Dizaynning estetik mohiyati.
Dizayn - bu ishlab chiqarishda rassomlar, ”dizaynerlar” tomonidan bo‘lajak buyum loyihasining yaratilishini ham o‘z ichiga oladigan estetik faoliyatning turi, hamda ijod natijasi. Estetik sifatga ega bo‘lgan tayyor sanoat buyumi. Predmetlar tartibsizligiga barham berish va predmetlar olamini tartibga keltirish texnika estetikasi va dizayn nazariya va amaliyotining vazifasidir.
Har qanday texnika shakliga dizayn tomonidan quyiladigan asosiy talab- bu foydalilik, qulaylik va go‘zallikdir.
Masalan: dastlabki avtomobil shakl jihatidan oddiy bo‘lib, qadimgi ekipajni eslatgan. Uning havo qarshiligiga kamroq uchraydigan, o‘qlarining past tushishi kabi sifatlari bilib olingandan so‘ng, bizni bugungi kunda zavqlantiradigan va ko‘zimizni quvontiradigan o‘sha dinamik shakli yaratilgan.
Hozirgi zamon avtomobilining go‘zalligini uning amaliy vazifasidan ajratib bo‘lmaydi. YAqin kelajak texnikasi yana mukammalroq va go‘zalroq mashinalar yaratadi. Buning guvohi qudratli kemalar va laboratoriyalarda ranglar tanlab, operatorlik posti signalizatsiyasini soddalashtirib, dizayner unga yangi, go‘zal qiyofa beradi. Dizayn bilan avtomobil, samolyot, teploxod, sex, zavodning ichki salonini jihozlash mumkin.
Dizayn yoki badiiy loyihalash texnika estetikasining tarkibiy qismidir. U texnika estetikasining ijtimoiy-falsafiy mohiyatini, hozirgi davrdagi ahamiyati, san’at bilan o‘zaro aloqadorligi, buyumlar olamining estetik muammolarini o‘rganadi. Dizayn ishlab chiqarishda go‘zallik va foydalilikning uyg‘unligini taqozo etadi. Iqtisodiy, utilitar, texnologik jihatlar bilan birgalikda buyumlarning estetik qimmati ham muhim ahamiyatga ega. Negaki, u insonda ma’naviy zavq uyg‘otibgina qolmay, moddiy ishlab chiqarish jarayoniga samarali ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga egadir. SHuning uchun dizayn ijtimoiy hayot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, moddiy-moliyaviy, texnik, konstruksion imkoniyatlar Bilan birgalikda modani ham e’tiborga oladi.
Dizaynnning maqsadi va vazifalari ko‘pqirralidir. U inson ma’naviy va maishiy ehtiyojlarini qondiradi, ishlab chiqarish mahsulotlarini estetik qadriyatlarga aylantiradi. Dizaynning san’at bilan hamkorligi o‘ziga xos bo‘lib, bu xususida tadqiqotchilarning fikrlari turlichadir. “Dizayn-abstrakt san’at” (Genrbert Rid), “Dizayn san’at emas” (Gloag, Eshford), “iste’mol predmeti badiiy asar funksiyasini bajarishi mumkin emas, u san’at taqdiri bilan mos kela olmaydi”( T.Maldonado), “dizaynnning maqsadi go‘zal shakl va narsalar dunyosini yaratishdan iborat bo‘lib, ular sivilizatsiyamizning chinakam xarakterini ochib berishi lozim” (D.Ponti)
Darhaqiqat, dizayn sohasini aniqlash juda murakkab, ayrim vaqtda ular san’at bilan o‘zaro qorishib ketadi. Har ikkalasi ham ijodiy faoliyat ekanligi, inson ma’naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishi, estetik qonuniyatlar asosida vujudga kelishi ularning chambarchas aloqadorligini ko‘rsatadi. San’aning kelib chiqishi haqida turlicha fikrlar mavjud bo‘lib ularning asosida ikki xil mazmun yotadi. Biri u o‘yin natijasida, ikkinchisi esa mehnat. San’at o‘yindan kelib chiqqan, chunki unda majburiylik yo‘q.,san’at avalo inson ma’naviy ehtiyoji natijasi degan fikr asos sifatida olinadi. Dizayn san’atni istisno qilmasada bizning nazarimizda mehnat natijasida vujudga keladi. CHunki hunarmand ko‘zga yasaydi, unga ishlov beradi, bezaydi bu uning mehnatining tarkibiy qismi hamdir. U majburiyat bilan bog‘liq, maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy hodisa va mehnatdan manfaatodorlik mavjud. Ayrim san’at turlari (masalan me’morchilik, xalq amaliy san’ati) haqida gap ketganda bu yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Dizaynga san’at ta’sir ko‘rsatadi, uni boyitadi. Masalan barokko, rokoko, ampir, klassitsizm, modern kabi uslublar dizaynga ham ta’sir ko‘rsatgan. O‘n to‘qqizinchi asrda ampir uslubi me’morchilik dizayniga ta’sir ko‘rsatgani mahobatlilik, tanatanvorlik, serhashamlik bu davr me’morchiligining ajralib turadigan xususiyati bo‘lish bilan birga me’morchilik davlatning buyukligi uning harbiy qudratiga ishora ham qiladi. Ulug‘ sohibqiron Temur ham bizning qudratimizga ishonmaganlar biz qurdirgan binolarni ko‘rsin degan fikri bejiz emas. Demak san’at va dizayn bir-birini to‘ldirib, rivojlantirib boradi. Ammo faqat dizayn va faqat san’atga xos xususiyatlar ham mavjud. Bu dizaynning fan-texnika taraqqiyotiga bog‘liqligi, maishiy hayotdagi roli, ya’ni unda go‘zallik, foydalilik, qulaylikning uzviy bog‘liqligida ko‘rish mumkin. San’at avvalo inson ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyat. Biz san’at asarlaridan bahra olamiz, ma’naviy lazzat olamiz. Avvalo uning ma’naviy qadriyat sifatida baholaymiz. Dizayn esa insonning moddiy-maishiy ehtiyojlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Dizayn narsa va buyumlar olamini tartibga solish, uyg‘unlashtirish, inson turmush darajasini yuqoriga ko‘tarish, mehnat jarayonini ilg‘orlashtirish vazifalarini bajaradi. Buning uchun u ilmiy tafakkurning so‘nggi muvaffaqiyatlarini o‘zida mujassam etadi.
Dizaynning yana bir o‘ziga xosligi unda muhandis, ruhshunos, rassom kabi mutaxassislarning hamkorlikda ishlashadi. San’at asari, masalan she’r shoir ijodiy mehnatining mahsuli bo‘lsa, dizaynda yuqorida aytilganidek bir nechta kasb egalarining ishtiroki muhim. Dizaynning turli yo‘nalishlarida dizayner faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlari namoyon bo‘ladi. Dizayner o‘zi xizmat ko‘rsatayotgan madaniy qatlamning ijtimoiy-ruhiy xususiyatlarini, shuningdek estetik bilimlarni ham egallagan bo‘lishi taqozo etiladi. U yaratayotgan narsa-buyumlarning inson uchun qulay, kerakli, foydali, zamonaviy, shakl va mazmuni mutanosibligini e’tiborga oladi.
Dizayner ma’lum ma’noda ixtiorochi hamdir. San’atkor esa insonning avvalo ma’naviy-ruhiy ehtiyojlarini e’tiborga olib, yaratayotgan asarini insonga estetik ta’sirini inobatga oladi. Rassom ranglarning estetik jihatiga e’tibor qaratsa, dizayner uning ruhiy, fiziologik, majoziy, funksional jihatlariga ham e’tibor beradi. Bu dizaynerga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bezakchi faqat narsa va buyumlarni bezatishni maqsad qilib qo‘ysa, dizayner esa har tomonlama o‘ylab keng fikr yuritishi, uning ijod mahsuli kimga va nima uchun mo‘ljallangani va zaruriyatini unutmasligi darkor.
Dizayner zamon va zamnoviylik nuqtai nazardan ijod qilsa-da, narsa va buyumlarda tarixning aksi bor, ya’ni an’ana va uslublar shaklda o‘zini namoyon etadi. Zero donishmandlar ta’kidlaganidek har bir yangilik unutilgan eskilikdir. Dizayner faoliyati narsa va buyumlarni nafaqat madaniyatimizning bir bo‘lagi balki, biz uchun qadrli narsaga aylantiradi. SHuning uchun har bir dizayner ishlayotgan sohasining o‘ziga xos xususiyatlarini bilishni talab etadi. Vaqt o‘tishi bilan dizaynerning mehnat mahsuli eskirishi, zamon talablaridan orqada qolishi tabiiy. Ular yanada takomillashadi, yangilanadi, zamonaviylashadi. San’at asari esa asrlar o‘tsada o‘z qadrini yo‘qotmaydi. Masalan buyuk rassom Behzod yoki Leonardo da Vinchi yaratgan suratlar oradan shuncha vaqt o‘tsada estetik mohiyati, qadrini yo‘qotgani yo‘q. Lekin o‘sha davrda yaratilgan narsa buyumlar bizni bugungi estetik ehtiyojimizni qondirmaydi. Bu san’at bilan dizaynning yana bir farqli jihatidir.
Umuman olganda dizayn va san’atning chegaralarini aniqlash juda mushkul. Ular estetik faoliyatning o‘ziga xos turlaridir. Agar ta’bir joiz bo‘lsa dizayn san’at emas san’atkorona yaratishdir. U fan-texnika taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lib ommaboplik, tirajlilik xususiyatiga ega. Ba’zilar dizaynni faqat mahsulotni sotilishini ta’minlash ya’ni tijoriy funksiyasini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Ammo dizayn ham ijodiy faoliyat bo‘lib, narsa va buyumlar o‘z shakli va mazmuni orqali mazkur jamiyatning estetik idealini namoyon etadi. U narsa va buyumlar olamini takomillashtirish, yangilash orqali jamiyatning insonparvarlik, farovonlik, bunyodkorlik g‘oyalari asosida taraqqiy etishiga hissa qo‘shadi. Bugun dizayn yo‘nalishlari kengayib, takomillashib bormoqda.
Turmushimizning barcha jabhalarida dizaynning ishtirokini sezish qiyin emas. U ham san’at kabi inson kamolotiga xizmat qiluvchi, uning manaviy ehtiyojlarini qondiruvchi, didini takomillashatiruvchi faoliyatdir. Dizayn diqqat markazida ham inson turadi. Inson hayotida esa moddiy, ma’naviy-ruhiy omillarning o‘rni muhim. Dizayn anashu ikki omilning muvofiqlashtirish uchun xizmat qiladi.
Barcha inson san’atkor bo‘lishi mumkin emas, ammo dizayner bo‘lishi mumkin. YA’ni dizaynerlik faoliyati ijtimoiy hayot ta’sirida orttirilishi mumkin. SHunday ekan insonning go‘zalllik yaratish qobiliyati nafaqat atrof-muhitni go‘zallashtirish, balki jamiyat estetik madaniyatini takomillashtirish va insoniyat ijtimoiy taraqqiyoti uchun ham muhimdir. CHunki estetik madaniyat har doim jamiyatning insonparvarlik, farovonlik tamoyillari asosda taraqqiyot etishiga xizmat qiladi. Dizayn esa insonning ana shu intilishlari va ehtiyojlarini yuzaga chiqaruvchi estetik faoliyatning muhim sohasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |