Sabab va oqibat. Qanday voqyea yuz bermasin, barchasining o‘z sababi bor. To‘g‘ri olingan yo‘l yo‘lovchini tekisliklar orqali mo‘ljallangan manzilga olib keladi, xato va beparvolik uni sahroga olib boradi va halokatga giriftor etadi. Hodisalarning umumiy o‘zaro bog‘liqligi va bir-birini taqozo etishi g‘oyasi determinizm tamoyilida o‘z aksini topadi. Bu tamoyilga binoan tabiatda hamma narsa sababning hukmiga bo‘ysunadi.
Sabab tushunchasi insonga uning rivojlanishi dastlabki bosqichlaridayoq ma'lum bo‘lgan. Tabiiy hodisalarning kelib chiqishini tushuntiruvchi sabablarni aniqlashga bo‘lgan ilk urinishlarga mifologiyada, so‘ngra dinda duch kelish mumkin. Keyinchalik sabablarning falsafiy va ilmiy izohi yuzaga keladi. Sabab (lot. causa – sabab) shunday bir hodisaki, u boshqa bir hodisaning oqibatini bevosita belgilaydi, yuzaga keltiradi. Sababiyat mohiyatini bir hodisaning boshqa hodisani yuzaga keltirishi, sababning oqibatni yaratishi tashkil etadi. Oddiy ong sababiyat jarayonini soddalashtiradi: sabab faol tomon, oqibat – passiv tomon sifatida tasavvur qilinadi, sabab oqibatdan oldin keladi. D.Yum bunday tasavvurlarni tanqid qilar ekan, - u sabablar mavjudligiga shubha qiladi, aniqrog‘i buni inkor etadi: «Bir hodisa ayrim holda boshqa hodisadan oldin kelishidan ularning biri – sabab, ikkinchisi – harakat degan xulosa chiqarish aqlga muvofiq emas. Ularning birikuvi tasodifiy bo‘lishi mumkin, balki bir hodisa yuz berganida boshqa bir hodisaning mavjudligi haqida xulosa chiqarish uchun hyech qanday asos yo‘qdir. Shunga qaramay... insonni bunday xulosa chiqarishga majbur qiluvchi qandaydir tamoyil mavjud. Bu tamoyil odatdir...”6, deb qayd etadi. Sabablar mavjudligining inkorini Yum shu bilan tushuntiradiki, sababning oqibatni yuzaga keltirish jarayonini biz bevosita kuzata olmaymiz. Sabab haqida biz yuz bergan oqibatga qarab xulosa chiqaramiz, ammo bu voqyea chindan ham ayrim sababning oqibatimi, degan savolga biz aniq javob bera olmaymiz, chunki sabab-oqibat aloqasi mavjudligini biz sinov yo‘li bilan hyech qachon tasdiqlay olmaymiz7.
Hozirgi zamon fani sabab ob'ektlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa bo‘lib, uning oqibatida o‘zaro aloqaga kirishgan ob'ektlarning ikkalasi ham o‘zgarishini aniqlash imkonini beradi. Masalan, yerga yirik meteoritlar tushishiga ulkan ekologik falokatlar sabab bo‘lgan. Bir qarashda yer jabrlangan passiv tomon, meteorit esa – faol tomon bo‘lgan. Amalda klassik mexanika qonunlariga muvofiq yer va meteoritning to‘qnashuvi yuz bergan. Buning oqibatida ikkala jismda tegishli deformatsiyalar yuzaga kelgan. Amaliyot har qanday hodisaning vujudga kelishi biron-bir omil yoki omillar bilan belgilanishini ko‘rsatadi.
Yuz berishi yangi hodisa vujudga kelishiga olib keluvchi hodisa sabab deb ataladi. Sabab ta'sirida vujudga keluvchi hodisa esa oqibat deb ataladi. Dunyoda barcha hodisalar, o‘zgarishlar, jarayonlar muqarrar tarzda muayyan sabablar tufayli yuz beradi. Dunyoda sababsiz hodisalar yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emas. Sababiyat qonuni dunyoda barcha hodisalar sababiy belgilangan degan qoidaga asoslanadi. Sababiyat qonunini tan oluvchi va uni borliqning barcha hodisalariga tatbiq etuvchi faylasuflar deterministlar deb, sababiyat qonunini inkor etuvchi faylasuflar esa indeterministlar deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |