60) XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ilg’or falsafiy fikrlar. (Biletdagi
savoldagi asrlar raqami almashib qolgan. Qomusiy olimlar haqida so`z ketishi kerak edi)
Yurtimizda arablar istilosiga qadar ustuvor bo‘lgan ma’naviy va madaniy durdonalar qadrini
yaxshi anglaydigan va ularning ahamiyatini to‘g‘ri tushunadigan kishilar birinchi navbatda yo‘q qilib
yuborilgan. Bu to‘g‘rida Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida
quyidagilarni yozgan: «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini
o‘rgangan va bilimini boshqalarga o‘rgatadigan kishilarni halok etib va butkul yo‘q qilib yuborgan edi.
Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib bo‘lmaydigan darajada
yashirin qoldi». Ushbu asarning boshqa sahifasida ulug‘ vatanparvar olim yuqoridagiga o‘xshash yana
bir fikrni quyidagicha ifoda etgan: «Qutayba xorazmliklarning kotiblarini halok etib, bilimdonlarini
o‘ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz bo‘lib, o‘z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga
suyanadigan bo‘ldilar».
Beruniy zamonida islom yagona hukmron diniy mafkura bo‘lib turganini e’tiborga olsak, zikr etilgan
asar va undagi teran fikrlarni bunday o‘ktamlik bilan aytish g‘oyat ulkan jasoratni talab etgani ayon
bo‘ladi.
Kubraviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubrodir (1154-1226). Xevada tug‘ilgan, yozgan
asarlari orasida «Sharhus-sunna val-masolih", «Usuli ashara», «Favoihul-jamol» kabilar mashhurdir.
Kubraviya tariqatining mohiyati o‘nta usulda mujassamlashgan. Bular — tangriga o‘z xohishi bilan
yuzlashish, zuhd fi dunyo — har qanday lazzatdan o‘zini tiyish, tavakkul — Ollohga e’tiqodi pokligi
uchun barcha narsalardan voz kechish, qanoat, uzlat — xilvatni ixtiyor qilish, mulozamat az-zikr —
uzluksiz zikr, tavajjuh — Haqqa muhabbat qo‘yish, sabr — nafs balosidan ozod bo‘lish, muroqaba —
tafakkurga g‘arq bo‘lish, rizo — tangri xushnudligini qozonishdan iborat. Bahouddin Naqshband (1318-
1389 yillar) naqshbandiya tariqatining asoschisidir. Bu ta’limotning mohiyati «Dil — ba yoru dast — ba
kor» shiorida yaqqol ifodasini topgan. Inson Olloh inoyati natijasi bo‘lib, bu dunyoni unutib qo‘ymasligi
lozim, uning qalbi doimo Ollohda, qo‘li esa mehnatda bo‘lmog‘i lozim. U tasavvufning barcha
tariqatlari singari shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat maqomlarini e’tirof etadi.
Muhammad al-Xorazmiy (783-850) va Ahmad al-Farg‘oniy (taxm. 797-865) butun musulmon
Sharqi va jahonda tabiiy va aniq fanlar rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk allomalardir. Muhammad
al-Xorazmiy arab xalifaligining poytaxti Bag‘dodda «Donishmandlik maskani» («Bayt ul-hikma») ga
rahbarlik qilgan. Uning «Astronomiya jadvali», «Hind hisobi to‘g‘risida risola», «Quyosh soati
to‘g‘risida risola», «Musiqa haqida risola», «Tiklash va qarshi qo‘yish hisobiga oid muxtasar kitob»
kabi asarlarida algebra sohasiga asos solindi.
Sharq xalqlari orasida «Buyuk matematik» unvoniga sazovor bo‘lgan Ahmad al-Farg‘oniy (taxm.
798 y. da Quvada tug‘ilgan) astronomiya va matematika sohalarida nom taratdi. Uning «Samoviy
jismlar harakati va yulduzlar fanining majmuasi haqida kitob», «Astronomiya asoslari», asarlarida
koinot xaritasi tuzildi. Yer va fazoviy sayyoralar hajmi, iqlimlar, jo‘g‘rofiy kengliklar to‘g‘risida
kuzatuvchilar orqali asoslangan yangi ma’lumotlar berilgan, ilm-fanning yangi yo‘nalishlariga asos
solingan. Qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni umumlashtirish, tadqiqotda hissiy va aqliy mushohada
mushtarakligi allomaga xos xususiyatlar sifatida dunyoqarashni shakllantirishning muhim omillari
bo‘lib keldi va undan keyin yashagan ilm ahliga ta’siri sezilib turdi.
Falsafa, tabiatshunoslik va tibbiyot tarixini Forobiy, Beruniy va Ibn Sinosiz tasavvur qilib
bo‘lmaydi. Abu Nasr Forobiy (873-950) - musulmon Sharqida Arastudan keyin «ikkinchi ustoz»
unvoniga muyassar bo‘lgan yirik mutafakkir va alloma. Uning qalamiga 160 dan ziyod asar mansub
bo‘lib, ular asosan qadimgi yunon olimlari asarlaridagi tabiiy-ilmiy va falsafiy muammolar sharhlash
hamda bu sohalarning dolzarb masalalarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Mutafakkir olamni ikki
ko‘rinishda: «Vujudu vojib» (olloh) va «vujudi mumkin» (barcha moddiy va ruhiy narsalar) misolida
talqin qiladi, barcha narsalar «vujudi vojib» tufayli yashash huquqiga ega bo‘ladi. Ular o‘zaro bir-biri
bilan sababiy tarzda bog‘lanadi. Sababsiz oqibat bo‘lmaganidek, oqibatsiz sabab ham bo‘lmaydi, deydi
Forobiy.