Kant konsepsiyasi: «Sof aql tanqidi» (1781), «Amaliy aql tanqidi» (1788), «Mulohaza
yuritish qobiliyatining tanqidi» (1790)asarlarida, shuningdek faylasuf ijodining o‘ziga xos
sarhisobi sanaluvchi – «Sof aql chegaralarida din» (1793) kabi kitoblarida bayon etilgan. Kant
bilish nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat. Kant fikricha
bilish jarayoni uch
bosqich: 1) sezgilar darajasida bilish, 2) idrok, 3) aqldan o‘tadi.
Bilishning birinchi bosqichi -sezgilar darajasida inson narsaning mavjudligini biladi,
idrok yordamida uni fikrlaydi.
Narsani haqiqiy bilish aynan shu ikki bosqichni sintez qilishni
talab etadi. Idrok darajasidagi bilishning quroli – kategoriyalar. Ular idrokka ichdan xos.
Hodisalar rang-barangligi kategoriyalar tizimida aks etadi. Kategoriyalar yordamida inson bilimi
tasodifiy empirik emas, balki umumiy zarur, ya'ni ilmiy xususiyat kasb etadi. Ilmiy bilim
kategorial bilimdir. Biroq shundan so‘ng Kant sub'ektiv idealist sifatida mulohaza yuritadi: idrok
tabiat
qonunlarini ochmaydi, balki ularni tabiat uchun belgilaydi. Kant fikriga ko‘ra,
kategoriyalar birligi va ularning bilish (sintez qilish) qobiliyati zamirida dunyoning ob'ektiv
moddiy birligi emas, balki o‘zlikni anglashning transsendental birligi yotadi.
Idrok etish – bilishning ikkinchi bosqichi. Idrokning kuchi uning sintez qilish qobiliyatida
namoyon bo‘ladi. Biroq bu to‘liq, cheksiz qobiliyat emas. Idrok tajriba chegarasidan tashqariga
chiqa olmaydi.
Biroq idrok o‘z chegaralarini o‘zi bilmaydi. U doim bu chegaralardan chetga
chiqadi, ya'ni hodisalar dunyosidan o‘zidagi narsalar dunyosiga kirishga harakat qiladi. Biroq
tajriba chegaralarini tark etgach (shu tariqa idrok emas, balki aqlga aylangach), u yechib bo‘lmas
ziddiyatlar sohasiga tushib qoladi, uning mulohazalari esa muqarrar tarzda xom xayolga
aylanadi.
Aql – bilish jarayonining uchinchi, oliy bosqichi
.
U hissiyot bilan bevosita emas, balki
bilvosita – idrok orqali bog‘lanadi. Aql bilishning oliy bosqichi bo‘lsa-da, idrokka ko‘p jihatdan
yutqizadi. U tajribaning mustahkam zaminidan ajralgach, dunyoqarash darajasidagi savollarning
birortasiga ham uzil-kesil – ha yoki yo‘q deb javob bera olmaydi. Dunyo vaqtda va makonda
boshlanadimi yoki u cheksiz va boqiymi? Inson joni boqiymi yoki foniymi? Iroda erkinligi
mavjudmi yoki dunyoda hyech qanday erkinlik mavjud emas, hamma narsa tabiiy zarurat
qonuniga ko‘ra yuz beradimi? Xudo bormi yoki yo‘qmi? Idrok bunday savollarni bera olmagan
bo‘lardi. Aql esa bunday savollarni beradi, biroq ularga javob topa olmaydi. Uning da'volari
imkoniyat darajasida emas. Sof nazariy aql o‘z mag‘lubiyatini tan olishi lozim, chunki u o‘zidagi
narsalarni bila olmaydi.
Ammo nima uchun u shunga qaramay bilishning oliy bosqichi deb e'tirof etiladi? Shuning
uchunki, aqlning sof g‘oyalari (Kant ularni tamoyillar deb nomlagan) bilishda oliy tartibga solish
vazifasini bajaradi. Ular idrokka yo‘l ko‘rsatadi. Aql g‘oyalarini ufq chizig‘iga o‘xshatish
mumkin: garchi bu chiziqqa yetib bo‘lmasa-da, u insonga makonda mo‘ljal olish, ko‘zlangan
maqsad sari to‘g‘ri harakatlanish imkonini beradi.
Shunga qaramay, Kant bilish nazariyasida
metafizik bo‘lib qoldi: u aqlning ziddiyatliligi (ya'ni cheksizlikning ziddiyatliligi)ni uning
ojizligi, narsalar mohiyatini anglashga qodir emaslik belgisi sifatida talqin qildi. Holbuki, bu
amalda, Gegel keyinroq ko‘rsatganidek, aqlning qudratli kuchidan dalolat beradi.
Sof aql tanqidida Kant falsafa o‘zidagi narsalar, ya'ni dunyoning oliy qadriyatlari
haqidagi emas, balki faqat bilish chegaralari haqidagi fan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga
keladi. Oliy mohiyatlar va oliy qadriyatlar – bu Xudo, ruh va erkinlik bo‘lib, ularni biz biron-bir
tajribada ko‘ra olmaymiz, ular haqida oqilona fan bo‘lishi mumkin emas.
Biroq ularning
borligini isbotlashga qodir bo‘lmagan nazariy aql, buning aksini isbotlashga ham qodir emas,
ya'ni u Xudoning borligiga, ruhning o‘lmasligiga va iroda erkinligiga ishonishni taqiqlamaydi.
Insonga e'tiqod va ishonmaslik o‘rtasida yo‘l tanlash imkoniyati berilgan. U e'tiqodni tanlashi
lozim, chunki vijdon ovozi, axloq ovozi undan shuni talab qiladi. Ammo bu endi nazariy aqldan
amaliy aqlga, gnoseologiyadan axloqqa o‘tishdir.
Kant falsafada o‘ziga xos to‘ntarish yasadi va falsafani alohida fan sifatida tushunish
asoslarini yaratdi. Yangi bilish nazariyasini asoslashga harakat qilib,
u XVII-XVIII asrlarning
bilishni borliqdan ko‘chirilgan andoza sifatida talqin qiluvchi empirik nazariyalarini tanqid qildi.
Kant muammoni boshqa zaminga ko‘chirdi va falsafada gnoseologiyaning bilish jarayoniga
sub'ekt – ob'ekt munosabati sifatida qaraydigan yo‘nalishiga asos soldi.
Biluvchi sub'ekt – bu muayyan individ emas, balki insonning bilish qobiliyatlari va bilim
manbalarinigina o‘zida mujassamlashtiruvchi qandaydir mavxum tasavvur. Inson ongida mavjud
bo‘lgan mazkur qobiliyatlar majmui unga o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar va aqlning aprior
shakllari yordamida tartibga solishga yordam beradi. Bu inson individual, shaxsiy xususiyatlarga
ega emas, degan ma'noni anglatmaydi, biroq ular bilish jarayonida yetakchi rol o‘ynamasligi
kerak.
Sub'ekt qandaydir narsa, predmet yoki hodisaning ta'sirini sezgilar darajasida idrok etadi.
Bu mushohada yuritishning aprior shakllari yordamida tartibga solinuvchi tuyg‘ular rang-
barangligini yuzaga keltiradi. Biroq bu bosqichda bilim sub'ektiv bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng
idrok ishga kirishadi va mavjud bilimlarni tushunchalar shakliga soladi, ya'ni ularda qandaydir
umumiy jihatlarni aniqlaydi. Shu sababli pirovard natijada idrok va aqlni birlashtirgan biluvchi
sub'ektgina bilim deb hisoblash mumkin bo‘lgan birlikni yaratadi.
Binobarin, bilimning turli shakllariga muayyan tavsif berish mumkin. Masalan,
matematika hissiylikning makon va vaqt kabi aprior (ya'ni tajribada ko‘rilmagan) shakllariga
tayanadi.
Boshqacha aytganda, biluvchi sub'ekt dunyoga makon va vaqtda mavjudlik nuqtai
nazaridan qaraydi. Ayni holda makon – tashqi sezgining aprior shakli, vaqt esa – ichki sezgining
aprior shakli. Bunday apriorlik matematik haqiqatlarning, demak, fan sifatidagi matematikaning
ham mavjudlik imkoniyatini belgilaydi.
Fizika (va boshqa tabiiy fanlar) ham o‘z apriorligi jihatidan «sof» bo‘lgan va tajribada
«ifloslanmagan» bir qancha mushohadalarga tayanadi. Tabiatshunoslik aprior mushohadalar va
idrok kategoriyalarining sintezi sifatida amalga oshiriladi.
Inson bilimlari, fan va madaniyat dunyosi bizning tajribamiz, tuyg‘ularimiz va aqlimiz
ma'lumotlariga asoslanadi. F.Bekon va R.Dekart fan va madaniyatning
yanada rivojlanish
yo‘llarini tuyg‘ularimiz va mulohaza yuritish qobiliyatimizning takomillashuvi bilan
bog‘laganida, to‘la haq edi. Biroq ular bizning tajribaga asoslangan bilimimiz har qancha
rivojlanmasin va takomillashmasin, u hyech qachon bizga faqat sezgilar, aql va tajribaga
asoslanib dunyoni oxirigacha tushunish imkonini bermasligini hisobga olmagan.
Bu bilim bizga tabiatan berilgan. U bizning tajribamizdan kelib chiqmaydigan makon,
vaqt,
sababiyat, cheksizlik, Xudo kabi kategoriyalarda mujassamlashgan. Bu insonga oldindan
berilgan tajribada olingan materialga ishlov berish asboblaridir. Insonning tajribada olingan
bilimi doirasidan chetga chiquvchi bu transsendent (lotincha o‘tish, bosib o‘tish so‘zidan)
kategoriyalar bilish chegarasi, imkoniyatlarini biz sezgilar yoki aql yordamida biron-bir narsani
bila boshlashimizdan oldinroq belgilab qo‘yadi. Shunday qilib, bizning bilimlarimiz dunyosi ikki
qismdan: tajribada olingan va tajribadan oldingi bilimdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: