Erkin Vohidovni anglash yo`llarida
(esse)
Men o`shanda hali o`qish-yozishni bilmaydigan qizaloq edim… Qishlog`imizda chiroq kechalari deyarli bo`lmasdi. Televizordan kino yoki qiziq multfilm ko`rib yayraydigan opam, akamni bu holat juda xafa qilardi. Men esa ularning aksi bo`lgan holda chiroq o`chishini kutardim, ha, ishonasizmi, chindan, kutardim. Chunki bizning uyda men xohlagan narsa oqshom chiroq o`chgandagina bo`lishi mumkin edi. Ayam qorong`i uyda meni bag`riga bosib opamga she`r yodlatardi, bundan keyin esa har doim kichkinaligida yodlagan o`sha mashhur she’rni aytib berardi.
Ona Yerning otash qaridan
O`g`lim, degan nido keladi…
Yayrab eshitardim, besh yoshlik qalbim she’rdagi urush nima, qoraxat nima, anglolmagani aniq. Lekin ayamning ohangidanmi, akamning vahima bilan tinglashidanmi, har qalay, dardli she’r ekanini bilib tinglardim. Hali maktabga bormay turib yodlagan eng uzun she’rim mana shu bo`lgan…
Men o`shanda 5-sinfda o`qirdim… Adabiyot darsini jon-dili bilan yaxshi ko`radigan o`quvchi edim. Bolaligimda she’r tinglash uchun chiroq o’chishini kutsam, endi mana shu darsni kutadigan bo`lgandim. Darslik kitobimiz tugab qolay degan paytlar, har kuni kitobning oxiriga bir-bir qarab qo`yaman. Qachon kelar ekanmiz bu mavzuga deb toshiqib ketaman. Chunki aynan shu mavzuda muddatidan oldin she’rning hammasini aytib berib ustozni hayratga solishimni bilardim-da.
Vanihoyat, shu kun keldi. Men kutgan ovoz— “Bugungi mavzumiz—Erkin Vohidov”. Ustoz kim she’rni bilishini so`rasa-yu, turib aytib bersam. Yo`q, unday bo`lmadi, “Avval o`zim to`lig`ini o`qib beraman”,— dedi muloyimlik bilan adabiyot muallimam. Hech unday qilmasdi, ustoz ham mendek yaxshi ko`rarkan bu she`rni, o`yladim ichimda. Adabiyot muallimam ayamdan ancha shirali ovozda, mayin titroqda she’r o`qiy ketdi. Ichimda men ham qaytarib boryapman. Eng yoqtirgan satrlarimga kelsa, jilmayib qo`yaman. Ustoz hech yanglishmay, to`xtamay o`sha sehrli ovozda davom etadi.
Darsga kelmay qoldi tunov kun Tal’at,
Muallim urishsa, turaverdi jim.
Dadasidan kelgan ekan qoraxat,
Hammamiz yig`ladik, hatto muallim…
Shu payt arzimas narsaga ham ko`z yosh qiladigan partadosh dugonamning piq-piq yig`layotganini sezdim. Faqat bu galgi ko`z yoshlari haq edi. Uning bu galgi yig`lovi uchun hech kimda e’tiroz yo`q edi. Biz o`shanda 5-sinfda o`qir edik…
Adabiyot darsi keyinchalik deyarli har bir sinfda Erkin Vohidov nomi bilan bizni bog`layverdi, hayrat olamimizni kengaytiraverdi. Men esa shoir ijodiga bo`lgan har safarda ayamning chiroq yonishini kutib o`qib bergan qalb chirog`imni yoqqan she’rni, Tal’atgami yoki uning dadasigami, achinib yig`lagan partdosh qiz Nilufarni, o`sha kun ustozning tergovisiz ham jim bo`lgan sinfxonani yodga olaverdim.
Endi men universitet talabasiman. Adabiyot sohasida o`qib turib adabiyotni suymaslarga duch kelaman, she’rni yoqtirmaydigan, tushunmaydiganlarni uchrataman. Va menda, tabiiyki, savol paydo bo`ladi: ular ham 5-sinfda bolakayga qo`shilib tog`lar bag`ridan hayqirganmikin, Juman pochtachini kutganmikin, kelgan qoraxatdan keyin urushni bir qarg`ab qo`yganmikin?! Menga shu qiziq. Bu savolga hali javob topganimcha yo`q. lekin javob aniqdek. Mening bolajon dunyomga shamoldek kirib kelgan bu dostonni ular anglamagan. Anglaganida edi, adabiyotni sevmay yashab bo`lmasligini allaqachon tushunishgan bo`lardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |