Etikaning kategoriyalari, tamoyillari va me’yorlari.
Axloqshunoslikda inson xatti-harakatining ikki qutbi – axloqiylik bilan axloqsizlik holatlari tahlil va tadqiq etiladi. Axloqiylik – fazilatlarda, axloqsizlik esa – illatlarda namoyon bo`ladi. Bu ikki qutb – tushuncha kun-tun, oq-qora singari bir-birini inkor va ayni paytda, taqozo etgani holda mavjuddir. Zero, fazilat, Arastudan tortib Ibn Sinogacha bo`lgan qadimgi faylasuflar ta`kidlaganlaridek, ikki illat oralig`ida ro`y beradi. Chunonchi, adolat – zulm bilan mazlumlikning, saxiylik – isrofgarchilik bilan baxillikning, iffat – qizg`anchilik bilan rujuning o`rtalig`i sifatida voqe bo`ladi.
Fazilat va illatlar esa o`z navbatida axloqiy tushunchalarda namoyon bo`ladi. Axloqshunoslik fanida barcha tushunchalarni uch guruhga bo`lib o`rganishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Axloqiy bilish bilan real hayot o`rtasidagi eng muhim aloqa va munosabatlarni in`ikos ettiruvchi, axloq ilmining mezonini ifodalovchi tushunchalardir; ularni biz axloqshunoslikning mezoniy tushunchalari yoki kategoriyalari sifatida tushunamiz.
- Axloqiy tamoyillar
- Axloqiy me`yorlar
Shunday qilib zamonaviy axloqshunoslik axloqiy kategoriyalarni, tamoyillarni va me`yorlarni g`oyada muhim ekanligi ta`kidlagan holda axloqiy kategoriyalarni quyidagicha tasniflaydi.
Muhabbat va nafrat. Muhabbat bosh mezoniy tushuncha sifatida deyarli barcha asosiy tushunchalarda va tamoyillarda o`z “hissa”siga ega. Shu jihatdan atoqli tasavvufshunos Najmiddin Komilov: “Juda ko`p irfoniy tushunchalarning sharhi muhabbatga borib taqaladi”, - deydi.[1] Na ezgulikni, na vatanparvarlikni, na insonparvarlikni muhabbatsiz tasavvur etib bo`lmaydi. Muhabbat – insoniy mohiyatning erkin tarzda namoyon bo`lishidir, u zo`ravonlik yoki zo`rma-zo`rakilik bilan chiqisha olmaydigan hodisadir. U me`yorlar, an`analar, qonunlarga bo`ysunmaydi, lekin, yuksak axloqiylik ifodasi tarzida insonga ulkan mas`uliyat yuklaydi, uni jasoratga chorlaydi. Jadidchilik harakatining mashhur namoyondalaridan biri A.Avloniy “Muhabbat” tushunchasini quyidagicha a`riflaydi: “Muhabbat deb bir narsani suymakni aytilur. Dunyodagi insonlar mehr va muhabbat soyasida yasharlar. Muhabbatsiz kishi ishni ishlamakka g`ayrat va jasorat qilolmas”.[2]
Muhabbatlik bahorning kuz husuli hech oz o`lmas,
Muhabbatsiz kishining ko`ngli qishdur asli yoz o`lmas.
Muhabbatning obyekti doimo go`zallik, manfaatsiz go`zallik. U – Allohmi, Vatanmi, yormi – muhabbat egasiga undanda go`zalroq narsa yo`q. Ayni paytda bir obyektni sevgan kishi boshqa obyektlarni ham sevishi tabiiy. Deylik, yorga bo`lgan haqiqiy muhabbat Vatanga, insoniyatga muhabbatni inkor etmaydi, aksincha, barqaror qiladi. Inson o`zi o`zgaga aylanganida, o`zgani o`ziga aylantira olganida haqiqiy muhabbat egasi hisoblanadi.
Muhabbat ham, axloqshunoslikdagi ko`pchilik tushunchalar kabi “juftlik” xususiyatiga ega, uning ziddi – nafrat. Nafrat tushunchasi muhabbatdan farqli o`laroq keng qamrovli emas. U aksil muhabbat tarzida namoyon bo`ladi, obyektdan chetlashishni, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanish hissi, uning kundalik turmushdagi tor, “mayda” ko`rinishidir.
Ayni paytda nafrat g`azabdan keskin farq qiladi. Agar g`azabning asosida inson fe`lining salbiy holati – oniy badjahllik yotsa, nafrat uchun chuqur o`ylab ko`rilgan va qabul qilingan uzil-kesil qaror yotadi.
Ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, adolat. Asosiy tushunchalar orasidagi yana bir juftlik – ezgulik va yovuzlik; ezgulik axloqshunoslikdagi eng muhim kategoriyalardan. U inson faoliyatining asl mohiyatini anglatadi.
Ezgulik – insonga eng kuchli ma`naviy lazzat bag`ishlaydigan, uni ijtimoiy shaxsga aylantirib, haqiqiy baxtga olib boruvchi ,fazilat, shaxsni komillikka, jamiyatni esa yuksak taraqqiyotga yetkazuvchi yuksak qadriyat.
Ezgulik va uning ziddi yovuzlik odatiy, kundalik hayot mezonlari bilan o`lchanmaydi, ular ham muhabbat singari qamrovli va ijtimoiylik xususiyatiga ega. Ezgulikning axloqiy ideal bilan bog`liqligi shundan. Shu tufayli u amaliyotda qahramonlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, jasurlik singari tamoyillarni o`z ichiga oladi.
Yaxshilik kategoriyasi axloqiy idealga mos keladigan narsalar haqidagi tasavvurlar majmuidir.Yomonlik kishilarning idealiga, ular e’zozlaydigan narsalarga zid keladigan, baxtga erishishga, odamlar orasidagi munosabatlarni qaror topishiga, insoniylikning o’sishiga to’sqinlik qiladigan hamma narsa haqidagi tasavvurlar yig`indisidir. Yaxshilik va yomonlik kategoriyalari o’zgaruvchan relyativ va harakatchandir.
Adolat bu tenglikning haqqoniy va taqdirlashning zaruriy o’lchovidir. Suqrot ta’biri bilan aytganda «adolat – qonunga muvofiq xulqdir». Adolat muayyan axloqiy sistemada qabul qilingan, kishilarning axloqiy burch va majburiyatlari tushunchasiga mos keladigan hatti-harakatlardir. Uning ezgulik va yovuzlik hamda yaxshilik va yomonlikdan asosiy farqi shundaki, adolatning o’zi biror bir qadriyatni anglamaydi, lekin qadriyatlar orasidagi nisbatni belgilaydi, ularni baholash maqomiga ega. Shu bois unda jamiyatni tartibga soluvchilik xususiyati bor, unda ham axloqiy, ham huquqiy talablar mujassamlashgan. Uni ma’lum ma’noda miqdor o’lchovi ham deyish mumkin: u talab bilan taqdirlashni o’lchab turadigan tarozidir. Adolat bor joyda ijtimoiy jabrga, beboshlikka yo’l yo’q.
Muruvvat bir insonning ko`p hollarda o`ziga aloqasi yo`q boshqa bir insonga achinish hissi orqali yordamga qo`l cho`zishi bo`lsa, shafqat kishining o`ziga aloqador odamga, aybdor, gunohkor, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jazolanishga loyiq kimsaga kechirimlilik orqali insonparvarlik ko`rsatishtir.
Shafqat hissi shafqatga muhtoj kishi o`rniga xayolan o`zini qo`yib fikr yuritish orqali vujudga keladigan, o`zga bir inson iztiroblarini yengillashtirishga qaratilgan axloqiy hodisa. Agar muruvvat sizning burchli bo`lmagan kimsaga ko`rsatgan yordamingiz bo`lsa, shafqat esa oldingizda javobgar, jazoga loyiq odamni, uning insoniy huquqini va tabiatini hisobga olib kechirishdir.
Vijdon ham boshqa ba’zi axloqshunoslik mezoniy tushunchalari kabi baholash xususiyatiga ega. Lekin bu baholash hech qachon ob’ektga qaratilmaydi, u sub’ektning hatti-harakatlarini baholaydi, ya’ni unda sub’ekt o’zi uchun ichki ob’ekt vazifasini o’taydi. Vijdon ko’zga ko’rinmas, lekin ulkan va mutlaq aybsiz axloqiy hodisadir.
Burch, mohiyatan, jamiyat, davlat va shaxslarga nisbatan muayyan individdagi munosabat, ular oldidagi majburiyat. U vijdon, e’tiqod mas’uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog`liq. Burch shaxsning ko’pgina mayl-istaklariga qarshi boradi: uni huzur- halovatdan, turmush lazzatlaridan mahrum etadi.
Or-nomus tushunchasi bir tomondan, burch bilan bog`liq bo’lsa, ikkinchi jihatdan qadr-qimmat tushunchasiga aloqadordir. Zero, or-nomus mohiyatan shaxsning o’z qadr-qimmatini anglab etishi, shu qadr-qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishi yoki olinmasligi munosabati bilan belgilanadi. Goho uni or tushunchasi bilan cheklashtirish hollari ham uchrab turadi. Lekin aslida, nomusga nisbatan or ancha tor qamrovdagi, nisbatan zalvarsiz tushuncha. Oriyatli odam deganda, o’z so’zining ustidan chiqadigan, sadaqa tarzida qilinadigan muruvvatlardan baland turadigan shaxs tushuniladi. Beor odam esa – o’z sha’niga aytilgan gaplarga parvo qilmay, ishini bajarib ketaveradigan surbetnamo kishi. Nomusning esa toshi og`ir – ijtimoiylik xususiyatiga ega, keng qamrovli. Nomus yo’lida inson hatto o’z hayotidan kechishi mumkin. Bularning hammasi o’zini hurmat qilish, o’ziga nisbatan atrofdagilarning hurmat izzatini yo’qotmaslik uchun o’z-o’zini nazorat qilish hissidan kelib chiqadi.
Baxt - tushunchasi ko’p ma’noli, har bir insonning o’ziga xosligi bilan bog`liq. Baxt haqidagi va baxtga olib boradigan vositalar to’g`risidagi aldamchi tasavvurlar natijasida insonning xohlagani – baxt deb o’ylagani aslida uni baxtsizlikka etaklashi mumkin. Lekin, har kimning baxti o’ziga xos bo’lishiga qaramay barchasi intilish va ehtiyoj nuqtai nazaridan umumiylikka ega. Faylasuf, insonni jinoyatdan axloq borasidagi «aqlli» gaplar emas, balki baxt asrab qoladi, deydi. Lekin u zodagonlarga xos dabdabali baxtni emas, oddiy odamlarning, ko’pchilikning baxtini bajarilgan ishdan keyin keladigan, zarur bo’lgan farovonlikdan lazzatlanish baxtini nazarda tutadi.
Axloqiy tamoyillar, me’yorlar
Asosiy mezoniy tushunchalar – kategoriyalar singari axloqiy tamoyillar ham axloqiy anglash shakllaridan hisoblanadi. Ularda axloqiy talab umumiy tarzda ko`zga tashlanadi.
Insonparvarlik – axloqiy tamoyillarning eng qadimiy va eng muhimlaridan biri hisoblanadi. U – insonning yuksak ijtimoiy vazifasini belgilaydigan va barqaror etadigan g`oyalar, qarashlar va e`tiqodlar majmui, shaxs erki, qadr-qimmati, uning baxtli bo`lish huquqini talab etish imkonining mavjudligiga yengilms ishonch.
Insonparvarlik – umuminsoniy qadriyatlar sirasiga kiradi. Har bir shaxs insoniy huquqlarini ta`minlash uchun kurashishi – mana, insonparvarlikning asosiy vazifasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |