Hissiy bilish 3 ta shaklda: sezgi, idrok va tasavvur shaklida amalga oshadi.
Sezgi predmetning birorta tashqi xususiyatini (masalan, rangini, shaklini, ta’mini) aks ettiruvchi yaqqol obrazdir. Idrok predmetning yaxlit yaqqol obrazi bo‘lib, u mazkur predmet haqidagi turli xil sezgilarni sintez qilish natijasida hosil bo‘ladi. Alohida olingan sezgilardan farqli o‘laroq, idrok berilgan predmetni boshqa predmetlardan (masalan olmani behidan, nokdan va shu kabilardan) farq qilish imkonini beradi. Tasavvur esa avval idrok etilgan predmetning obrazini ma’lum bir signallar (berilgan predmet bilan ma’lum bir umumiylikka ega bo‘lgan) ta’sirida miyada qayta hosil qilishdan, yoki shu va boshqa obrazlar negizida yangi obraz yaratishdan iborat hissiy bilish shaklidir. Masalan, tanishingizga o‘xshagan kishini uchratganda tanishingizni eslaysiz, yoki ko‘rmoqchi bo‘lgan imoratingizni mavjud imoratlar obrazlari yordamida yaqqol his qilasiz.
Lekin, shunga qaramasdan hissiy bilish o‘z imkoniyatlari, chegarasiga ega. U bizga alohida olingan predmetlar (yoki predmetlar to‘plami), ularning tashqi belgilari xaqida ma’lumot beradi. Unda mavjud predmetlar o‘rtasidagi aloqadorlik (masalan muz bilan havoning harorati o‘rtasidagi bog‘lanish) o‘rganilmaydi, predmetlarning umumiy va individual, muhim va nomuhim, zaruriy va tasodifiy xususiyatlari farq qilinmaydi.
Bundan tashqari, ba’zi hollarda hissiyotimiz bizni aldab qo‘yadi. Masalan, uzoqdan sizga qarab yurib kelayotgan kishini tanishingizga o‘xshatasiz, lekin yaqinroq kelganda uning boshqa kishi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Boshqa bir misol. Endi tanishgan kishingiz xaqidagi dastlabki taassurot (bu asosan uning tashqi tamonidan ko‘rinishiga qarab hosil qilinadi), u bilan muloqatda bo‘lgandan keyin o‘zgaradi. Mana shu o‘rinda «Kiyimiga qarab kutib olishadi, aqliga qarab kuzatishadi» degan maqolning hissiy bilish bilan aql o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni, farqni yaxshi ifoda qilishini ta’kidlash lozim. Yuqorida qayd etib o‘tilgan holatlar bilishda tafakkurga bo‘lgan ehtiyojni, uning mohiyatini, bilishda tutgan o‘rnini chuqur anglashga yordam beradi.
Predmet va hodisalarning mohiyatini tushunishga tafakkur yordamida erishiladi. Tafakkur bilishning yuqori-ratsional (lotincha ratio-aql) bilish bosqichi bo‘lib, unda predmet va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlari aniqlanadi, ular o‘rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya’ni qonuniy bog‘lanishlar aks ettiriladi. Tafakkur uch xil shaklda: tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish shaklida mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |