Birlamchi ma’muriy birlik qishloq, aniqrog‘i “istehkomli qishloq” (“diz”) bo‘lgan, uni qishloq oqsoqoli yoki qal’a boshlig‘i – “dizpat” boshqargan. Dizpat tuman hokimi – “satrap”ga yoki viloyat, shahar hokimi – “marapan”ga bo‘ysungan.
Niso arxivi hujjatlari Parfiyada Arshakiylar sulolasi vakillarining hukmronlik qilgan yillariga, ularning shajarasiga aniqlik kiritishga yordam beradi. Jumladan, tarixchilar orasida sulola asoschisi Arshak afsonaviy shaxs bo’lgan, degan nuqtai nazar mavjud edi. Bundan tashqari, podsho Gotarz I ning shajarasi aniq emas edi. Niso arxivi hujjatlaridan birida Gotarz I mil. avv. 91-yilda taxtga o‘tirganligi, u hukmdor Friapatiy II ning nabirasi ekanligi, Friapatiy II esa sulola asoschisi Arshakning jiyani Artaban I ning o‘g‘li ekanligi qayd etiladi. Shu tariqa, ushbu hujjat Gotarz I ning shajarasiga aniqlik kiritadi hamda sulola asoschisi Arshak afsonaviy shaxs emas, balki tarixiy shaxs ekanligini tasdiqlaydi.
Mazkur arxiv hujjatlarida ikki yuzdan ortiq ismlar tilga olinadi. Ularning barchasi eroniy ismlardir. Ismlarning talay qismi etimologik jihatdan zardushtiylik bilan bog‘liqdir. Hujjatlardagi sanalar ham zardushtiylar taqvimi asosida berilgan. Bundan tashqari, yana bir hujjatda boshqa mansablar qatorida zardushtiylar kohini – "mu’bad" tilga olinadi. Ushbu ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, hujjatlar yaratilgan hududda (hozirgi Ashgabat va Mari shaharlari oralig‘ida) eroniyzabon parfiyonlar yashagan va ular zardushtiylik diniga e’tiqod qilgan, degan xulosa qilish mumkin.
Vatanimiz hududida qadim zamоnlarda arхivlarning mavjud bo‘lganligi 1948-1950-yillarda Хоrazmdagi Tuprоqqal’a shahar хarоbasida prof. S.P.Tоlstоv bоshchiligida оlib bоrilgan arхеоlоgik qazishmalar paytida ham isbоtlandi. Bu yеrda milоdiy III-IV asrlarga оid хоrazm tilida yozilgan 100 ga yaqin hujjat tоpildi.
Bu hujjatlar Хоrazm pоdshоlari arхiviga tеgishli ekanligi aniqlandi. Hujjatlarning bir qismi charmga (pergamentga), boshqa qismi esa randalangan taxtachalarga yozilgan. Hujjatlar qora siyoh bilan xorazm tilida, oromiy yozuvida bitilgan.
Charmga bitilgan 8 ta hujjatning birortasi ham bizgacha to‘liq holda yetib kelmagan. Shu boisdan matndagi ayrim so‘zlardan ular xo‘jalik hujjatlari ekanligini bilish mumkin. Hujjatlarda “un”, “vino”, “qo‘zichoq”, “ho‘kiz” kabi so‘zlarning mavjudligi, shuningdek, bu mahsulotlarni omborga topshirgan odamlar ismlari qayd etilganligi ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Xorazm podsholari arxivi hujjatlarining aksariyati yog‘och taxtachalarga yozilgan bo‘lib, ularni tadqiqotchilar shartli ravishda “uy ro‘yxatlari”, xo‘jalik hujjatlari va cho‘pxatlar kabi guruhlarga bo‘lishadi.
Birinchi guruhga patriarxal oilalar tarkibiga kirgan ozod erkaklar va qullarning ro‘yxatlari kiradi. Ushbu ro‘yxatlardan o‘ziga tinch bo‘lgan patriarxal oilalar qullar mehnatidan foydalanganligini bilib olamiz. Qullarning ismlari xorazmcha bo‘lib, ozod kishilarning ismlaridan farq qilmaydi. Shuning uchun ular urushlar paytida asirga olingan ajnabiylar emas, balki qarz tufayli qullikka tushib qolgan kishilar, deb taxmin qilish mumkin. “Uy ro‘yxatlari” nima maqsadda tuzilgan edi, degan savolga tadqiqotchilar turlicha javob beradilar. Ayrim olimlar bu ro‘yxat soliq to‘laydigan kishilar ro‘yxatidir, deb faraz qilmoqdalar. Ammo bu faraz to‘g‘ri emas, chunki qullar soliq to‘lashmagan. Prof. V.A.Lifshits bu ro‘yxatga urush paytida qo‘shinga yoki xalq lashkariga safarbar qilingan erkaklarning ismlari kiritilgan, degan haqiqatga yaqin taxminni o‘rtaga tashlaydi.
Ikkinchi guruh xo‘jalik hujjatlari bo‘lib, ularda omborlarga kirim qilingan mahsulotlar miqdori ko‘rsatilgan.
Uchinchi guruh cho‘pxatlardan iborat. Cho‘pxat deganda daraxtning qalinroq shoxini uzunasiga ikkiga bo’lib, randalab, unga bitilgan yozuvlar tushuniladi. Xorazm podsholari arxividan topilgan cho‘pxatlarda faqatgina alohida so‘zlar saqlanib qolganligi bois ularning mazmuni haqida batafsil fikr yuritish amri maholdir.
Shunday qilib, tariхiy faktlar O‘rta Osiyoda arхivlar qadimgi zamоnlardan buyon mavjud bo‘lganligini ko‘rsatmоqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |