Potensial va aktual cheksizlik. Cheksizlik tushunchasi potensial va aktual cheksizlikni o‘z ichiga oladi. Potensial cheksizlik miqdor va sifat o‘zgarishlarining nihoyasiz jarayonini qayd etadi. Potensial cheksizlik to‘xtatish, bekor qilish yoki mavjud emas deb e'lon qilish mumkin bo‘lmagan shakllanish, o‘zgarish va rivojlanish jarayoniga ishora qiladi.
Aktual cheksizlik mazkur sharoitda to‘liq mavjud bo‘lgan cheksizlikning mavhumlashtirilgan ko‘rinishidir. Bu o‘xshash ob'ektlarning cheksiz to‘plamidan, masalan, yer yuzidagi odamlarning sochlaridan yoki sayyoramizda o‘suvchi gullardan tashkil topgan o‘ziga xos ob'ekt sifatida oddiy tushunishga asoslanadi. Aktual cheksizlik intiholi narsalarning cheksiz miqdoridan tashkil topgan ob'ektlarning son-sanoqsiz to‘plamlari aktual tarzda mavjudligi to‘g‘risida so‘z yuritish imkonini beradi. Aktual cheksizlik muayyan mavjud borliq sifatida olinadi, ammo u doim eng ko‘p e'tiroz va qarshilikka sabab bo‘ladi. Ko‘plab faylasuflar bu masalani chetlab o‘tishga harakat qilganlar. Bunda Aristotel qarashlari ancha muhim rol o‘ynagan. U ikki ming yil davomida amal qilgan «aktual emas, balki potensial cheksizlikkina mavjuddir», degan qoidani ilgari surdi. Sog‘lom fikr nuqtai nazaridan Aristotelning bu g‘oyasini asoslovchi dalillar bisyor. Potensial cheksizlik, obrazli qilib aytganda, har qanday songa birni qo‘shish imkonini beradi va ancha sodda abstraksiya hisoblanadi. Uni qabul qilish va unga ko‘nikish mumkin. Aktual cheksizlik esa mutlaqo paradoksal xususiyatga ega, chunki u cheksizlikni «shu yerda» va «hozir» yakunlangan, deb hisoblaydi, masalan: agar biron-bir ichkilikboz kishi hozirgacha ko‘p ichkilik ichgani va yana ikki shisha shapman vinosi icha olishini aytsa, bu potensial cheksizlik hisoblanadi. Agar u cheksiz miqdorda shampan vinosi ichganini aytsa, uning bu fikriga absurd gap sifatida qarash kerak bo‘ladi. Ayni vaqtda, bu aktual cheksizlikni o‘zining barcha elementlariga ega bo‘lgan real ob'ekt ko‘rinishida mavjud cheksizlik sifatida ifodalashga urinish hisoblanadi. Muttasil rivojlanuvchi olam shakllangan aktual cheksizlik sifatida tavsiflanishi mumkin emas. Ammo aktual cheksizlik g‘oyasining o‘zi ijod manbai va evristik izlanishlar uchun zamin sifatida ancha samarali xulosa bo‘ladi.
B.Paskal «Fikrlar» asarida aktual cheksizlik unga har qanday son qo‘shilganida ko‘paymaydi, ayrilganida esa kamaymaydi, deb hisoblaydi. U aktual cheksizlikni tubsiz absolyut, «uzviy va cheksiz Mavjudot» – Xudo g‘oyasi, shuningdek, ilohiy zulmat g‘oyasi bilan tenglashtiradi. Uning fikriga ko‘ra, cheksizlik zulmatiga chulg‘angan borliq insonning tushunish imkoniyatlaridan ko‘p karra ustundir, potensial cheksizlik cheklilik variantidir5.
Aktual cheksizlikning turlari «Katta cheksizlik» – universum cheksizligida namoyon bo‘ladi, «kichik cheksizlik» - kamroq ahamiyatga ega bo‘lgan, lekin ilmiy tafakkur mikrodunyoni o‘rganish yo‘nalishida rivojlanishi munosabati bilan real muammoga aylanadi. B.Paskal davrida mikroskopiya hodisalari «kichik cheksizlik»ni tashkil etgan. Insonning cheklangan ruhi aktual cheksizlikni anglab yetishga qodir emas. B.Paskal fikriga ko‘ra, inson ikki jarlik – «cheksizlik va yo‘qlik jarliklari» yoqasida ushlanib turadi. Cheksizlikning nihoyasizligi insonni bu holatni jimgina kuzatishga mahkum etadi.
«Aktual cheksizlik» tushunchasi olimlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Masalan, matematik D.Gilbert aktual cheksizlik hodisasini talqin qilib, shunday deydi: «Bunga biz, masalan, 1,2,3,...-n sonlar to‘plamiga muayyan tugallangan birlik sifatida yoki kesma nuqtalariga qarshimizda tugallangan ko‘rinishda namoyon bo‘luvchi narsalar majmui sifatida qarashda duch kelamiz. Bunday cheksizlikni biz aktual cheksizlik deb ataymiz»6. Matematiklar «cheksiz to‘plam» tushunchasini qo‘llaydilar va uni asosan miqdor jihatidan emas, balki sifat jihatidan tugallangan to‘plam sifatida tushunadilar. Ular «Cheksiz to‘plam»da cheksizlik amalda tugallangan bo‘lishi mumkin emas, degan g‘oyani inkor etmagan holda, umumiy va barqaror xossa hamda nisbatlarni o‘rganishga harakat qiladilar. Matematikada cheksizlikning o‘z haqiqiy kichik to‘plamiga teng kuchli to‘plam sifatidagi ta'rifi mavjud.
Falsafiy nuqtai nazardan cheksizlikni cheklilik chegaralarini inkor etuvchi, bu chegaralardan oshib o‘tuvchi jarayon sifatida tushunish lozim. Cheklilik esa, o‘z chegaralaridan tashqariga chiqib, o‘z inkorini inkor etib, cheksizlikka aylanadi. Cheklilikni cheksizlikdan alohida o‘rganish mumkin emas. Ayni vaqtda, cheklilikning mavjudligini saqlagan holda, cheksizlikning mavjudligini inkor etish ham mumkin emas. Cheklilik cheksizlikning mavjudlik shakli yoki usuli hisoblanadi. Bu boradagi dialektika ana shundan iborat.
Bir qarashda, cheksizlikka chegaralarning yo‘qligi, chegarasizlik xosdek bo‘lib tuyuladi. Ammo chegarasizlikni cheksizlik bilan tenglashtirish yaramaydi. Masalan, sharni olaylik. Uning sirtida harakatlanar ekanmiz, biz hyech qaerda chegaraga duch kelmaymiz. Shar – chegarasiz, ayni vaqtda chekli narsadir. Shu bois nihoyasizlik va nomuayyanlik cheksizlikning muhim xossalari hisoblanadi.
Dunyo cheksiz qismlarga bo‘lingani uchun nihoyasiz emas. Aksincha, «materiyaning cheksiz bo‘linishi» tushunchasi ma'lum darajagacha ma'noga egadir. Elementar zarralarga nisbatan u mutlaqo o‘rinsizdir (zarralarning ko‘p karra tug‘ilishi bilan bog‘liq g‘ayrioddiy effektni eslaylik). Cheksiz katta massa, zichlik, harorat, tezlik, energiyaga ega ob'ektlar ham mavjud bo‘la olmaydi. Muayyan xossalarning miqdor jihatidan cheksiz ko‘payishi yoki kamayishi, umuman, mumkin emas. Bu aksariyat hollarda yorug‘lik tezligi, minimal elektr zaryad kabi mashhur fizikaviy konstantalarning mavjudligidan kelib chiqadi.
Shunday qilib, tabiatda har qanday miqdoriy o‘zgarish muayyan me'yor bilan cheklangan. Shu bois cheksizlik qandaydir bir sifatning miqdoriy cheksizligi sifatida emas, balki sifat xossalarining nihoyasiz rang-barangligi sifatida amal qiladi.
Dunyo nihoyasiz, chunki u sifat jihatidan har xil va rang-barangdir. Biz yashaydigan tabiat o‘zaro bog‘langan, shu bilan birga, nisbatan mustaqil bir qancha darajalarga bo‘linadi. Fanda kvant mexanikasi qonunlari bilan tavsiflanuvchi mikrodunyo; klassik mexanika qonunlari amal qiluvchi makrodunyo; nisbiylik nazariyasi qonunlari va relyativistik kosmologiya bilan bog‘liq megadunyo farqlanadi. Materiyaning turli tarkibiy darajalarida makon va vaqt munosabatlarining o‘ziga xos ko‘rinishlari, harakatning har xil turlariga duch kelamiz. Biz muayyan turdagi jarayonlarning kuzatuvchilari va guvohlarimiz. Biz yashaydigan dunyo asosiy va andoza dunyo sifatida qaraladi. Biz bilmaydigan boshqa tipdagi jarayonlar esa bunday guvohlarsiz yuz beradi.
Falsafa tarixida geotsentrizm namoyondalari geotsentrik yondashuvlarni butun olamga nisbatan tatbiq etish (ekstrapolyasiya qilish) mumkin, degan g‘oyani ilgari surdilar. U dunyo bir xil, uning tushunib yetilgan qismi o‘z fizik ko‘rsatkichlariga ko‘ra universaldir, shu bois undan butun olamni tavsiflash uchun foydalanish mumkin, degan yondashuvga asoslanadi. Boshqacha aytganda, butun dunyoda tushunib yetilgan qonuniyatlarga o‘xshash qonunlar amal qiladi, degan tasavvur vujudga kelgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |