Hissiy holatlarning fiziologik asoslari
Hissiy holatlarni paydo bo`lishiga tashqi olamda yuz beradigan o`zgarishlar sabab bo`ladi. Hissiy holatlar uchun xos bo`lgan fiziologik jarayonlarning asosi murakkab shartsiz va shartli reflekslardir. Ma`lumki, shartli reflekslar tizimi katta miya ustuniga tegishli ko`rish tepachalari va nerv qo`zg`alishlarini miyaning yuqori bo`limlaridan vegetativ asab tizimiga o`tkazib beruvchi boshqa markazlar orqali amalga oshiriladi. Kishining hislarni kechirishi hamma vaqt miya po`sti va po`stlok osti markazlarining birgalikdagi faoliyatlari natijasidir. Atrofda va olamda yuz beradigan o`zgarishlar odam uchun qancha ahamiyat kasb etsa, hissiy kechinmalar shuncha chuqur bo`ladi. Buning natijasida paydo bo`ladigan muvaqqat bog`lanishlar tizimi qayta tuzilishi qo`zg`alish jarayonini yuzaga keltiradi. Bu jarayon katta miya yarim sharlari po`stida tarqalib po`stloq osti markazlarini ham egallab oladi. Katta miya yarim sharlar po`stidan pastda organizm fiziologik faoliyatining turli markazlari; nafas olish, yurak va qon tomirlarini idora qilish, ovqat hazm qilish, ichki sekretsiya bezlarini ishini idora qilish va boshqa markazlar joylashgan. SHuning uchun po`stlok osti markazlarining qo`zg`alishi bir qator ichki a`zolar faoliyatini kuchaytirishga olib keladi. Hissiy holatlar o`zining fiziologik mohiyati jihatidan katta yarim sharlar po`stining va miya po`sti boshqaradigan po`stloq osti markazlarining funktsiyasigina bo`lib qolmay, balki miyaning boshqa qismlari ishni boshqaradigan retikulyar tuzilmaning vazifasidir. Miyaning talamus (ko`rish tepaligi) va gipotalamus (tepacha osti qismi) deb atalgan joyining qadimgi po`stloq osti tuzilishlari bilan yarim sharlar yangi po`stlog`i osti tuzilmalari o`rtasidagi limbik tizimning vazifasidir.
Insoniy his - tuyg`ular va hayvonlardagi emotsiyalar
Odam his - tuyg`ulari bilan hayvon hissiyotlari o`rtasida farq juda katta. Odamda juda ko`p miqdorda his - tuyg`ular borki, bunday hissiyotlar hayvonlarda yo`q. SHuningdek, odam va hayvon uchun umumiy bo`lgan g`azablanish, qo`rqish, jinsiy hissiyot, qiziquvchanlik, xursandchilik, g`amginlik emotsiyalari hayvonlarda sifat jihatidan farq qiladi.
Insoniy emotsiyalar “insoniylashtirilgan” ijtimoiy sharoit bilan bog`liq holda namoyon bo`ladi. emotsiyalarning “insoniylashuvi” shunday namoyon bo`ladiki, ichdan kechadigan hissiyotlar mazmuni juda boy va murakkabdir. Odamlar bilan mehnat, siyosat, madaniyat, oilaviy hayot o`rtasida paydo bo`lgan munosabatlarning ko`pligi sof insoniy hissiyotlarning paydo bo`lishiga olib keladi. Ular bolalarga odob bilan javob berishni, suhbatdoshga ochiq ko`ngil bilan jilmayishni, keksalar va nogironlarga hurmat bilan joy bo`shatib berishni o`rgatadi. Odam o`z hissiyotlarini o`zi boshqaradi. Ba`zan kishilar o`z emotsiyalarnni yashirish niyatida qarama - qarshi emotsiyalarni ifodalaydilar. Masalan, qaygurish yoki qattiq og`riq paytida kulimsirash, kulgilar kelgan paytda yuzlarini jiddiy o`ychan holga keltira oladilar. Lekin o`zining imo - ishoralari va mimikalarini boshqara olishga qaraganda nafas olish , qon aylanishi va ovkat hazm qilish tizimidagi o`zgarishlarni ushlab qolish juda qiyin bo`ladi. Odam hayajonlangan paytda bir maromda nafas ola biladi, ko`z yoshlarini ushlab qola oladi, lekin rangini o`zgartirish yoki qizartirishga kodir emas. Ammo emotsiyalarni paydo qiluvchi narsalardan o`zini chalg`itishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |