Gegel Georg Vilgelm Fridrix (1770-1831)
falsafiy tizimi nemis klassik idealizmining
tadrijiy yakuni hisoblanadi. Buyuk faylasufning barcha mashhur asarlari: «Ruh
fenomenologiyasi» (1807), «Mantiq fani» (1812-1816), «Falsafa fanlari qomusi» (1817) ayni
shu tizimni ishlab chiqishga bag‘ishlangan. «Ruh fenomenologiyasi» asari Gegel falsafiy
tizimiga o‘ziga xos debochadir. Bu asarda Gegel inson ongi turli darajalari rivojlanishining izchil
qatorini tahlil qiladi.
Gegel
falsafiy
tizimining
birinchi
va
muhim
qismi
– «Mantiq» «Ruh
fenomenologiyasi»ning yakuni va xulosasidir. Bu sub'ekt va ob'ektga qadar mavjud bo‘lgan «sof
fikr» sohasidir. Mantiqda uning o‘zi va mantiq shakllaridan tashqari hyech qanday empirik
mazmun mavjud emas. Mantiq tarix va tabiatdan oldin paydo bo‘lgan. Mantiq ularni yaratgan.
Mantiq uch qismga: borliq haqidagi ta'limot, mohiyat haqidagi ta'limot va tushuncha
haqidagi ta'limotga bo‘linadi.
Borliq va mohiyat tushuncha o‘zini to‘liq namoyon etgunga qadar
«ko‘tariladigan» pillapoyalar sifatida qaraladi. «Mantiq»da mutlaq g‘oyaning rivojlanishi
mavxum mantiqiy kategoriyalar ko‘rinishida yuz beradi. Uning tayanch nuqtasi – borliq haqidagi
sof mavhum fikr. Dastlab mazmunsiz bo‘lgan bu «sof borliq» tushunchasi «nimadir» orqali o‘z
mazmunini kasb etishga harakat qiladi. Bu «nimadir», o‘z navbatida, «muayyan borliq»dir.
Gegel fikriga ko‘ra, mutlaq g‘oyaning vujudga kelish jarayoni ayni shu tariqa boshlanadi.
«Muayyan borliq» keyingi bosqichda «qandaydir muayyan borliq» sifatida amal qiladi yoki sifat
kasb etadi.
Sifat kategoriyasi miqdor kategoriyasi bilan birga rivojlanadi. Sifatli miqdor yoki
miqdoriy sifat esa o‘lchov hisoblanadi.
Borliq haqidagi ta'limotda Gegel dialektika qonunlaridan
biri: miqdordan sifatga va sifatdan miqdorga o‘tish, rivojlanish jarayonlari sakrash tarzida yuz
berishini asoslashga harakat qiladi.
Hodisa sifatida tushuniladigan borliqdan Gegel yanada
teranroq, ichki qonuniyatlarga – mohiyatga o‘tadi. Bu qismda Gegel qarama-qarshiliklarning
bir-biriga o‘tishi, ularning birligi, ayniyat va kurash to‘g‘risidagi qonunni tahlil qiladi.
Gegel
fikriga ko‘ra, ziddiyat – bu qarama-qarshiliklarning o‘zaro nisbatidir. Ular bir-birisiz mavjud
bo‘lmaydi, lekin turli yo‘ldan rivojlanadi va bu ular o‘rtasidagi munosabatlarning
keskinlashuviga sabab bo‘ladi. Ziddiyatni yechish yoki unga chek qo‘yish talab etiladi. Gegel
ziddiyatni asos va oqibatning, shakl va mazmunning, hodisa va mohiyatning, imkoniyat va
voqyelikning, tasodif va zaruriyatning o‘zaro nisbatida ko‘radi. Ziddiyat haqidagi ta'limotni
rivojlantirar ekan, Gegel ichdan zarur bo‘lgan, har qanday o‘zgarish va rivojlanishning manbai
sanalgan «o‘z-o‘zidan harakat» haqida xulosa chiqaradi.
Gegel fikriga ko‘ra, ayniyat va tafovutning nisbatini bilish jarayonida ularning zamirida
yotgan ziddiyat namoyon bo‘ladi. Ziddiyatlar mavjudligi hodisaning rivojlanayotganidan dalolat
beradi. Mohiyat haqidagi ta'limotda Gegel voqyelikni «mohiyat va mavjudlikning birligi»
sifatida tavsiflaydi. Mohiyatning o‘zi – «mavjudlik asosi»dir. Mohiyat haqidagi ta'limotning
dastlabki boblaridan boshlab Gegel uni bilish mumkin emas degan tasavvurni rad etadi.
Borliq va mohiyat sohasidagi rivojlanish jarayonlarini belgilovchi zaruriyat tushunchada
o‘z aksini topadi. Bunday zaruriyat erkinlikka aylanadi, «erkinlik esa – bu anglab yetilgan
zaruriyat»dir. Shu tariqa «Mantiq» tushunchaga o‘tadi. Bunda Gegel falsafiy metod sifatidagi
formal mantiq va metafizikani tanqid qiladi, umumiylik, alohidalik va yakkalik dialektikasini
ishlab chiqadi. Ayni vaqtda u haqiqat tushunchasini fikrning ob'ekt bilan mos kelish jarayoni
sifatida tahlil qiladi. Bunga g‘oyada erishiladi. Faqat g‘oya tushuncha va narsaning shak-
shubhasiz birligi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |