Talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkillashtirish va uning shakllari Talabalarni ijodiy qobiliyatlarini aniqlamasdan va rivojlantirmay turib qishloq xo’jaligi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab bo’lmaydi. Shu sababli o’quv jarayonlarini samarali shakllari bilan bir qatorda talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashishlari ham muhim hisoblanadi. Qishloq xo’jaligi yo’nalishidagi oliy o’quv yurtlarida talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari (TITI) bu o’quv, ilmiy va ma'daniy-ma'rifiy ishlarning bir butun majmuasi hisoblanadi. O’simliklarni himoya qilish bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash davomida TITI ning asosiy vazifasi quyidagilardan iborat: ilmiy texnik ma'lumotlarni doimiy uzluksiz o’sib borishini e'tiborga olib, o’quv materiallarini chuqur o’zlashtirish; ilmiy tadqiqotlar usullari va uslublaridan amaliy faoliyatda foydalanishni o’zlashtirishlari; ilmiy muassasalarda va ishlab chiqarishda mustaqil qaror qabul qilishlari uchun zarur bo’lgan usul va qoidalarni o’qib o’rganishlari; o’simliklar himoyasiva karantini‖ mutaxassisligi bo’yicha ilmiy va ilmiy uslubiy vazifalarni muvaffaqiyatli yechishda yordamlashish; ilg’or fan yutuqlari va tajribalarini qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishiga keng joriy qilishda faol qatnashish; TITI sistemasi kelajakda ishlab chiqarish va fanni rivojlantirish uchun malakali mutaxassislar yetkazib berishning va ta'minlashning muhim manbasi bo’lib hisoblanadi. TITI talabalarning ta'lim jarayonida oladigan ilmiy va amaliy bilimlarini kengaytirish va chuqurlashtirish, ularning ilm fanga qiziqishlarini va qobiliyatlarini ortishi, ma'lum sharoitlarda tajribani to’g’ri tanlay olishiga va ilmiy tahlillarni o’tkazishga bo’lgan qobiliyatlarini rivojlantirishni o’z ichiga qamrab olgan. O’simliklarni himoya qilishda TITI bo’yicha olib boriladigan izlanishlar avvalo ishlab chiqarishning va ilmiy tadqiqotlarning eng zamonaviy bosqichlarida, o’simliklarni himoya qilishning (kompleks) uyg’unlashgan kurash usullarini qo’llash bilan bog’liq ravishda tashkillashtirilishi lozim. O’simliklarni uyg’unlashgan himoya qilish o’z ichiga qo’yidagilarni oladi: ishlab chiqarishning ma'lum sharoitlarida iqtisodiy zarar keltirish me'zonlarini (IZKM) aniqlash; qishloq xo’jaligi ekinlari zararkunandalari va o’simlik patogenlarini tabiiy kushandalarining biologiyasi va tur tarkibini o’rganish, tabiiy kushandalarni samaradorlik darajasini hisoblash; zararkunanda va zoofaglarga pestitsidlarning zaharliligini aniqlash, kimyoviy, biologik va mikrobiologik usullarni hamohang ravishda ishlatish imkoniyatlarini aniqlash; biologik faol moddalardan foydalanishning asosiy yo’nalishlarini o’rganish; qishloq xo’jaligi ekinlari navlari va liniyalarini zararkunanda va kasalliklarga chidamliligini baholash; o’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish vositalari va usullarining iqtisodiy, xo’jalik va biologik samaradorligini aniqlash; TITI da tadqiqotlarni quyidagicha belgilab olish mumkin: 1. Kafedrada o’qituvchilar rahbarligida. 2. Ilmiy tadqiqot institutlari laboratoriyasi yoki kafedra qoshidagi laboratoriyalarda o’qituvchilar va ilmiy xodimlar rahbarligida. 3. Tegishli ilmiy tadqiqot institutlari, sohaga tegishli tashkilotlar laboratoriyalarida ilmiy xodimlar, mutaxassislar va kafedra o’qituvchilari rahbarligida. 4. O’simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazlarida, biolaboratoriya, biofabrika, o’simliklar karantini davlat inspeksiyalarida va xo’jaliklarda kafedra o’qituvchilari va tashkilotlarning yetakchi mutaxassislari rahbarligida. 5. Universitet o’quv tajriba xo’jaligida kafedra o’qituvchilari rahbarligida. Tadqiqotlarning birinchi bosqichida laboratoriya tajribalari o’tkazilishi lozim, keyingi bosqichlarida o’simliklarni himoya qilish bo’yicha tuzilgan tadbirlarning xo’jalik va iqtisodiy samaradorligi bo’yicha natijalar olinadi. Bunda o’quv rejasi va jarayonlarini hamda o’qishdan tashqari bajariladigan ishlar eng muhimi hisoblanadi. TITI ni usulik ta'minlash bitiruvchi talabalarning mutaxassislikka qo’yiladigan malaka talablari va o’quv rejasiga binoan kompleks maqsadli ravishda amalga oshiriladi. TITI ning kompleks maqsadli rejalari 2 bosqichda amalga oshiriladi va talabalarning birinchi bosqichdan boshlab oliy o’quv yurtini tamomlaguncha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. TITI ning birinchi bosqichida I—II bosqich talabalari ishtirok etadi, ikkinchi bosqichida esa yuqori bosqich talabalari ishtirok etadilar. Shunday qilib, talabalarning foydalanilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari shakllari talaba oliy o’quv yurtini bitirgunicha o’zgarmasdan qoladi.