ERTA TURMUSH QURISHNING SALBIY OQIBATLARI
Oila qurish inson hayotidagi eng mas’uliyatli ishlardandir. Mamlakatimizda oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, ayniqsa, yosh oilalarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Har bir oila mustahkam poydevorga ega bo‘lishiga erishish, jamiyatda har bir go‘dakning sog‘lom tug‘ilishi va yashab ketishini to‘la kafolatlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan, xalqimizning muqaddas urf-odatlari sayqal topadigan, kelajak avlod kamolotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘idir. Asosiy qonunimizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deya belgilab qo‘yilgan. Mazkur tamoyil asosida mamlakatimizda oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir. Afsuski, ayrim ota-onalar ko‘pincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida o‘ylamay, hali balog‘at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona bo‘lmasin, deb o‘g‘il uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni o‘n olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu ko‘p hollarda bo‘lg‘usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug‘ilajak farzandning sog‘lomligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Viloyatimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, tibbiy madaniyatni oshirish va yoshlarning nikohga oid tushunchalarini kengaytirish, qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotir, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy markazining Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Zulfiya Oxunova. – Afsuski, ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, reproduktiv salomatlik talablariga zid ravishda qizlarni barvaqt turmushga uzatish hollari kuzatilmoqda.
Har bir ota-ona o‘z farzandining baxtli bo‘lishini istaydi, albatta. Lekin qizimni tezroq turmushga bersam, xotirjam bo‘lardim, degan noto‘g‘ri qarash bilan qaysidir ma’noda o‘z halovatini o‘ylaydigan, farzandining o‘qishni davom ettirishi yoki egallagan kasbi bo‘yicha ishlashiga to‘sqinlik qiladigan ota-onalar ham yo‘q emas. Mana shunday ota-onalarga tushuntirish maqsadida barcha shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda mutaxassislar ishtirokida aholi vakillari bilan muntazam davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlarda qiz bolani barvaqt turmushga berish va erta farzand ko‘rish, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishning zarurligi borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan qizlarning 16-18 yoshlarda ona bo‘lishi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlangan. Ko‘p hollarda bunday yoshdagi qizlarning sog‘lom farzandni dunyoga keltirishida turli muammolar kelib chiqadi. Qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor bo‘lmasdan oila qurishi ko‘pincha tug‘ruq jarayonida o‘lim xavfi ortishiga sabab bo‘ladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda bo‘lajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.
Ayol qancha yosh bo‘lsa, homiladorlik davridayoq turli patologik, ekstragenital xastaliklar kuchayadi, yo‘ldosh yetishmovchiligi, suyaklar tizimida ro‘y beradigan o‘zgarishlarning salbiy oqibatlari ko‘p bo‘ladi, – deydi Farg‘ona shahridagi 5-oilaviy poliklinika akusher-ginekologi Nasiba Asqarova. – Erta homiladorlik ko‘pincha bola tushishi yoki o‘lik tug‘ilishi bilan tugaydi, bu holat homilaning nuqsonli rivojlanishi sababli ham ona, ham bola salomatligiga katta xavfdir. Bunday asoratlar keyingi homiladorlikning normal kechishi va tug‘ruqning tabiiy ravishda amalga oshishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois yosh turmush qurgan ayollarning farzandlari jarrohlik amaliyoti orqali dunyoga keltiriladi. Surunkali kislorod yetishmasligi tufayli ona qornida sust rivojlangan chaqaloqlarning vazni ancha kam bo‘ladi va, afsuski, ularning aksariyati ko‘p yashamaydi.
Bugungi kunda skrining tekshiruvlari natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelayotir. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar yetarli tibbiy bilim va tushunchaga ega bo‘lishi lozim. Ammo ayrimlar erta turmush, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini ko‘ra-bila turib, shoshma-shosharlik va o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. Natijada nosog‘lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o‘rtasida sovuqchilik paydo bo‘ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir o‘ylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi, kelin-kuyovlarning hayoti izdan chiqadi.
Ana shunday salbiy illatlarning oldini olish maqsadida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan sog‘liqni saqlash boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda “Sog‘lom oila”, “Sog‘lom turmush”, “Reproduktiv salomatlik”, “Bola parvarishi” kabi mavzularda davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun “Sog‘lom avlod asoslari”, “Salomatlik darslari” kabi fan mashg‘ulotlari tashkil etilayotir. Kollejlarda “Reproduktiv salomatlik va sog‘lom oilani shakllantirish”, “Oila va nikoh”, “Sog‘lom turmush tarzi va oila” darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari qoshida tashkil etilgan “Oila dorilfununi” mashg‘ulotlari sog‘lom oilani shakllantirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu mashg‘ulotlarda shifokorlar, huquqshunoslar, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Respublika salomatlik va tibbiy statistika instituti viloyat filiali vakillari yoshlarga nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tishning ahamiyati, qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning salbiy oqibatlari, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha zarur ma’lumotlarni bermoqdalar.
O‘n olti yoshli qiz hali oilaviy hayotga, ona bo‘lishga ham jismonan, ham ruhan tayyor bo‘lmaydi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi notariat advokatura va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari bo‘limi bosh maslahatchisi Himoyatxon Tojiboyeva. – Oila kodeksida qizlarning 17 yoshdan nikohdan o‘tish huquqi belgilab qo‘yilgan. Biroq hali qizi 15-16 yoshda ekaniga qaramay, uni tezroq turmushga berishga oshiqadigan ota-onalar ham uchrab turadi. Bunday hollarning oldini olish maqsadida “Oila dorilfununi” mashg‘ulotlarida, aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda qizlarning barvaqt turmushga chiqishi tufayli yuzaga keladigan muammolar tushuntirilmoqda. Qizlarning barvaqt turmush qurishi ko‘pincha ota-onalarning xohish-istagiga ko‘ra bo‘layotganini hisobga olib, bu masalada mahallalar rolini kuchaytirishga e’tibor qaratilayotir.
Tumanimizdagi 5 kasb-hunar kollejida “Yosh oila quruvchilar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Yozyovon tumani FHDYo bo‘limi mudiri Habiba Bozorova. – Joriy yilning o‘tgan davrida bu maktablar mashg‘ulotlariga 2 ming 500 nafar kollejlarning uchinchi bosqich o‘quvchilari jalb etildi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, qizlarni erta turmushga berishning oldini olish maqsadida xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan joylarda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay, nega yuqoridagi kabi holatlar hamon davom etmoqda?
Xalqimiz orasida qizlarning kattalar, ayniqsa, ota-ona ra’yiga qarshi bormasligi odatga aylangan, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Nilufar Karimova. – Ko‘pincha erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning qayd etilishiga ana shu holat sabab bo‘lmoqda. Buning oldini olish maqsadida maktab, kollej o‘quvchilari bilan erta turmushga chiqish va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari kabi mavzularda davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ochiq muloqotlar o‘tkazmoqdamiz.
Sog‘lom farzand sog‘lom onadan dunyoga keladi. Yoshlarda sog‘lom va ahil oila qurish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga intilishni rag‘batlantirishdek ezgu ishlar zamirida, avvalo, barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassamdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |