Savol va javob
Bilimlarimiz predmet va hodisalar haqida avvalgi hosil qilingan hukmlar (mulohazalar)dan yangi, ularni to’ldiradigan, kengaytiradigan hukmlarni yaratishga qarab taraqqiy etib boradi. Bu jarayon ma’lum bir savollarni qo’yish va ularga javob qidirish tarzida sodir bo’ladi.
Shuni aytish kerakki, savol so’roq gap yordamida ifoda qilingani uchun hukmni ifoda qila olmaydi. Ular bilishda turlicha vazifalarni bajaradi. Xususan, hukmning vazifasi predmet haqidagi mavjud bilimlarni qayd qilishdan iborat bo’lsa, savol uning yangi xususiyatlari, aloqalarini qidirib topishga, o’rganishga qaratilgan bo’ladi. Savol bir qancha muhim mantiqiy xususiyatlarga ega. Birinchidan, savolda ma’lum bir boshlang’ich bilim mujassamlangan bo’ladi. Masalan, «Qanday sabablarga ko’ra GFR va GDR yagona davlatga birlashdi?» degan savolda mustaqil Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasining mavjud bo’lganligi, ularning yagona davlatga birlashishidan avval qandaydir voqyealarning sodir bo’lganligi haqida ma’lumot berilgan. Ikkinchidan, savolda mavjud bo’lgan bilim noaniq bo’ladi. Yuqorida keltirilgan misolda yagona nemis davlati – GFR haqida ma’lum bir ma’lumot mavjud bo’lsa-da, u fikrlash predmetini tushunish uchun yetarli emas. Shuning uchun ham savol qo’yish va unga javob qidirish yo’li bilan yagona nemis davlatining paydo bo’lish shart-sharoitlari haqida bilim hosil qilinishi zarur. Uchinchidan, savolda predmet haqida to’laroq bilimga ega bo’lish ehtiyoji o’z ifodasini topadi.
Ana shundan kelib chiqib, savol bilimlarimizdagi noaniqliklarni, shubhalarni yo’qotish, hamda aniqroq va to’laroq bilimlar hosil qilishga bo’lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladigan fikrlash vositasidir, deb aytishimiz mumkin.
Savol o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi. U o’zining asosiga (datum questioins), bazisiga ega. Savolning asosini unda mujassamlashgan bilim (axborot) tashkil etadi.
Savollarning bir qancha turlarini farq qilsa bo’ladi. Xususan, savol o’zining asosiga ko’ra to’g’ri va noto’g’ri qo’yilgan savollarga bo’linadi. Asosi chin va ziddiyatsiz bilimdan iborat bo’lsa, savol to’g’ri qo’yilgan bo’ladi. «Milliy g’oya nima?» degan savol bunga misol bo’la oladi. Xato va ziddiyatli asosga ega savol esa, noto’g’ri qo’yilgan savol hisoblanadi. Masalan, «Arvoh qanday kun kechiradi?» desak, savol noto’g’ri qo’yilgan bo’ladi.
Bilishdagi funksiyasi savollarni bo’yicha aniqlovchi va to’ldiruvchi savollarga ajratish mumkin. «I. Prigojin haqiqatan ham sinergetikaning asoschisimi?» degan savol aniqlovchi savol, «O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qachon qabul qilingan?» to’ldiruvchi savol hisoblanadi.
Tarkibiga ko’ra oddiy va murakkab savollar mavjud. Agar tarkibida boshqa savol bo’lmasa, oddiy savol, bo’lsa – murakkab savol deb yuritiladi. Masalan, «Suv necha gradusda muzlaydi?» – oddiy savol, «Assimilyasiya va dissimilyasiyalar organizmning mavjud bo’lishida qanday o’rin tutadi?» – murakkab savoldir.
Masala – savolning alohida bir turi bo’lib, uni hal qilish savolning asosini mantiqan o’zgartirishni, yetishmayotgan ma’lumotlar bilan to’ldirishni, muhim tomonlarini ajratishni, muhim bo’lmaganlarini chiqarib tashlashni taqozo etadi.
Savolni to’g’ri qo’yish uchun ma’lum bir qoidalarga rioya etish zarur:
1. Savol til talablariga javob berishi kerak.
2. Savol aniq, ravshan, qat’iy holda ifoda qilingan bo’lishi kerak.
3. Savolning asosi (bazisi) chin hukmlardan iborat bo’lishi kerak.
Javob – predmet haqidagi avvalgi bilimni qo’yilgan savolga muvofiq holda aniqlashtiradigan, to’ldiradigan yangi hukm (mulohaza) dan iborat. U savolning asosini (bazisini) tashkil etuvchi bilimga tayanilgan holda, yangi bilim olishga imkon beradi. Javobning mohiyatini savolda mavjud bo’lgan noaniqlikni kamaytirish (yoki yo’qotish) tashkil etadi.
Savolga javob qidirish davomida, odatda, bilimlarning konkret sohalariga murojaat qilinadi. Ular javobni qidirish sohasi, deb ataladi.
Mantiqda javobning bir qancha turlari: bevosita (to’g’ri) va bilvosita javoblar, to’liq va to’liqsiz javoblar, chin va xato javoblar, qisqa va batafsil javoblar, aniq va noaniq javoblar ajratiladi.
Bevosita (to’g’ri) javob – savolda ko’rsatilgan noma’lum sohaga taalluqli mulohazalar to’plamidan iborat. Masalan, «O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi (Asosiy qonuni) qachon qabul qilingan?» degan savolga «O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi (Asosiy qonuni) 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan», deb berilgan javob bevosita javob hisoblanadi.
Bilvosita javob – javobni qidirish sohasidan chetga chiqib, qo’shimcha ma’lumotlarga murojaat qilish asosida hosil qilinadigan mulohazalar to’plamidan iborat bo’lib, bevosita (to’g’ri) javob ulardan xulosa chiqarish yo’li bilan hosil qilinadi. Masalan, «Mantiq falsafiy fanmi?» degan savolga «Mantiq tafakkurning shakllari va qonunlarini o’rganuvchi fan», deb beriladigan javob bilvosita javob bo’ladi.
To’liq va to’liqsiz javoblar javobda beriladigan ma’lumotlar miqdori bo’yicha farq qilinadi. To’liq javob – o’zida savolning barcha elementlari (qismlari) haqida ma’lumotlarni mujassamlashtirgan mulohazalar to’plamidir, «O’zbekiston Respublikasi Madhiyasini kim yozgan?» degan savolga «O’zbekiston Respublikasi Madhiyasi matnini A. Oripov yozgan, uning musiqasini esa, M. Burxonov bastalagan», deb berilgan javob to’liq javob bo’ladi. To’liqsiz javob – savolni tashkil etuvchi elementlarning bir qismi haqidagina ma’lumotni ifoda etgan mulohazalardan iborat. Masalan, «Jamiyatni demokratiyalashning mohiyati nimada?» deb qo’yilgan savolga «Jamiyatni demokratiyalash xalqning davlatni boshqarishda ishtirok etishini taqozo etadi», deb berilgan javob to’liqsiz bo’ladi, chunki unda jamiyatni demokratiyalashtirishning boshqa mezonlari haqida ma’lumotlar yo’q.
Mantiqiy qiymati bo’yicha, ya’ni borliqqa munosabatiga ko’ra chin va xato javoblar farq qilinishi mumkin. Agar javobda ifodalangan fikr-mulohazalar borliqqa muvofiq kelsa, uni adekvat holda aks ettirsa, u chin javob va aksincha, borliqqa muvofiq kelmasa, adekvat tarzda aks ettirmasa, u xato javob bo’ladi. Masalan, «Tib qonunlari» asarining muallifi kim?» deb berilgan savolga «Tib qonunlari» asarining muallifi Ibn Sinodir», deb berilgan javob – chin, «Tib qonunlari» asarining muallifi Ar-Roziydir», deb berilgan javob esa, xato hisoblanadi.
Grammatik shakliga ko’ra, javoblar qisqa yoki batafsil bo’ladi. Qisqa javob «ha» yoki «yo’q» tarzida beriladigan tasdiq yoki inkor shaklidagi bitta so’zdan iborat. Batafsil javob savolning har bir elementi takrorlanadigan mulohazadir. Masalan, «Muhammad payg’ambar tarixiy shaxsmi?» degan savolga «Ha», deb berilgan javob – qisqa javob, «Ha, Muhammad payg’ambar tarixiy shaxs», deb berilgan javob – batafsil javob bo’ladi.
Javobning aniq yoki noaniq bo’lishi savolning sifatiga, uning mantiqiy tarkibiga bog’liq. Ma’lumki, savol va javob mantiqan bog’langan bo’ladi, ya’ni javobning mazmuni qo’yilgan savolning sifatiga bog’liq. Shuning uchun ham bahs yuritish jarayonida «savoliga yarasha javob» degan qoida amal qiladi. Noaniq, ko’p ma’noli savollarga aniq javob olish qiyin.
Aniq javob – mantiqan to’g’ri qo’yilgan savolga bildiriladigan mulohazadan iborat bo’lib, unda ishlatilayotgan tushunchalar, so’zlarning mazmuni va ma’nosi konkret va ravshan bo’ladi. Noaniq javobni ifoda etuvchi mulohazalar ikki xil ma’noli tushunchalar, so’zlarni ishlatish natijasida hosil bo’ladi. U ko’pincha sofizmlarda uchraydi. Masalan, «uyum» sofizmida sofistning «agar qum uyumidan bir dona qumni olib tashlansa, uyum saqlanadimi?» degan savoliga «ha», deb javob berishadi. Uning «Yana bir qum donasini olib tashlasak-chi? Unda ham qum uyumi saqlanib qoladimi?» degan navbatdagi savoliga ham «Ha», javobi beriladi. Bu hol, ya’ni tasdiqlovchi javob birorta ham qum donasi qolmaguncha berilaveradi. Bu yerda mantiqiy xato «uyum» tushunchasi mazmunining noaniqligidan kelib chiqadi. Mazkur tushuncha faqat uyumning ma’lum bir miqdordagi qumlar to’plamini ifoda qilishi, ya’ni o’zining hajmiga ega bo’lishi bilangina emas, balki sifatiy tavsifiga: shakliga, ko’lamiga va shu kabilarga ham, ya’ni mazmuniga ham ega. Sofist esa urg’uni uning miqdoriga beryapti. Ana shuning uchun ham javob oxir-oqibatda xato bo’lib chiqadi.
Beriladigan javob to’g’ri bo’lishi uchun ma’lum bir metodologik talablarga rioya qilish zarur. Ular quyidagilardir:
1. Javob aniq, ravshan va, iloji boricha, ixcham bo’lishi shart.
2. Javob mantiqan ziddiyatsiz bo’lishi zarur.
3. Javob yetarli darajada asoslangan bo’lishi kerak.
4. Javob savoldagi noaniqlikni kamaytirishi, iloji boricha to’la bo’lishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |