Miqdor va sifat o’zgarishlarining bir-biriga o’tishi qonuni narsaning miqdor va sifat tomonlarining shunday bir o’zaro aloqasini aks ettiradiki, uning ta’sirida miqdor o’zgarishlari me’yor chegarasidan chetga chiqib, albatta tub sifat o’zgarishlariga sabab bo’ladi, bu sifat o’zgarishlari esa, o’z navbatida, yangi miqdor ko’rsatkichlariga olib keladi. Bu qonunga muvofiq rivojlanish bir-biridan farq qiladigan, lekin o’zaro bog’langan ikki bosqich – uzluksizlik va uzluklilikning birligi sifatida yuz beradi. Rivojlanishda uzluksizlik – bu juda sust, ko’zga ko’rinmas miqdor o’zgarishlari bosqichi. Rivojlanishda uzluklilik sakrash deb ataladi.
Sakrash-bu bir sifatning boshqa sifatga aylanish vaqti, shakli, usuli, miqdor o’zgarishlarining uzluksizligi, bosqichma-bosqichligidagi uzilishdir. Masalan, sakrash-bu Yerda hayotning paydobo’lishi, hayvonlar dunyosidan insonning ajralib chiqishi, bir ijtimoiy tuzum o’rniga boshqa ijtimoiy tuzum kelishi, buyuk ilmiy va texnikaviy kashfiyotlardir. Har qanday sakrash rivojlanishda o’tish davrini tavsiflaydi. O’z tabiatiga ko’ra u doim ziddiyatlidir, chunki yangining tug’ilishidan ham, eskining qarshiligidan ham dalolat beradi.
Sakrashlarning shakllari rang-barang bo’lib, rivojlanayotgan hodisaning tabiati, shuningdek unda sifat o’zgarishlari yuz berayotgan konkret sharoit bilan belgilanadi. Sakrashlar:
1) o’zgarishning davomliligiga ko’ra (jadal, sust);
2) o’zgarish shakliga ko’ra (bir karra, ko’p karra);
3) o’zgarishning chuqurlik darajasiga ko’ra (qisman, to’liq);
4) o’zgarishning yo’nalishiga ko’ra (progressiv, regressiv, yo’nalishsiz) farq qiladi.
Sakrashlarni tahlil qilish chog’ida «evolutsiya», «inqilob», «islohot» kabi atamalar ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. «Evolutsiya» tushunchasi keng va tor ma’nolarda qo’llaniladi. Keng ma’nodagi «evolutsiya» asta-sekin rivojlanish jarayoni bo’lib, u miqdor o’zgarishlarinigina emas, balki sifat o’zgarishlari, shu jumladan inqiloblarni ham o’z ichiga oladi. Tor ma’noda «evolutsiya» deganda inqilobdan, uning tayyorlanishidan oldingi davr tushuniladi. «Inqilob» tushunchasi ijtimoiy hodisalarni tavsiflash uchun ishlatiladi. Bu jamiyatni asta-sekin o’zgartirmaydigan, balki unda tub o’zgarish yasaydigan sakrashdir. Islohot jamiyat hayotining biron-bir muhim tomonini o’zgartirish bo’lib, bunda uning iqtisodiy va davlat tartibi asoslari saqlanib qoladi.
SHunday qilib, miqdor va sifat o’zgarishlarining bir-biriga o’tish qonuni, rivojlanishning umumiy qonuni sifatidagi mazmuni haqida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradigan «sifat», «miqdor», «me’yor», «sakrash» kategoriyalari yordamida muayyanlashtiriladi. Mazkur qonun butun borliqning rivojlanishi, harakati va o’zgarishi qanday, qay tarzda yuz beradi, degan savolga javob berib, ob’ektiv voqelikning har qanday sohasida yangi sifatga o’tishning ichki mexanizmini yoritadi. Ko’rib chiqilgan qonunlar rivojlanish manbai va uning mexanizmini yoritib bersa, inkorni-inkor qonuni – rivojlanishning umumiy tendentsiyasini, uning yo’nalishini aks ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |