87. Biznes-rejaning resurslar bilan ta’minlanganligi
Ma’lumki, biznes-reja korxona faoliyatining joriy va istiqboldagi strategiyasini amalga oshirish, birinchi navbatda, nimani, qancha va kim uchun ishlab chiqarish vazifasini bajarishga xizmat qilishi lozim. Mazkur ishlab chiqarish strategiyasi, tabiiyki, biznes-rejani tuzish bosqichidayoq resurslar ta’minoti bilan mustahkamlanishi lozim.
Resurslar bilan ta’minlanganlik – biznesning asosiy qoidalaridan biri bo’lib, mulkchilik qaysi shaklida ekanligidan qat’i nazar majburiy hisoblanadi. Moddiy, mehnat, moliyaviy va texnik-texnologik resurslarsiz mahsulotni ishlab chiqarish jarayonining imkoni yo’qligi ham isbot talab qilmaydigan qoidadir. Shu sababli yangi yoki joriy ishlab chiqarishni tashkil etish jarayonida doimo resurslar bilan ta’minlaganlik masalasi yuzaga chiqadi. To’g’ri, bu vazifani hal qilish metodikasi ko’p jihatdan resurslar turi, ishlab chiqarish miqyosi va xarakteriga bog’liq bo’ladi.
Aytish kerakki, o’tmishda, iqtisodiyotda davlat mulki asosiy o’rinni egallagan, korxonalarni zarur moddiy-texnik va moliyaviy resurslar bilan ta’minlash davlatning vazifasi bo’lgan paytlarda bu masalalar korxonalarning «boshini og’ritmas» edi. Korxona davlatga qarashli bo’lganligi sababli davlatning o’zi uning iqtisodiy barqarorligi, jumladan, uning resurslar bilan ta’minlanganligi uchun javobgar bo’lgan.
Bugungi kunda iqtisodiyotda vaziyat umuman o’zgacha. Iqtisodiyotning asosini mulkchilikning turli shakllari tashkil etadi. Davlat iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini, qonunda ko’rsatilgan hollardan tashqari, korxonalarning ishlab chiqarish-xo’jalik faoliyatiga aralashmaslikni kafolatlaydi, mulkchilikning barcha shakllarining tengligi va huquqiy himoya qilinishini ta’minlaydi. Korxona o’ziga tegishli bo’lgan mulkni o’z hohishiga ko’ra boshqaradi. Shu bilan bir paytda u ishlab chiqarishni zarur resurslar bilan ta’minlash masalalarini mavjud qonun-qoidalarni buzmasdan, aylanma vositalarni tovar-moddiy boyliklarda band qilib qo’ymasdan hal qilishi lozim bo’ladi.
Shuni qayd etib o’tish joizki, biznes-reja tuzish bo’yicha, ayniqsa, xorijiy tavsiyalarda ishlab chiqarish rejasi, menejment, moliyaviy va boshqa masalalarni hal qilishda bo’lgani kabi, resurslar ta’minotiga bag’ishlangan maxsus bo’lim yo’q.
Xorijda va mamlakatimizda to’plangan tajribalarning ko’rsatishicha, har qanday ish, har qanday ishlab chiqarish moddiy, material va boshqa resurslar etarli bo’lgan hollardagina rivojlanishi va kutilayotgan natijalarni berishi mumkin. Shuning uchun ham resurslar, ayniqsa, moddiy resurslar butun yil davomida ishlab chiqarish sur’atining bir maromda bo’lishini ta’minlash uchun sifat va miqdor jihatidan etarli bo’lishi kerak. Bunda zahiralarning normativdan oshib ketishiga ham yo’l qo’ymaslik kerak, chunki bu korxonaning pul resurslarini «ushlab» turadi va ularning xo’jalik aylanmasida ishtirok etishiga yo’l qo’ymaydi.
Biznesning (tadbirkorlikning) resurslar bilan to’liq ta’minlanganligi ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida chiqarilayotgan mahsulot sifatiga salbiy ta’sir ko’rsatmagan va belgilangan texnologik jarayonlarni buzmagan holda moddiy resurslarni tejash bilan bog’liq bo’lishi lozim. Boshqacha qilib aytganda, korxonaning resurslar ta’minoti sohasidagi siyosati resurslarni tejash siyosati bilan uyg’unlikda olib borilishi lozim bo’lib, bu bugungi bozor munosabatlari talablardan tashqari ayrim resurs turlarining taqchilligi bilan ham asoslanadi.
Moddiy resurslarni tejashning asosiy yo’nalishlari sifatida amaliyotda quyidagilardan foydalanish mumkin:
yo’qotish va chiqitlarni kamaytirish;
brakni yo’qotish;
xom-ashyo va materillar sarflashning progressiv usullarini ishlab chiqish;
yangi texnologiyalarni joriy qilish;
o’rinbosa materiallarni qo’llash, ikkilamchi xom-ashyodan foydalanish va hokaz
Do'stlaringiz bilan baham: |