Qanot hujumchilari.
Qanotdagi harakatlar yo to’pni boshqarayotgan qanot himoyachisi yoki maydon o’rtasi o’yinchisi bilan hamkorlik qilish uchun orqaga qaytib yoki olg’a tomon faol ilgarilab (sherigining himoyachilar ortidagi bo’sh joyga uzoqdan to’p uzatib berishiga sharoit yaratish maqsadida "o’yindan chiqqan" holat chegarasiga yaqin borib) bajarilishi mumkin.
Maydonning eni bo’ylab harakatlanishlar to’pni boshqarayotgan maydon o’rtasi bilan hamkorlik qilish uchun orqaga qaytish yoki hujumning oldingi marrasiga tez ilgarilab chiqish bilan uyg’unlashtirib bajarilishi mumkin.
Qanot hujumchisi to’p olganidan keyin o’zini yakka yoki sherigi bilan birgalikda qo’riqlayotgan o’yinchidan o’tib ketishga, qariyb raqib darvozasi chizig’igacha yetib borish va to’pni jarima maydonidagi sheriklariga g’izillatib yoki uzatib berishga harakat qiladi. Sheriklaridan birontasi to’p olish uchun ochiq turgan bo’lsa yoki hujumchilar himoyachilarga qarshi havoda muvaffaqiyat bilan kurashayotgan bo’lsa, bunday hollarda to’pni yuqorilatib uzatish samaralidir. G’izillatib uzatishlar esa hamma hollarda ham maqsadga muvofiqdir. Bunda g’izillab kelayotgan to’pga hujumchilardan birontasi chiqib kelishi mumkin bo’lgani uchungina emas, balki vaqt nihoyatda ziq sharoitda qolganidan, buning ustiga goho o’z vazifasini ko’ngildagiday bajarolmay qoladigan himoyachilarning oyog’idan "rikoshet" bo’lishi mumkinligidan ham mudofaadagilarning harakati murakkablashib ketadi. Bunday holda qarshi tomon qanot hujumchisi darvozaning uzoqdagi ustuni yaqinigacha yetib boradi.
Qanot hujumchisi raqib himoyachilari orasini maksimal darajada uzaytirib ketish uchun yon chizig’iga yaqin joyda o’ynaydi. Markaziy hujumchi yon chiziq yaqiniga o’tib, maydon markazi bo’shab qolgan hollarda esa qanot hujumchisi bo’shab qolgan zonaga katta tezlikda yorib kiradi.
Ayrim o’yin epizodlarida qanot hujumchilari o’rin almashadilar. Maydonning eni bo’ylab bunday manevr qilish mudofaa uyushtirishni qiyinlashtiradi va qanot himoyachilarining biror hujumchi harakat xususiyatlariga moslashib olishiga halaqit beradi. Goh u, goh bu qanotda uzoq vaqt g’olib ketish ham muvaffaqiyat qozonishga yordam bersa-da, lekin hujumning rivojlanishi mobaynida o’rin almashish ayniqsa samarali chiqadi.
Qanot hujumchisi doimo tezkor manevr qilishga tayyor turishi va shuning bilan birga yakkama-yakka kurashning hamda zarba berishning xilma-xil usullarini a’lo darajada bilishi kerak.