Dunyoning birligi va rang-barangligi. -Dunyo cheksiz yaxlitlik sifatida o‘zgarmas va ayni vaqtda o‘zining ayrim qismlari va ko‘rinishlarida o‘zgaruvchan bo‘lib, o‘zini muttasil shakllanish va o‘zgarish jarayonlarida namoyon etadi. U nafaqat shakllanish va o‘z tuzilmasini murakkablashtirish yo‘lida, balki aksincha – buzilish va tanazzul yo‘lida ham harakatlanadi va rivojlanadiki, bu uning sifat va miqdor ko‘rsatkichlari muttasil o‘zgarishida aks etadi.
Shunday qilib, dunyo, bir tomondan, o‘z rang-barangligida bir jinsli emas, boshqa tomondan esa, o‘zining barcha tarkibiy qismlarining uzviy birligini tashkil etib, muayyan universal yaxlitlik hisoblanadi.
Biroq, dunyoning birligi masalasi aniq-ravshan emas. Sinchiklab o‘rganish jarayonida u ko‘p sonli boshqa javobsiz savollarni, balki umuman yechimsiz muammolarni yuzaga keltiradi. Dunyo birmi, agar bir bo‘lsa, uning birligi nimadan iborat, degan masala atrofidagi qizg‘in falsafiy munozaralar va jiddiy ixtiloflar ayni shu hol bilan izohlanadi.
Bu muammoning yechimi u yoki bu faylasuf dunyoqarashi, uning mazkur dunyoqarashga asoslangan pozitsiyasiga bevosita bog‘liq. Ruh (Xudo, o‘lmas g‘oyalar, ong va sh.k.) moddiy va ko‘lamli tabiatdan tashqaridagi asos deb hisoblaydigan faylasuflar dunyoning birligi muammosiga boqiy, yaratilmagan va turli atributlarga ega bo‘lgan materiyani butun borliqning asosi sifatida e'tirof etadigan faylasuflarga qaraganda butunlay boshqacha yondashadilar.
Birinchi holda idealistlar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Idealistlar fikricha butun dunyo ikki ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: birinchisi – ideal (chin) dunyo, ikkinchisi – moddiy, ashyoviy (o‘tkinchi) dunyo. Bu yerda dunyoning birligini tasdiqlovchi nuqtai nazarlar ham, mazkur birlikni rad etuvchi nuqtai nazarlar ham bo‘lishi mumkin.
Bunday qarashlarga zid o‘laroq, materiyani birdan-bir substansiya sifatida e'tirof etuvchi materialistik monizm tarafdorlari dunyoning birligini uning o‘zidan kelib chiqib tushuntirishga harakat qiladilar. Bunda ular dunyoga o‘z borlig‘ini saqlash uchun hyech kim va hyech narsaga muhtoj bo‘lmagan, borliqning butun rang-barangligini o‘zidan yaratuvchi deb qaraydilar. Ayni holda yechishga to‘g‘ri keladigan eng og‘ir vazifa bugungi kunda (balki umuman) o‘rganilgan mikrodunyo va anglab yetilgan Koinotning muttasil surilib borayotgan chegaralari ortiga nazar tashlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan holda dunyoning cheksizligi (yoki chekliligi)ga shak-shubhasiz dalillar keltirishdan iboratdir.
Mazkur yondashuvning hyech narsaga ishonmaydigan tarafdorlari bu va boshqa shunga o‘xshash savollarga o‘z javoblarida faqat oqilona asoslash va unga muvofiq bo‘lgan tajribani dalil sifatida tan oladilar va bunda umuminsoniy amaliyotga va tabiati o‘ta oqilona xususiyatga ega bo‘lgan fanga tayanadilar. Fan falsafadan ijtimoiy ongning alohida shakli sifatida uzil-kesil ajralib chiqib, inson faoliyatining mustaqil jabhasiga aylangan. XVIII asrdan boshlab, uning yordamida dunyoning birligini ilohiy kuchlarga murojaat etmay yanada ishonchliroq dalillar bilan himoya qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Xususan, sayyoralar dastlabki «tumanlik»dan tabiiy kelib chiqqanini tushuntiruvchi Kant – Laplas nazariyasi Quyosh tizimsi kosmik jismlarining birligi to‘g‘risida so‘z yuritishga asos bo‘ldi; energiyaning saqlanish va o‘zgarish qonuni tabiatda amal qiluvchi barcha kuchlar universal harakat namoyon bo‘lishining turli shakllari ekanligini namoyish etdi; jonli organizmlar hujayrali tuzilishga ega ekanligi haqidagi nazariya butun tiriklikni strukturaviy birlashtirish imkonini beradi; D.I.Mendeleevning davriy qonuni barcha kimyoviy elementlarni birlashtirdi, Ch.Darvinning hayvon va o‘simlik turlarining kelib chiqishi haqidagi nazariyasi esa nafaqat butun tiriklikning birligini tushuntirib berdi, balki ideal ong tabiatini jonli modda bilan uzviy bog‘liq deb tushunish uchun imkoniyat yaratdi. Mazkur nazariya ayrim narsalarni o‘rganishdan jarayonlar va holatlarni o‘rganishga, tabiatni qismlarga ajratishdan uni yagona tizimga birlashtirishga o‘tish bilan tavsiflanadiki, bu keyinchalik inson va uning ongi genezisini yaxshiroq tushunish, ularning dunyodagi haqiqiy o‘rnini belgilash va pirovard natijada inson va tabiatning birligini ko‘rsatish imkonini berdi.
XX asrda nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasining yaratilishi dunyo yagona va hamma narsa bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq ekanligi haqidagi tasavvurlarni sezilarli darajada kengaytirdi va mustahkamladi. XX asrning ikkinchi yarmida qudratli teleskoplar va tezlatgichlar paydo bo‘lishi bilan hozirgi zamon fani makro- va mikrodunyolarni o‘rganishda yanada ko‘proq olg‘a siljidi. U koinot kengliklariga kirib, dunyoning fundamental asoslari haqidagi tasavvurlarimizni boyitdi. Hozirgi zamon fani maydon va moddaning, korpuskulyar va to‘lqinli moddiy ob'ektlarning birligini isbotlab berdi, materiya, harakat, makon va vaqtning uzviy birligini asosladi.
Dunyoning birligi g‘oyasi tabiiy-ilmiy dalillardan tashqari tarixiy asoslashni ham taqozo etadi. Bunday asoslashni falsafasiz amalga oshirish mumkin emas, chunki u butun dunyoga yaxlit tizim sifatida yondashib, rang-baranglikda birlikni va birlikda rang-baranglikni ko‘radi.
Do'stlaringiz bilan baham: |