Makonning uch o‘lchovligi. Makonning uch o‘lchovliligi hanuzgacha ilmiy-nazariy jihatdan aniq isbotlanmagan. Makon va vaqtning cheksizligi hamda tuganmasligi, makonning uch o‘lchovliligi, vaqtning bir yo‘nalishligi, orqaga qaytmasligi makon va vaqtning asosiy xossalari sifatida qaralishi lozim. Biz makroskopik tajribada ko‘radigan ob'ektlar uch o‘lchovli ko‘lamlilikka – uch o‘lchovdagi o‘lchamlilikka ega. Makonning har qanday nuqtasi uch soni yordamida beriladi. Ammo makonning uch o‘lchovligi faylasuflar uchun amalda jumboq bo‘lib qolamoqda. Ular uchun bu asoslashga urinishlar natija bermayotgan empirik postulat sifatida qabul qilinadi. Makonning uch o‘lchovligini ta'riflab bergan Aristotel pifagorchilarning g‘oyalari yordamida uni asoslashga harakat qilgan. U uch o‘lchovi eng mukammal va tugallangan bo‘lib, aynan 3 soni shunday xususiyatga ega ekanligini qayd etgan.
Sxolastlar Pifagor va Aristotel g‘oyalariga tayanib, uch o‘lchovlilikni dunyoning mukammalligi nuqtai nazaridan tushuntirganlar. Bunda uzunlik chizig‘iga kenglik tutashadi va yuza hosil bo‘ladi, so‘ngra balandlik tutashadi va jism dunyoga keladi. Bundan boshqa o‘lchovlarga o‘tishni aniq tasavvur qilish mumkin emas. Uch o‘lchovlilik dunyoning mukammalligidan dalolat beradi.
G.Galiley uch o‘lchovlilikni asoslashga nisbatan mazkur yondashuvni tanqid qilgan. G.Galiley dialoglarining amalda muallif fikrini ifodalovchi qahramonlaridan biri shunday deydi: «3 soni mukammal ekanligi va uch o‘lchovli hamma narsaning mukammalligidan darak berishga qodirligini tan olishga hyech bir asos ko‘rmayapman».92[92]
Nemis faylasufi I.Kant o‘z faoliyatining tanqidiy bosqichidan oldingi davrda makonning uch o‘lchovligini tabiat kuchlarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tushuntirishga harakat qilgan. U makonning uch o‘lchovligini fizik dalil sifatida tushunishga uringan. Ammo keyinchalik I.Kant makon va vaqtning aprioristik tabiati haqidagi xulosaga kelib uni hissiy kuzatish shakllari sifatida tavsiflagan.
Shunday qilib, makonning uch o‘lchovligi empirik postulatdir, u haqdagi xulosa bizning intuitsiyamizga asoslanadi, fikrlashning qulayligi, maqsadga muvofiqligi, tejamligiga intilish, estetik moyilliklar yoki dunyoning mukammalligiga ishonchdan kelib chiqadi, degan ma'noni anglatmaydi. Makonning uch o‘lchovligi moddiy o‘zaro ta'sirlar bilan belgilanadi.
Biz yashaydigan makon uch o‘lchovlidir. Bu boshqa makon mavjud bo‘lishi mumkin emas, degan ma'noni anglatmaydi, lekin boshqa makonda atomlar ham, molekulalar ham, Quyosh tizimsi ham bo‘lmasligi mumkin. Agar makon uch o‘lchovli bo‘lmaganida, amaldagi barcha fizik qonuniyatlar buzilgan bo‘lar edi; narsalar biron-bir sababsiz paydo bo‘lishi va yo‘q bo‘lishi mumkin edi (ularning sabablari boshqa o‘lchovlarda bo‘lar edi); atomlar mavjud bo‘lishi mumkin emas edi, chunki elektronlar darhol yadrolar ustiga tushar edi. Butun dunyo boshqacha bo‘lishi lozim bo‘lar edi.
Demak, bizning dunyomizda har qanday voqyea to‘rt soni: makonning voqyea yuz bergan joyni qayd etuvchi uch koordinati va uning vaqt ko‘rsatkichi bilan belgilanadi. Shunday qilib, moddiy dunyo ob'ektlarining «3 1» ko‘rinishidagi makon va vaqt tuzilishiga mansubligi ularning universal xossasi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |