20 asr ilmiy texnika asri” mavzusida referat tayyorlash.
20-asr boshlarida fizikada, umuman tabiatshunoslikda inqilob ro‘y berdi, ya’ni dunyoning relyativistik va kvantomexanik manzarasi tan olindi. Bunga G.Gers tomonidan kashf etilgan elektromagnit to‘lqinlar, M.Bekkerel tomonidan – radioaktivlik, M.Skladovskaya va P.Kyuri tomonidan – radiy elementi, P.K.Lebedev tomonidan – yorug‘lik bosimi, M.Plank tomonidan – kvant nazariyasining birinchi ta’limoti, N.Bor pastulotlari va boshqa kashfiyotlar sabab bo‘ldi. Bu kashfiyotlar natijasida dunyo fizik manzarasining tarixan almashinishi ro‘y berdi. Agar Maksvellgacha fizik borliq moddiy nuqtalar ko‘rinishida deb fikrlangan bo‘lsa, undan keyin esa fizik borliq mexanika nuqtai nazardan tushuntirib bo‘lmaydigan uzluksiz maydonlardan iborat deb qaraladigan bo‘ldi. 20-asrda yangi davr kirib keldi. Olamning fizik manzarasi prinsipial yangi manzaraga aylandi. Olamning ilmiy manzarasi falsafa fani bilan aniq fanlar nazariyalari o‘rtasida bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi. Bunday manbalarning o‘zaro munosabatlaridan tabiiy fanlarning yangi nazariy prinsiplari va kategoriyalari paydo bo‘ladi. Tabiatshunoslik tarixida bir narsani unitish kerak emas. 20-asr ilmiy bilish jarayonida fizika fani oldinga bo‘lgan bo‘lsa, undan qolishmaydigan biologiya fani muvaffaqiyatlarini inkor etib bo‘lmaydi. Biologiyaning o‘ziga xos, yirik yo‘nalishlari: evolyutsion ta’limot, genetika, ekologiya va boshqalar, kibernetika va axborotlar nazariyalari bilan bir qatorda turib, dunyoning hozirgi ilmiy tasvirini vujudga keltirdi. Shuningdek, 20-asrda vujudga kelib, so‘nggi yillarda yanada rivojlanib borayotgan etologiya, psixologiya, parapsixologiya va ijtimoiy biologiya fanlarini ham, alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Biz fan-texnika inqilobi davrida hayot kechirmoqdamiz. Bu tushuncha orqali fan va texnikaning hayotimizda naqadar katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanadi. Kishilik jamiyati taraqqiyotining barcha bosqichlarida shunday bo‘lgan emas. Fan va texnika kurtaklari qadimda shakllangan, ammo ular bir-biridan ayrim tarzda rivojlanib borganlar. Masalan, qadimiy yunonlar, madaniyatning noyob namunasini shakllantirish bilan birga tabiatni anglashga harakat qilganlar, ammo og‘ir ishlarni ular uchun ilmiy taraqqiyot natijasida yaratilgan mashinalar emas, balki qullar bajarganlar. Faqatgina yangi davrga kelib G‘arb madaniyatida “insonning tabiatga hayoliy munosabati amaliy ahamiyat kasb eta boshladi. Endi ular tabiatni qanday bo‘lsa shunday qabul qilmasdan, uni o‘zgartirish imkoniyatlarini qidira boshladilar. Bu esa tabiatshunoslikni texnikaga aylantirdi. Aniqrog‘i, tabiatshunoslik texnika bilan uyg‘unlashib bir butunlikni hosil qildi” (V.Geyzenberg). Texnika – atrof-muhitni tabiiy, shuningdek antropogen jihatdan qayta qurishga (o‘zgartirishga) yo‘naltirilgan urinishlar yig‘indisidir. Texnika – bu nafaqat mashinalar, balki ob’ektlarga nisbatan matematik vositalarni va turli tajribaviy jarayonlarni qo‘llash asosidagi tartibli yondashuvdir. V.Ferkisning “Texnologik odam. Hayolot va voqelik” nomli kitobida – “Hozirgi zamon fiziologiyasi, ruhshunosligi, evolyutsion biologiya hamda antropologiya birgalikda xomo-sapiyens va xomo-faber, ya’ni fikrlovchi hamda o‘zgartiruvchi odamni bir-biridan qat’iy ravishda farqlash chegarasini o‘tkazish mumkin emasligini isbotlaydi” – deya ta’kidlaydi. Ayni paytda, biz, agarda odam o‘sha davrda o‘zgartiruvchi bo‘lmaganida edi, bugungi kunda fikrlovchi bo‘la olmasligini yaxshi tushunamiz. Odam qurollarni yaratdi, biroq shu qurollar insonni qayta yaratdi. Fan va texnikaning o‘zaro bog‘liqligi haqida V.Rassel shunday degan edi: “Texnika fandan kelib chiqadi, fan esa texnikaga asoslanadi”. Fan va texnikaning mazkur bog‘liqligi, ayniqsa uning G‘arb madaniyatiga kuchli bog‘lanishi XX asrning ikkinchi yarmida sayyoramizda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu voqelikni anglash – o‘z nihoyasidan hali juda olis jarayondir. Shunday qilib, hozirgi zamon fani ikki asosiy funksiyani bajaradi. Bular: nazariy (tanishuv va anglash) va amaliy. Odamlar fanni, tabiat jumboqlarini hamda amaliy muammolarni yechish maqsadida rivojlantiradilar. Fanning nazariy funksiyasi, atrof-muhitning mavjud aloqadorligini anglashga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatini beradi. Fanni nazariy-amaliy talabi va xususiyatlari orqali belgilansa ham mustaqil ahamiyat kasb etadi. Fan-texnika inqilobining hozirgi bosqichi – fanning jamiyat hayotini va ishlab chiqarish rivojlanishining asosiy omiliga aylanishi oqibatida ishlab chiqarish kuchlarining tubdan qayta qurilishi bilan tavsiflanadi (tubdan qayta quradi, shu boisdan ham “Inqilob” iborasi qo‘llaniladi). Fan bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanadi va texnika bilan, ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘lanadi (shuning uchun ham alohida ilmiy, yoki texnika inqilobi emas, balki fan-texnika inqilobi deb ataladi). Bu esa ijtimoiy mehnatning mazmunini, sharoitini, ishlab chiqarish kuchlarining tarkibini o‘zgartirib, ijtimoiy mehnatning barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi asrlarda fan-texnika taraqqiyotining amalga oshishida atom tarkibining aniqlanishi, radoiaktivlikning kashf etilishi, nisbiylik nazariyasining, kvant mexanikasining, genetikaning, kibernetikaning, reaktiv texnikalarning yaratilishi, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashuvi va avtomatizatsiyalashuvi, shuningdek, ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalarining rivojlanishi muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, bugungi kunda oddiy hisoblangan avtomobil, samolyot, radio, televideniye ham FTI mahsulidir.
Ammo, shuni ta’kidlash joizki, ilmiy texnika inqilobi xususida XX asrning o‘rtalarida atom bombasi yaratilganidan so‘nggina so‘z yuritila boshlandi. Atom energiyasidan foydalanish ulkan ruhiy natija berdi. Chunki, bu bilan odamlar fanning nafaqat yaratuvchanlik, balki barbod etish imkoniyatining cheksizligiga ishonch hosil qildirlar. Davlat hamda xususiy sarmoyadorlar fanni moliyaviy jihatdan ta’minlay boshladilar va ilmiy-tadqiqot institutlari miqdori keskin ko‘payib bordi. Ilmiy faoliyati ommaviy mutaxassislikka aylandi. Insonning kosmosga chiqishi fan-texnika inqilobining yana bir muhim bosqichi bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunda elektron hisoblash mashinalari fan-texnika inqilobining ramzi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Sababi, inson tobora EHMning zimmasiga mantiqiy funksiyani ham yuklamoqda va istiqbolda boshqaruv hamda ishlab chiqarishni majmuali tarzda avtomatlashtirishni ko‘zlamoqda (Noosfera). Shunigdek, FTI sharoitida sun’iy-kimyoviy mahsulotlarni keng qo‘llanila boshlanganligini, biotexnologiyaning rivojlanganligini, qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘itlar hamda pestitsidlardan foydalanish natijasida hosildorlikning oshirilishini (yashil inqilob) ham ta’kidlash lozim.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |