UCH O`G`IL
(ertak)
Ertaksevar bolalar uch o`g`il haqidagi bir necha ertaklar bilan yaxshi tanish. O`sha ertaklarda kenja o`g`il akalariga nisbatan donoligi, aqlliligi va mehnatsevarligi bilan ajralib turadi. Lekin bizning ertakdagi kenjatoy esa dangasa, qo`lidan hech bir ish kelmaydigan bola.
Shunday qilib, qadim zamonlarda bir bog`bon yashagan bo`lib, uning uchta o`g`li bor ekan. Ota farzandlarining aqlli, vatanparvar, mehnatsevar inson bo`lib kamol topishlarini xohlar ekan. Bog`bonning mevali bog`i, bedapoyasi bor ekan. Katta o`g`il tirishqoq, mehnatkash bo`lsa, ikkinchisi kuchli, baquvvat, har ishni qoyil qiladigan yigit bo`lib voyaga yetibdi. Ammo kenja o`g`il ishyoqmas, uyqudan bosh ko`tarmaydigan bola bo`lganligi uchun otasidan tinmay dakki eshitardi.
Oylar ketidan yillar o`tibdi. Bog`bon ham keksayib, kasallikka chalinib kuchdan qolibdi. Shunday kunlarning birida ota o`g`illarini yoniga chorlab shunday debdi:
— Hayotim davomchilari, umrim intihosida yiqqan-tergan boyliklarim, bog`-u rog`larimni sizlarga taqsimlab bersam deyman. Lekin avval har biringiz menga o`z hunar va qobiliyatingizni namoyish etishingiz kerak. Buning uchun sizlarga bir kun muhlat beraman.
Тo`ng`ich o`g`il o`ylab ko`rib, men o`t o`ra olaman, debdi. Ertasi kuni tong yorishmasdanoq bedapoyaga borib o`t o`rib, arqonga bog`lab otasining oldiga olib kelibdi.
O`rtancha o`g`il, men daraxtlarni yaxshi parvarishlayman, chirigan shoxlarini kesib o`tin qila olaman, deya tong sahardan bog` tomon yo`l olibdi. Keksaygan, meva tugishdan qolgan daraxtlarni ag`darib, o`tin qilibdi. Ot aravasiga yuklab otasi huzuriga keltiribdi.
Navbat uchinchi o`g`ilga yetibdi. Akalari allaqachon ishga kirishgan paytda u zo`rg`a uyqudan uyg`onibdi-da, nima ish qilsam ekan, deya bosh qotira boshlabdi. Yaxshisi men qo`shiq ayta qolaman, deb otasi yotgan uyning oldiga kelib baland va yoqimsiz ovozda qo`shiq aytishga tushibdi. Ammo u kuylagan qo`shiqlar hech kimga yoqmabdi. Shubhasiz, ming uringanim bilan qo`limdan boshqa ish kelmaydi, undan ko`ra yotib uxlayman, deya kun botguncha o`rindan turmabdi.
Тong ham otibdi. Ota o`g`illarini yana yoniga chaqirib:
— Har biringiz nimaga qodir ekanligingizni ko`rsatdingiz, — debdi. So`ng to`ng`ich o`g`liga yuzlanibdi: — Sen yaxshigina o`t o`rar ekansan, barcha o`tloqlar-u bedapoyalarni sening ixtiyoringga topshiraman. Sen esa daraxtlarni parvarishlashni, ortiqcha shoxlarni kesib, o`tin qilishni yaxshi uddalading, shu bois bog`-rog`larimni senga qoldiraman, — debdi o`rtancha o`g`liga mamnunlik bilan.
Va nihoyat kenja o`g`liga qarab shunday debdi:
— Sen meni juda ranjitding. Biron bir ish bilan mashg`ul bo`lmading, akalaringdek mehnat qilmading, ilm olishga ham qiziqmading, shuning uchun senga hech qanday mol-mulk qoldirmayman.
Vaqt-soati yetib keksa bog`bon vafot etibdi. Ikki katta o`g`il mehnatiga yarasha mukofot olishibdi. El-yurt ichida shu mehnatlari bilan hurmat-e'tibor qozonibdi. Тanballigi uchun hamma narsadan quruq qolgan kenja o`g`il esa keyinchalik uydan chiqib ketishga majbur bo`libdi. U hozir qayerda, nima ish bilan mashg`ul, biron narsaga erishdimi, yo`qmi, hech kim bilmas emish...
Xulosa qilsak;buvim ham,onam ham mehnat qilishdan qo’rqmaslik kerak deyishadi . Hamisha menga o’rgatishadi.
Xorazm viloyati Gurlan tumani 9 –UO’T maktabining 1 –sinf o’quvchisi Qadamboyeva Dilafruz
Do'stlaringiz bilan baham: |