Jon Lokk (ingliz faylasufi 1632-1704) cubstansiya tushunchasini tahlil qilishga nisbatan gnoseologik yondashuvga asos solgan. U g‘oyalar va tushunchalarning manbai tashqi dunyo, moddiy narsalardir, degan tezisni isbotlashga harakat qilgan. Uning fikricha, moddiy jismlarga sof miqdor xususiyatlarigina xos. Materiya sifat jihatidan rang-barang emas: moddiy jismlar bir-biridan kattaligi, shakl-shamoyili, harakati va osoyishtaligi bilangina ajralib turadigan «birlamchi sifatlar»dir. «Ikkilamchi sifatlar» esa - hid, ovoz, rang, ta'm. Ular narsalar bilan uzviy bo‘lib tuyuladi, lekin amalda bunday emas: narsalarda bunday sifatlar yo‘q. Ular, Lokk fikriga ko‘ra, sub'ektda «birlamchi sifatlar» ta'sirida vujudga keladi.
«Birlamchi» va «ikkilamchi» sifatlarni ajratish hozirgi zamon bilimi nuqtai nazaridan sodda va noilmiy hisoblanadi. Ammo u sub'ektiv idealizm namoyandalari tomonidan o‘zlashtirilgan va o‘zining tadrijiy yakuniga yetkazilgan: «birlamchi sifatlar», «ikkilamchi sifatlar» bilan bir qatorda, sub'ektga bog‘liq bo‘lmagan, ob'ektiv mazmunga ega emas, deb e'lon qilingan.
Bilish nazariyasida J.Lokk inson ongining mazmunini hissiy tajribadan keltirib chiqarishga harakat qilgan. Lokk sensualizmining noizchilligidan Berkli foydalangan va tashqi tajriba omilidan butunlay voz kechgan
Jorj Berkli (ingliz faylasufi, yepiskop har 1685-1753) materializm, ateizm va deizmga ochiq-oydin qarshi chiqqan, har qanday sifatning ob'ektiv asosini rad etgan va amalda ularni inson sezgilariga tenglashtirgan. Berkli fikriga ko‘ra, amalda avvalo «jonlar», ularni yaratgan Xudo, shuningdek Xudo odamlar joniga joylagan «g‘oyalar» yoki sezgilar mavjud. Berkli tashqi dunyodagi ob'ektivlikni sub'ektivlik bilan bog‘laydi: u barcha narsalarni sezgilarning «uyg‘unligi» da ko‘radi. Berkli uchun idrok etish mumkin bo‘lgan narsalargina mavjud, barcha narsalar Xudoning aqlida zohirdir.
Devid Yum (ingliz faylasufi 1711-1776) ham, J.Berkli kabi, substansiyaning materialistik talqiniga qarshi chiqib, ontologiya muammolarini yechishga harakat qilgan. U moddiy va ma'naviy substansiyaning amalda mavjudligini inkor etgan, lekin substansiya «g‘oyasi» mavjud, deb hisoblagan. Substansiya «g‘oyasi» deganda u ilmiy bilimga emas, balki oddiy bilimga xos bo‘lgan inson «idroklari majmui»ni tushungan.
Xullas, yangi davr falsafasi bilish nazariyasi (gnoseologiya)ning rivojlanishida ulkan qadam tashladi. Falsafa ilmiy metodi, insonning tashqi dunyoni bilish metodologiyasi, tashqi va ichki tajriba aloqalari bosh muammolarga aylandi. Olinayotgan barcha bilimlar tizimining o‘zagi hisoblangan haqqoniy bilimni olish vazifasi qo‘yildi. Bu vazifani hal qilishning turli yo‘llarini tanlash gnoseologiyaning ikki asosiy yo‘nalishi – empirizm va ratsionalizm paydo bo‘lishini belgiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |