Gotfrid Vilgelm Leybnits (Nemis olimi va faylasufi 1646-1716) Spinozaning substantsiya tushunchasiga faol kuch yoki «tashabbuskorlik» tamoyilini qo’shimcha qilgan. O’zining «Monadologiya» asarida u moddiy hodisalarni bo’linmas, sodda ma’naviy birliklar – monadalarning namoyon bo’lishi deb e’lon qilgan. Bo’linmas monada ko’lamlilik xususiyatiga ega emas va makonda joylashmaydi, chunki makon cheksiz darajada bo’linuvchandir. Monada – faol kuchning nomoddiy, ma’naviy markazi. Monadalar umrboqiy va yo’q bo’lmasdir, ular tabiiy yo’l bilan vujudga kelishi yoki halok bo’lishi mumkin emas. Ular tashqi ta’sir ostida ham o’zgarmaydi. Har qanday ayrim monada – bu jon va tananing birligi. Monada ma’naviy mohiyatining sirtdagi ifodasi sondir.
Faoliyat, harakat – monadaning xossasi. Leybnits tabiatni mexanika qonunlari bilangina tushuntirish mumkin emas, maqsad tushunchasini ham kiritish lozim, deb hisoblaydi. Uning fikricha, har bir monada o’zining barcha harakatlari asosi va ayni zamonda ularning maqsadidir. Jon – jismning maqsadi, ya’ni u erishishga harakat qiluvchi mo’ljal.
Leybnits monadalarni uch toifaga ajratadi: hayot monadalari, jon monadalari va ruh monadalari. SHundan kelib chiqib u barcha murakkab substantsiyalarni uch guruhga ajratadi: hayot monadalaridan noorganik tabiat vujudga keladi; jon monadalaridan hayvonlar yaraladi; ruh monadalaridan odamlar bino bo’ladi.
Leybnits falsafasida ratsionalizm va empirizmning uyg’unligi oqilona asosda namoyon bo’ladi. «Inson aqli haqida yangi tajribalar» asarida u Lokkning ilgari sezgilarda mavjud bo’lmagan narsa aqlda mavjud emas, aqlning o’zi bundan mustasno, degan tezisini tanqid tig’i ostiga oladi. Barcha haqiqatlarni u zaruriy haqiqatlar (aql haqiqatlari) va tasodifiy haqiqatlar (fakt haqiqatlari)ga ajratadi. Aql haqiqatlari qatoriga Leybnits substantsiya, borliq, sabab, harakat, ayniyat tushunchalarini, mantiq tamoyillari, matematika tamoyillari va axloqiy tamoyillarni kiritadi. Uning fikricha, bu haqiqatlar manbai faqat aqldir.
Jon Lokk (ingliz faylasufi 1632-1704) cubstantsiya tushunchasini tahlil qilishga nisbatan gnoseologik yondashuvga asos solgan. U g’oyalar va tushunchalarning manbai tashqi dunyo, moddiy narsalardir, degan tezisni isbotlashga harakat qilgan. Uning fikricha, moddiy jismlarga sof miqdor xususiyatlarigina xos. Materiya sifat jihatidan rang-barang emas: moddiy jismlar bir-biridan kattaligi, shakl-shamoyili, harakati va osoyishtaligi bilangina ajralib turadi. Bular – «birlamchi sifatlar». «Ikkilamchi sifatlar» - bu hid, ovoz, rang, ta’m. Ular narsalar bilan uzviy bo’lib tuyuladi, lekin amalda bunday emas: narsalarda bunday sifatlar yo’q. Ular, Lokk fikriga ko’ra, sub’ektda «birlamchi sifatlar» ta’sirida vujudga keladi.
«Birlamchi» va «ikkilamchi» sifatlarni ajratish hozirgi zamon bilimi nuqtayi nazaridan sodda va noilmiy hisoblanadi. Ammo u sub’ektiv idealizm namoyandalari tomonidan o’zlashtirilgan va o’zining tadrijiy yakuniga etkazilgan: «birlamchi sifatlar», «ikkilamchi sifatlar» bilan bir qatorda, sub’ektga bog’liq bo’lmagan, ob’ektiv mazmunga ega emas, deb e’lon qilingan.
Bilish nazariyasida J.Lokk inson ongining mazmunini hissiy tajribadan keltirib chiqarishga harakat qilgan. Lokk sensualizmining noizchilligidan Berkli foydalangan va sirtdagi tajriba omilidan butunlay voz kechgan
Jorj Berkli (ingliz faylasufi, episkop har 1685-1753) materializm, ateizm va deizmga ochiq-oydin qarshi chiqqan, har qanday sifatning ob’ektiv asosini rad etgan va amalda ularni inson sezgilariga tenglashtirgan. Berkli fikriga ko’ra, amalda avvalo «jonlar», ularni yaratgan Xudo, shuningdek Xudo odamlar joniga joylagan «g’oyalar» yoki sezgilar mavjud. Berkli tashqi dunyodagi ob’ektivlikni sub’ektivlik bilan bog’laydi: u barcha narsalarni sezgilarning «uyg’unliklari» bilan bog’laydi. Berkli uchun idrok etish mumkin bo’lgan narsalargina mavjuddir. U barcha narsalar Xudoning aqlida zohir, degan fikrni ilgari suradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |